SIYRAT ILMINING VUJUDGA KELISHI
67

﷽
وَمَآ أَرۡسَلۡنَٰكَ إِلَّا رَحۡمَةٗ لِّلۡعَٰلَمِينَ
(Ey Muhammad), darhaqiqat Biz sizni barcha olamlarga faqat rahmat (ya’ni Allohning rahmati-jannatiga yetaklaguvchi) qilib yubordik. (Anbiyo surasi 107-oyat)
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni payg’ambar qilib yuborishidan asosiy maqsadi olamlarga faqat rahmat bo’lishlari uchundir. Alloh taolo Odam Atodan boshlab bandalariga ular bir ummat, bir din bo’lishlari uchun yuborib kelayotgan Payg’ambarlar silsilasini Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamni insoniyat jaholatga botgan bir paytida barkamol Islom ila barcha olamlarga rahmat qilib yubordi. Butun olamlarga mehr-muhabbat, rahm-shafqat ulardan balqib turgani Siyratlarini o’rganib, uni hayotiga tadbiq qilgan inson ham U zoti muborakni sevib ko’rishga mushtoq bo’lib qolish muqarrardir.
Alloh taolo O’z payg’ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Sizni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”, deyapti. Bu ilohiy xitob, tengi yo’q e’lonning Qiyomatga qadar barcha zamon va makonlarda tilovat qilinadigan hush xabar hisoblanadi.
Chunki U zoti muborak butun olamlarga Payg’ambar qilib yuborildilar. Alloh taolo avvalgi payg’ambarlardek xoslamadi, bu ham U zotning butun olamlarga rahmat ekanlarini bildiradi.
Alloh taolo Odam atodan boshlab kelayotgan Payg’ambarlar silsilasini Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamda tugatdi. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni insoniyat o’sib ulg’ayib kamolga yetgan paytida mukammal va barkamol Islom ila yubordi. Alloh taolo taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni barcha olamlarga rahmat ila yubordi. U zot sollallohu alayhi vasallam keltirgan din, Qur’on, ta’limotlar barcha olamlarga rahmat-shafqatdir.
Asri saodat vakillari Payg’ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning talabalari bo’lgan sahobalar Payg’ambarimizning siyratlari va suvratlari haqidagi ma’lumotlarni keyingi davr tobienlariga sodiqlik ila yetkazdilar. Bu vazifani esa tobienlar ham omonatdorlik bilan keyingi ulamolar taba tobeinlarga talim o’laroq yetkazdilar. Shunday qilib siyrat haqidagi ilmlar avloddan-avlodga omonatdorlik ila yetib kelaverdi. Davr o’tishi, insonlar almashinuvi bilan, bazi ilmlarda o’zgarishlar, yangilanish bo’lishi bilan, bazi ma’lumotlarning o’zgarib turishi tarixning qonuniyatidir. Ammo bu dunyoda o’zgarmas va hech shubha aralashmagan ilmlar ham bor. Bu ilmning asosi avvalo Alloh taoloning muqaddas Kalomi Qur’oni Karim bo’lsa, ikkinchi o’rinda Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan Hadislar turadi.
Bu ikki manbadan so’ng Payg’ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning hayot yo’llari, siyrat-u shamoyillari haqidagi ilm Islom manbaashunosligi va Islom dinining asosiy ilmdir. Chunki bu ilm shariati Islomiya asoschisining hayot yo’llarini o’rganuvchi ilmdir.
Bu ilmlarning o’zgarmasligiga sabab misli ko’rilmagan darajada ehtiyotkorlik va omonatdorlik musulmon olimlarining asosiy maqsadi bo’lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayot yo’llarini o’rganuvchi ilm boshqa bo’lsa, U zotning so’zlarining o’rganuvchi ilm boshqa bir yo’nalishda to qiyomatgacha davom etadi. Siyrat ilmi-Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini yoritib beruvchi muhim sohadir. Siyrat dastlabki davrda hadislarning bir bo’lagi bo’lgan.
Hijriy 2-3-asrlardan boshlab muhaddislarning orasida ham siyrat ilmiga e’tibor berish boshlandi shundan so’ng bu soha alohida ilm sifatida shakllandi. Bu ilm Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning hayot yo’llari, faoliyatlari, Islom dinini tarqatish yo’lida olib borgan sa’y-harakatlaridan tortib, turmush tarzlarigacha bo’lgan barcha mavzularni o’zida qamrab olgan alohida soha bo’lib vujudga keldi.
Ibn Hishom aslida Ibn Is’hoqning kitobini tartibga solgan va ustozidan ham ko’proq shuxrat qozongan. Bugungi kunga kelib eng mashxur siyrat ulamolarining avvalida Ibn Is’hoq va Ibn Hishom rahmatullohu alayhlar turishadi. Keyingi davr ulamolarining barcha asarlarida u zotlarning o’rni beqiyosdir.
Dastlabki davrda siyrat asarlari to’liq va roviylari bilan yozilgan bo’lsa, keyinchalik esa o’quvchilarga osonlik bo’lishi uchun roviylar silsilasini to’liq zikr qilinmaydigan bo’lib muxtasar kitoblar yozila boshlangan. Bu muxtasar siyrat kitoblari –“Mavlid” deb atalgan. Aksar mavlid asarlari nazmiy yo’nalishda yozilgan bo’lsada maqsad qanday qilib bo’lsa ham siyratni, mahbubimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini ommaga yetkazish va o’rgatish bo’lgan.
Yangi davr ilmiy izlanishlari bilan ulamolar yangi yo’nalishdagi asarlar yoza boshlashdi. Bu yo’nalishdagi asarlar siyrat bobidagi “Fiqhus siyra” nomi bilan davom etib bormoqda. Bunday asarlarda siyratga tegishli ma’lumotlarni chuqur tahlil qilib, ulardan kelib chiqadigan hukmlar va hikmatlarga alohida e’tibor beriladi. Bugungi kungacha siyrat ilmi bardavom holatda shakllanib, ulamolar tarifidan omonatdorlik ila avloddan avlodga yetib kelmoqda.
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi Alimardon Karomatov
