NABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING HUSNI XULQLARI
104

﷽
Har bir musulmon bilib qo‘yishi lozim bo‘lgan haqiqatlardan biri shuki, kamolot sifatlari ila eng oliy darajada sifatlangan va xulqlangan banda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdirlar.
Shuning uchun ham musulmon kishi barcha himmatini ishga solib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning axloqlari bilan xulqlanishga harakat qilishi kerak.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam bandalikni joyiga qo‘yib, xulqlanishni a’lo darajada o‘zlarida jamlagan zotdirlar.
Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilsa, hech bir qiyinchiliksiz kamolotning cho‘qqisiga chiqishi mumkin. Ammo Alloh taoloni ko‘p zikr qilmasdan turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilish mumkin emas.
Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi:
لَّقَدۡ كَانَ لَكُمۡ فِي رَسُولِ ٱللَّهِ أُسۡوَةٌ حَسَنَةٞ لِّمَن كَانَ يَرۡجُواْ ٱللَّهَ وَٱلۡيَوۡمَ ٱلۡأٓخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا
«Batahqiq, sizlar uchun — Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko’p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi»
(Ahzob surasi, 21-oyat)
Mo‘min-musulmonlar uchun go‘zal o‘rnak manbai ularning mahbub Nabiylari Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Ul zot har bir narsada, har bir so‘zda, har bir ishda mo‘minlar uchun go‘zal o‘rnakdirlar.
Qani endi, hamma shu o‘rnakning mohiyatini tushunib yetsa! Rasulullohning go‘zal o‘rnak bo‘lgan gap-so‘zlari havodan olingan nutq emas, Allohdan qilingan vahiydir. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari Allohning amri bilandir.
Ana shunday gap-so‘z go‘zal o‘rnak bo‘lmay, qaysi gap-so‘z go‘zal o‘rnak bo‘lishi mumkin?!
Ana shunday ishlar go‘zal o‘rnak bo‘lmay, boshqa qaysi ishlar go‘zal o‘rnak bo‘lsin?!
Bu oyatda «Allohni ko‘p zikr qilganlar» deb ta’kidlanishidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, u zotning xulqlari bilan xulqlanish uchun ko‘p zikr qilish shart ekanini bilib olamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlanish uchun Qur’oni Karim hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va siyratlarini yaxshilab o‘zlashtirish kerak. Ul zotning xulqlari Qur’on edi.
Oysha onamizdan u kishining xulqlari haqida so’rashganda, «Xulqlari Qur’on edi», deb javob berganlar. Ya’ni Muhammad alayhissalom Qur’ondagi oliy xulqlar bilan xulqlanganlar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi barcha yaxshi odob-axloqni o‘zlariga singdirgan edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Men yaxshi xulqlarni tugal qilish uchun yuborilganman», dedilar».
Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha yaxshi xulqlar bilan xulqlangan va yomon xulqlardan yiroqda bo‘lgan zotdir. «Nazratun-na’iym fiy makorimi axloqi rasulil karim» ensiklopediyasining mualliflari Qur’oni Karim, Sunnat va siyratda ikki yuzta go‘zal axloq, bir yuz oltmish bitta yomon axloq zikr qilinganini topganlar va ularning har biriga alohida ma’lumotlar to‘plamini bag‘ishlaganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan doimiy ravishda o‘zlarini go‘zal odoblar va karamli xulqlar bilan ziynatlashini so‘rab yurar edilar. Ul zot duolarida: «Allohim! Mening xulqimni va xalqimni go‘zal qilgin», der edilar.
Shuningdek: «Allohim! Meni inkor qilingan axloqlardan chetda qilgin», der edilar. Alloh taolo u zotning duolarini qabul qildi.
Sa’d ibn Hishom ibn Omirdan rivoyat qilinadi:
«Oysha roziyallohu anhoning oldilariga kirdim va:
«Ey mo‘minlarning onasi! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari haqida xabar bering», dedim.
Bas, u kishi:
«Xulqlari Qur’on edi. Qur’on o‘qimaysanmi? Qur’on da Alloh azza va jallaning «Albatta, sen buyuk xulqdasan!» degan so‘zini o‘qimaysanmi?» dedilar.
«Men tarki dunyo qilishni istayman», dedim.
«Unday qilma! «Sizlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanganlar va bolalar orttirganlar», dedilar».
Ahmad rivoyat qilgan.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim orqali axloqiy ta’lim berganiga doyr namunalar bilan tanishib chiqaylik.
Alloh taolo A’rof surasida u zotga xitob qilib:
خُذِ ٱلۡعَفۡوَ وَأۡمُرۡ بِٱلۡعُرۡفِ وَأَعۡرِضۡ عَنِ ٱلۡجَٰهِلِينَ
«Kechirimli bo‘l, ma’rufga buyur va johillardan yuz o‘gir», degan
(A’rof surasi 199-oyat).
Ya’ni «O‘zaro muomala-munosabatda kechirimli bo‘l, oson yo‘lni tut. Odamlarga nisbatan o‘ta talabchan bo‘lma. Qilgan xatolarini afv etuvchi, kengbag‘irli bo‘l».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu sifatni muborak shaxslarida mujassam qilgan edilar. Ul zot haqlaridagi rivoyatlarda bu haqda kishini hayron qoldirarli darajadagi holatlar zikr etilgan.
A’rof surasi 199-oyat
«…ma’rufga buyur».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning da’vatlari yaxshilikka buyuradigan da’vatdir. Islom dinida yaxshilikka buyurish har bir musulmon er va muslima ayolga farz qilingandir.
«Johillardan yuz o‘gir».
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Islom musulmonlarni nodonlik va nodonlardan, ilmsizlik va ilmsizlardai yuz o‘girishga, har doim donolik va odolarga, ilmu ulamolarga yuz tutishga da’vat qiladi.
Alloh taolo yana bunday marhamat qiladi:
إِنَّ ٱللَّهَ يَأۡمُرُ بِٱلۡعَدۡلِ وَٱلۡإِحۡسَٰنِ وَإِيتَآيِٕ ذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَيَنۡهَىٰ عَنِ ٱلۡفَحۡشَآءِ وَٱلۡمُنكَرِ وَٱلۡبَغۡيِۚ يَعِظُكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَذَكَّرُونَ
“Albatta, Alloh adolatga, yaxshilik qilishga, yaqin qarindoshga(haqini) berishga amr etur va fahshdan, munkardan hamda tajovuzkorlikdan qaytarur. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslatma olsangiz”
(Nahl surasi, 90-oyat).
«Mufassirlar shohi» laqabini olgan Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u kishi: «Qur’ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo‘lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan», deganlar. Albatta, Alloh taolo:
«…adolatga…»amr etadi.
Alloh taolo buyurgan adolat islomiy mutlaq adolatdir. Bu adolatga ko‘ra, har bir shaxs, jamoa va har bir qavmga odilona muomalada bo‘linadi. Unda havoyi nafsga, do‘stlik yoki dushmanlikka, nasabga, qudachilik yoki qarindoshlikka, boylik yoki kambag‘allikka, kuchlilik yoki zaiflikka qarab muomala qilinmaydi.Hamma uchun o‘lchov bir xil.
«…yaxshilik qilish…»
«Yaxshilik qilish» xalqimiz orasida ko‘proq «ehson» deb yuritiladi. Islomda ehsonning eshigi keng ochilgan.Qat’iy adolat yuzasidan hukm chiqqandan so‘ng birov yaxshilik qilish niyatida o‘z haqqidan kechib, boshqaga berishi mumkin. Kimki yor-birodarlari yoki boshqa insonlarga yaxshilik qilsa, juda yaxshi, savoblari ko‘paytirib beriladi.
«… yaqin qarindoshga (haqini) berishga amr etur…»
Boshqalarga qilinadigan yaxshiliklar ichida ayniqsa qarindoshlarga yaxshilik qilish alohida o‘rin tutadi.Chunki ularning ham qarindoshlik, ham insonlik haqlari bor.
«…va fahshdan, munkardan hamda tajovuzkorlikdan qaytarur».
«Fahsh» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «haddan oshish»dir. Lekin urfda kishilar nomusiga taalluqli jinoyatlar tushuniladi.
«Munkar» deganda insonning sof tabiati inkor qiladigan ishlar ko‘zda tutiladi. Buni, albatta, shariat ham inkor etadi.
«Tajovuzkorlik» esa haqqa tajovuz qilish va adolatni buzishdir.
Shu narsalar ila «U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslatma olsangiz. Darhaqiqat, bular eslashga arzigulik va’z-nasihatdir.
Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi:
وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٖ
Albatta siz ulug’ Xulq ustidadirsiz. (Qalam surasi 4-oyat)
Bu oyati karima Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun katta bahodir. Alloh taolo u zotning xulqlarini ulug‘lik bilan sifatlamoqda.
Avval ham ta’kidlanganidek, Oisha onamizdan u kishining xulqlari haqida so‘rashganda, «Xulqlari Qur’on edi», deb javob berganlar. Ya’ni Muhammad alayhissalom Qur’ondagi oliy xulqlar bilan xulqlanganlar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi barcha yaxshi odob-axloqni o‘zlariga singdirganlar.
Umuman, odob, axloq, yaxshi xulqga Islomda katta e’tibor berilgan. Mazkur oyat ham shulardan biridir.
«Va albatta, sen buyuk xulqdasan», degan xitob bilan Alloh taolo mahbub Rasulining naqadar chiroyli axloq egasi ekanliklarini ta’kidlamokda.
Xullas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida har qancha gapirilsa oz. Mazkur oyatning o‘zi hamma narsadan, har qanday ta’rifdan ustundir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning O‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni barcha yaxshi axloqlar bilan ziynatlab, barcha yomon axloqlardan xoli qilgan.
Alimardon Karomatov
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi
