USTOZ VA MURABBIYLARNI QADRLASH VA EHTIROM QILISH  VOJIBDIR

198

Ilm ahlini Alloh taolo Qur’oni karimning madh etib, shunday  marhamat qilgan:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

ya’ni: “… Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” degan bo‘lsa, “Zumar” surasida shunday deydi: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” (Mujodala surasi 11-oyat).

Yosh avlodni teran bilimli va yetuk mutaxassis bo’lib yetishishida ustoz va murabbiylarning xizmatlari ulkan. Dinimiz bizlarga o’zimizning o’qituvchilarimiz va ustozlarimizga qanday  munosabatda bo’lishimiz, ilm ahlining hurmatini qanday joyiga qo’yishimiz kerakligini o’rgatadi. Ming afsuslar bo’lsinki bugungi kunda kelib, musulmon bo’lib yoki musulmonlarning farzandi bo’la turib, o’zlarimizning ustozlarimiz, muallimlarimizga nisbatan hurmatimiz, muomalamiz tamoman yuz tuban bo’lib, jaholatga qarab ketmoqda. Hattoki ayrim ota-onalar o’zlarining shirindan shakar farzandlarinining gapiga quloq solib, ilm nurini tarqatadigan ustozlarini, bilimsizlik botqog’idan qutqarib ilmli, dono, yetuk bir inson bo’lishligiga o’zining ulkan hissasini ayamagan, o’z ilmini qizg’anmagan aziz muallimlarini gohida bilar-bilmasdan ko’ngillarini og’ritib ketadilar

Ulug’ sahoba Ali roziyallohu anhu shunday deganlar: “Menga bir dona harf o’rgatgan kishining quliman. Xohlasa meni sotsin, xohlasa meni qul qilib ishlatsin”.

Ustozlarni qadrlash haqida so‘z ketganda, beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning quyidagi so‘zlari o‘qituvchilarning fazilati uchun yetarli hisoblanadi:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالْأَرَضِينَ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتَ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ

ya’ni: “Albatta, Alloh taolo, farishtalar, osmonlar va yerlardagi zotlar, hatto inidagi chumolilar va (suvdagi) baliqlar ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi kishilarga rahmat yo‘llaydi va istig‘for aytadi”  (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, jamiyatda muhim o‘rin tutgan, mashaqqatli kasb egalarining mas’uliyatlari qanchalik katta bo‘lsa, ularning hurmatlarini saqlash ham xalqqa shunchalik burch bo‘ladi.

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar va odamlarga foydali ilmlarni ta’lim beruvchi muallimlarning Alloh taolo huzurida sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksakdir.

Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Zamonaviy bilimlardan dars beruvchi ustozlar ham yaxshi niyatlari sabab ajru savobga erishadilar.

Ulamo va ustoz murabbiylarni qadrlash va ehtirom qilish shar’an vojib amallardandir. Zero ular o‘tgan ulug‘ zotlar va olimlarning merosxo‘rlaridir. O‘tgan olimlar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar.

Ma’lumki, ulug’ ustozlar hamma narsadan ilmu-ma’rifatni afzal bilishgan va butun hayotlarini ilmga, shogirdlariga ta’lim berishga bag’ishlashgan. Shuning uchun ilm o’rganuvchi talabadan ustozini e`zozlash talab etiladi. Ustozga mehr qo’ymagan uni hurmatini joyiga qo’ymagan shogirdni ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o’z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta’lim oluvchi shogird ham o’zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e`zozlab-hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak.

Alloh taolo barchamizni bilganlarimizga amal qilishga, aziz ustozlarning bilim-ma’rifatlaridan doimo bahramand bo’lib borishga nasib aylab, barcha ustozu va murabbiylarni o’zining hifzu-himoyasida asrasin amin.

 

O.Omonov
“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi
o’qituvchisi