Tortishuv yechim emas
20Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi zamonda hamma ham o’z yumushlari, tashvishlari bilan banddek, odamlarning bir-birlari bilan ishlari yo’qdek go’yo. Farazan, bir baland binoning ustida turib yon-atrofga, ko’chalarga nazar tashlasangiz, hoh piyoda, hoh ulovlarda bo’lsin ne-ne manzillar tomon oshiqayotgan kishilarga ko’zingiz tushadi va yuqoridagi fikrimiz o’z tasdig’ini topadi.
Xo’sh, haqiqatdan ham holat biz tasavvur qilganimizdekmikan, odamlar bir-birlariga e’tiborsizmi?!
Hech e’tibor berganmisiz ko’cha-ko’yda shunchaki suhbatlashib turgan insonlardan tortib ishxonalardagi hamkasblargacha, turli xil ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlardan tortib bir dasturxonda yig’ilib turgan odamlar davrasigacha o’zaro qaysidir mavzuda qizg’in bahs-munozaralar olib borishadi. Ayniqsa, bu munozaralar ijtimoiy tarmoqlarda yana ham avj olgan. Turli xil mavzular haqida bo’layotgan bu bahslar jamiyatdagi mavjud muommolarni yechib berishda xizmat qilishi bor gap. Ammo, ba’zan shunday mavzularda tortishuvlar bo’ladiki, bu munozaralar haqorat, so’kinish hattoki millatchilig-u, tarafkashlikka aylanib ketadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarga nazar tashlasangiz, kim haqida gap ketishi va qaysi mavzu bo’lishidan qat’iy nazar hohlagan kishi shu mavzu bo’yicha ilmi bormi yo’qmi farqi yo’q, o’z fikrini izhor etmoqda. Mashhur siyosatchilardan tortib to sportchilargacha, taniqli san’atkorlardan tortib aholining oddiy vakiligacha shu izohlardagi asosiy mavzuga aylanib qolishi hech gap bo’lmay qoldi. Ayniqsa, diniy ulamolarga nisbatan shunday gaplar yoziladiki, o’qigan odamning ta’bi xiralashib, “Nahotki odamlar o’zlari bilan birga ibodat qiladigan, balki, ortdan turib namoz o’qiydigan imomlarga nisbatan har-xil qabih fikrlarga egamikin?”-deya o’ylanib qoladi. Taassufki, gohida vaziyat shu darajaga yetib bormoqdaki, o’zlarini musulmon sanaydigan ikki taraf, bir-birlarini ikkilanmasdan kofirga chiqarmoqdalar.
Asl mohiyatni surushtiradigan bo’lsangiz, arzimagan holat-sababdan kelib chiqgan munozaralar yakunda, yuqorida biz zikr qilgan holatlarga aylanib ketganiga guvoh bo’lsiz.
Bu holatlarga yechim sifatida suyukli Payg’ambarimiz (S.A.V)ning siyratlarini diqqat bilan o’rganadigan bo’lsak, bunday holatlarga va jamiyatimizda uchrab turadigan boshqa ko’pgina muommolarga yechim topamiz. Islom dinichalik kim bo’lishidan qat’iy nazar kishining obro’sini himoya qiladigan boshqa din bo’lmasa kerak. Hoh u musulmon bo’lsin, hoh boshqa din vakili, islom uning obro’si nohaq to’kilishiga aslo izn bermaydi. Shunday ekan qanday qilib bir kishini osonlikcha tahqirlanishiga, jamiyatda obro’sizlantirilib, hatto kofirga chiqarilishiga jim qarab turish mumkin. Abdulloh ibn Amr (r.a)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rosululloh (s.a.v): “Haqiqiy musulmon- musulmonlar unin tilidan va qo’lidan omonda bo’lgan kishidir…” deya marhamat qiladilar. Bu muborak hadisning ma’nosidan kishilar o’zgalarga nisbatan tili va qo’llarini tiyib yurishlari lozim ekanligi ma’lum bo’lyapti. Yuqorida biz zikr qilgan kishilar shu birgina hadisning ma’nosini o’ylab ko’rsalar edi, qilayotgan ishlari ham tili bilan, ham qo’li bilan kishilarga ozor ekanligini anglashar edi. Boshqa bir rivoyatda esa Payg’ambarimiz(s.a.v) sahobalarining bir mavu borasida tortishib turganlarini ko’rib jahllari chiqganligi, ularni bu ishdan qaytarganlarini ko’rishimiz mumkin. Rosululloh (s.a.v) risolatni insonlarga yetkazish chog’ida u Zot(s.av)ga dushmanchilik qilib turgan kishilar bilan ham chiroyli tarzda bahs- munozara qilar edi. Ular Payg’ambarimiz(s.a.v)ni haqorat qilib, tuhmatlar qilganda ham ular bilan tenglashib, so’kishib yurmas, o’z obro’siga munosib bo’lmagan ishlarni aslo qilmas edi. Umuman olganda Nabiy (s.av) boshqa ishlarda ham barcha uchun birdek ibrat bo’ladigan kishi edi. Bugungi jamiyatimizning har qanday vakili irqi, dini, millati qandayligidan qat’iy nazar u kishining siyratlarini xolis o’rganishganida edi, o’zlari uchun katta bir tarbiya maktabiga ega bo’lgan bo’lar edi. Chunki Sarvari koinot (s.a.v) shunday bir jamiyat barpo etib ketgan ediki, u jamiyatda yashagan, bir paytlar sahroyi arablar deya past nazar bilan qaralgan sahobalarning Payg’ambarimizdan o’rgangan go’zal xulqlarini bugun butun dunyo hayrat ila eslamoqda. Bizning ham maqsadimiz jamiyatimizdagi ayrim kamchiliklarga siz azizlarning e’tiboringizni qaratib, bu kamchiliklarga muolaja sifatida Rosululloh (s.a.v)ning butun boshli hayot yo’llarini o’rganishga targ’ib qilishdan iborat.
Zero siyratni yaxshi bilish musulmonlar jamiyati uchun asosiy vazifa bo’lsa, boshqa xalqlar uchun ham bir komil insonning tarixini o’rganish sharafli ishdir.
4-a kurs talabasi Akramov Yoqubxon
