O’qish bilim kalitlaridan bir kalit hisoblanib, u jamiyatning rivojlanish sabablarining muhimlaridan sanaladi. O’qish orqali salaf-solihlar va asrdosh olimlar hayotidan xabardor bo’linadi.

Alloh taolo tarafidan Payg’ambar ﷺga amr qilingan ilk ish ham o’qishga qilingan targ’ibdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Yaratgan Robbing nomi ila o’qi” (Alaq surasi 1-oyat). Ushbu oyatda ta’lim olishga va o’qishga buyruq bor. Buyuk tarbiyachilar ham yosh bolalarni yoshlik vaqtlaridan o’qishni o’rgatishga e’tibor qaratganlar. Yosh bolalarda o’qish odati bir necha bosqichlarni bosib o’tadi. Ular:

  1. Qo’l bilan ushlash bosqichi: Bir yoshga to’lgan bola kitob va qog’ozlarni ushlay boshlaydi. Bu bilan kitobga e’tiborini namoyon etadi. Uni olib og’ziga soladi hamda varoqlarni uzib olib, yirtadi. Bola ushbu tajribani kasb etishi uchun uning oldiga turli eski keraksiz jo’rnal varoqlarini qo’yishimiz mumkin. So’ngra bola o’n besh oylik bo’lganida, suratlarga ishora qila boshlaydi. Demak, shu vaqtda bolada surat va kitoblarga kuchli qiziqish paydo bo’ladi. Ona esa bu bosqichda asosiy ro’l o’ynaydi. Ya’ni, kitob sahifalarini varoqlab turadi, bola esa tomosha qilib turadi.
  2. Narsalarni ismini aytish bosqichi: Bu bosqich o’n sakkiz oylikka yetganida ro’y bera boshlaydi. Bunda bola suratlarda ko’rgan narsalarning so’zini ishlatishni boshlaydi. Bu esa uning lug’at natijasini oshishiga yordam beradi. Chunki, endi u rasmlarga ishora qilib, ularning nomini “bu tuya, bu mashina” deya ayta boshlaydi va bilmasa onasidan “bu nima?” deb so’raydi.
  3. Kichik-kichik qissalarni eshitishni xohlash bosqichi bola to’liq ikki yoshga yetganida boshlanadi. Bu yoshda bola kitobga qarash amaliyotini “o’qish” deb nomlaydi. Shu bilan birga kitobdagi har bir surat haqida bir qissa eshitishni yaxshi ko’radi. Demak, bola bu yoshda harflarni idrok etishni boshlaydi.
  4. Ikki yarim uch yoshdan keyin esa, ma’nolar haqida bahs qilishni boshlash bosqichi keladi. Bu yoshda bola uchun suratlar haqiqiy narsadek ko’rinadi. Qo’lini o‘sha rasmdagi narsani olish uchun cho’zadi. Undagi yosh bolalarni o’pib ham qo’yadi.
  5. To’rt yoshdan o’tgach esa suratlarni tafsir etish va unga qo’shimchlar qilishni boshlaydi. Ya’ni, rasmlarga qarab undagi holatlarga izoh bera olish bosqichi bo’ladi.
  6. Besh yoshga yetganida esa matn va suratlar o’rtasidagi aloqalarni tushunish bosqichi bo’ladi. Bola bu yoshda boshqa kishi bilan suhbatlashish mazasini his qiladi va uning ijtimoiy mahorati oshadi. Bu bosqichda bola kulguli har qanday narsadan ayniqsa, qiziqarli suratlardan zavq oladi.
  7. Olti yoshga to’lgach esa, o’qish uchun asosiy odatlarni kasb etish bosqichi boshlanadi. Bunda bola g’oyalar ishlatish mashg’ulotlariga qodir bo’ladi. Shuning uchun ham ushbu yoshda maktabga kirishga tayyor bo’lib qoladi. Ya’ni, o’zining aql-zakovati shakklanadi, har bir narsani tushuna oladi.
  8. Diqqat-e’tibor qaratish va atrof muhitni anglashga qudrati oshish bosqichi bo’lib, bu yetti yoshda boshlanishi hatto, bu o’n uch yoshgacha ham davom etishi mumkin. Bu yoshda bola ko’z o’ngidagi voqealar ortidagi narsalarni bilishni xohlaydi. Hayollar olamiga o’tadi. Lekin u qissalarni ba’zisini ba’zisidan va hayoliy hamda hayoldan tashqari (haqiqiy) voqealar orasini ajrata oladi. Demak, bola bu yoshda, bu narsa hayoliy va bunisi esa haqiqiy deya oladi.
  9. Hayoldan voqelikka o’tish bosqichi esa to’qqiz yoshda boshlanadi. Bolalar bu yoshda mashhurlar va bolalar hayotini o’z ichiga olgan qissalarni o’qishni yoqtiradi.
  10. O’n yoshdan o’n bir yoshgacha esa hayoliy qissalardan ta’sirlanish bosqichi bo’ladi. Shuning uchun bu yoshdagi bolalarni qahramon va fantastikachilardan ajablanayotganlari va ularga taqlid qilshga harakat qilayotganlarini ko’ramiz. Qizlar esa sayohat qissalari va boshqa shaharlar odatiga aloqadar narsalarga e’tiborli bo’ladilar. Shuning uchun har ushbu bosqichda bolalar uchun o’zimizning milliyligimiz va axloqimizga zid bo’lmagan qissalarni tanlab o’qitishimiz zarur.

Yuqoridagi bosqichlar har bir bolada sodir bo’ladigan holatlar bo’lib, o’sha holatlarga ota-ona diqqat-e’tiborlarini qaratishlari va ularga to’g’ri yo’lni ko’rsatishda o’rnak va namuna bo’lishlari kerak. Ularni o’z holiga tashlab qo’yilsa, yoki o’zlari tarbiyaga muhtoj tarbiyachilarga topshirib qo’yilsa, bola tarbiyasini ommaviy madaniylashib ketishiga sababchi bo’ladilar. Ya’ni, sof tarbiyani qo’ldan boy beradilar.

Bugungi kunda bola tarbiyasiga e’tibor kamayib ketganidan, yosh farzandlar boshqa yurt madaniyatiga taqlid qilishni o’zlariga “madaniyat” deb bilmoqdalar. Ota-onaning qadri qanday, ustozning o’rni va unga hurmat qay darajada bo’lishini esa, hayollariga ham keltirmayaptilar. Buning sababi ota-ona avvaldan bularning qadrini o’rgatmagani, farzand oldida uning ustoziga dakki berishlari yoki turli milliylikka zid, ko’rsatuvlardan bo’shamasliklari, yosh farzand qo’lidan telefon tushmasligi bo’lsa ajab emas.

Agar har bir tarbiyachi avvalo o’zi go’zal tarbiyali va ibo-hayoliy bo’lsa, hamda kelachak avlodga har bir jabhada o’rnak-namuna bo’lishga intilsa, kelajak yosh avloddan yaxshilik kutish mumkin. Aks holda, o’z milliyligimizni qo’ldan boy berishimiz va ota-bobolarimiz g’ururi hamda momolarimiz ibosini yoddan chiqaramiz. Natijada bizning madaniyatimizga yod bo’lgan “madaniyat”larga taqlid qilishni o’zlariga ep ko’ruvchi yoshlar ko’payib ketadi. Har bir ishida begona millatga ergashishga odatlanib qoladi, bu esa o’z tarixini unutishga olib keladi. Shuning uchun yoshlar tarbiyasiga e’tiborli bo’lish, har bir shu yurtda yashayotgan ota-ona va tarbiyachilarga zarur va o’ta muhim sanaladi.

S. Muhibullayev “Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi о’qituvchisi