Haddan oshish islom dini ta’limotiga zid

44

Islom – mo’tadil din. Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Ishlarning yaxshisi o’rtachasidir”, deb ta’kidlaganlar. Demak, har bir ishda, hatto e’tiqod masalalarida ham mo’tadillik tamoyillariga rioya etish islomning asosini tashkil etadi. Dinimizga xos bunday mo’tadillik ijtimoiy hayotning turli sohalarida musulmonlar amal qiladigan an’analarda ham aks etadi. Ammo bugungi kunda dindagi biror amal yoki tushuncha mazmuni talqin qilishda me’yorni buzish haddan oshishdek holatlar ham uchramoqda.

Haddan oshishlik diniy savodning to’g’ri tashkil etilmagani yoki e’tiqod borasida noto’g’ri xulosalar chiqarilgani bilan bog’liq bo’ladi. Ma’lumki, dinda haddan oshishlik “g’uluv”deb ataladi. Hadislarda ta’kidlanishicha, diniy masalalarda haddan oshgan qavmlarning aksariyati Allohning g’azabiga uchrab, halok bo’lishgan. Shunday bo’lsa-da, bugungi kunda ham islom dini haqida yetarlicha ilmi bo’lmasdan Qur’onni o’zicha anglash, hadislarni o’z bilganicha  talqin etish, mazhablarni tan olmaslik, tasavvufni shariatsiz tasavvur qilish, o’zi qo’l bergan pirga ko’r-ko’rona ergashish, hatto, unga sig’inish darajasida e’tiqod qilish kabi shakllarda g’uluvga ketish hollari mavjudligini qayd etish lozim.

Zamonaviy voqelik turli mutassib va ekstremistik oqimlar g’uluvni o’z maqsadlariga erishish vositasiga aylantirib olganlarini ham ko’rsatmoqda. Jumladan, ko’plab diniy-ekstremistik harakatlar islom xalifaligini tiklashni o’zlarining pirovard maqsadlari, deb e’lon qilgan. Rasululloh  (s.a.v.) “Mendan keyin xalifalik 30 yildir” deganlarini hamda buyuk musulmon ulamolari tomonidan xalifalik shartlari masalasi  nechog’lik mukammal chiqilganini inobatga oladigan bo’lsak, ular mazkur masalada qanchalik chuqur g’uluvga ketayotganlarini anglash qiyin emas.

Haddan oshishning islom dini ta’limotiga zid ekani Qur’on oyatlari, hadislar va ulamolarning fikrlarida mufassal bayon qilingan.

 

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تُحَرِّمُواْ طَيِّبَاتِ مَا أَحَلَّ اللّهُ لَكُمْ وَلاَ تَعْتَدُواْ إِنَّ اللّهَ لاَ يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

 “Ey, iymon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo’ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (Moida, 87).

لاَ نُكَلِّفُ نَفْسًا إِلاَّ وُسْعَهَا 

 “… Hech bir jonni toqatidan tashqarisiga taklif (amr) qilmaymiz” (An’om, 152).

Islom dini kishilarga og’irlik bo’lishini, ularga toqatlaridan (qurbudan) tashqari taklif (ish va amal)lar yuklatilishini xohlamaydi. Islomning musulmon jamiyati a’zolariga yuklagan takliflarida hech qiyinchilik yo’q. Ularning barchasi Allohga ibodat bo’lsa ham, aslida musulmonning o’z shaxsiga, oilasiga, jamiyatiga va butun insoniyatga foyda keltiradigan ishlardir.

Alimardon Karomatov

 “Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi