IMOM MUSLIM ROHMATULLOHI ALAYHINING HAYOTLARI VA ILMIY MEROSLARI

243

Ismi va nasabi. Imom Muslimning to’liq ismi: Muslim ibn Hajjoj ibn Muslim ibn Vard ibn Kuvshoz al-Qushayriy an-Naysoburiy. Kunyasi Abu Husayn. Imom Muslimning “Qushayriy” nisbati haqida turlicha talqinlar mavjud. Bu nisbat bevosita imomning o’ziga tegishlimi yoki uning ajdodlarini qullikdan ozod qilgan yoxud ittifoqdosh mavlolarigami, degan savolga ikki xil javob berilgan. Imom Ibn Saloh bu nisbat uning o’ziga tegishli ekanini ta’kidlasa, bir qator muhaddis va muarrixlarning fikricha, Qushayriy nisbati imom Muslimning mavlolariga tegishli bo’lib, shuning uchun uni ham Qushayriy deyishgan. Imom Muslim rahmatullohi alayh arablar naslidan bo’lib, Qushayr arablarning ma’lum va mashhur qabilasidir. Qabilaning nasabi Qushayr ibn Ka’b ibn Rabi’a ibn Omir ibn Sa’sa’adan boshlanadi. Imom Navaviy rahmatullohi alayh imom Muslim haqida shunday deydi: “U kishi nasabda Qushayriy, vataniga ko’ra Naysoburiy, asl kelib chiqishi arablardan, hadis imida imomlarning eng ulug’ namoyandalaridandir”. Ibn Saloh aytadi: “U kishining nasabi Qushayriy, vatani Naysobur, asl kelib chiqishi arab, Xurosonning ahli hadislaridandir”.

Vatani. Muslim ibn Hajjoj rahmatullohi alayh Naysoburning Zamjor qishlog’ida dunyoga kelgan. Naysobur Xurosonning eng katta, mashhur shaharlaridan, imiy markazlaridan biri hisoblangan. U yerdan ko’plab yetuk ulamolar, peshvolar yetishib chiqqan. Bu o’lka muhaddislari hadis imida sanadlarining oliyligi bilan shuhrat qozongan. Shuning uchun imom Zahabiy ushbu shaharni “sunnat diyori” deb tasvirlaydi. Imom Abu Hasan Abdug’affor Forisiy o’zining Naysoburdan yetishib chiqqan ulamolar haqidagi “Al-Muntahab minas-siyaqi li tarixi Naysobur” nomli kitobida 1678 nafar olimning tarjimai holini zikr qilgan. Yoqut Hamaviy bu shaharni “Fuzalolar koni, ulamolar bulog’i” deb atagan.

Tavalludi. Tarixchi olimlar imom Muslimning vafot sanasini bir xil ko’rsatgan bo’lsalar-da, tavallud yili haqida turlicha fikr bildirishgan. Shuning uchun ham Ibn Xallikon: “Imom Muslimning tavallud sanasini aniq aytgan birorta hofizni ko’rmadim”, degan. Bu boradagi fikrlardan asosan to’rtta taxmin kelib chiqadi:

  1. 201/816 yil. Imom Zahabiyning “Al-Ibar”dagi so’ziga ko’ra, imom Muslim shu sanada tug’ilgani kelib chiqadi, chunki u mazkur asarida imom Muslimning oltmish yoshda vafot etganini aytadi. Ibn Imod Hanbaliy imom Zahabiyning ushbu so’zini naql qilib, uni tasdiqlagan.
  2. 202/817 yil. Buni Brokkel’man va Sezginlar zikr qilishgan. Ular: “Imom Muslim hijiy 202 sanada, yana bir fikrga ko’ra esa 206 sanada tug’ilgan”, deyishadi.
  3. 204/819 yil. Imom Zahabiyning so’zlari ichida ushbu sana ham zikr qilingan. Ibn Kasir, Ibn Hajar va Suyutiylar imom Muslimning shu sanada tug’ilganini qatiylik bilan aytishgan va bunga dalil sifatida: “Chunki hijriy 205 sanada Muslim bir yoshda bo’lgan”, deyishgan. Ko’pchilik bu fikrni “Mashhur gap shu”, “Bu e’tirof etilgan so’zdir”, desa-da, muhaqqiq ulamolar uni kuchsiz gap, deyishadi.

4.206/821 yil. Buni imom Hokim aytgan va ustozi Ibn Axramdan shunday eshitganini bayon qilgan: “Muslim ibn Hajjoj rahmatullohi alayh hijriy 261 sanada, rajab oyidan besh kun qolganda, dushanba kuni kechki payt vafot etdi va seshanba kuni dafn qilindi. O’shanda u 55 yoshda edi”.

Yuqorida aytilganidek, imom Muslimning hijriy 261 sanada vafot etganiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Tadqiqotchi olimlar imom Hokimning mazkur gapini bu boradagi eng ishonchli fikr deyishgan. Jumladan, hadis ilmi imomlaridan Ibn Saloh Muslimning vafot sanasini ayta turib, “Biroq Muslimning tavallud sanasi va necha yil umr ko’rganini ko’pchilik tadqiqotchilar aniqlay olmagan. Allohga hamd bo’lsinki, biz buni aniqladik. Hofiz Abu Abdulloh Hokim ibn Bayyi’ “Al-Muzakkuuna li ruvaatil-axbar” nomli kitobida Hofiz Abu Abdulloh ibn Axramning shunday deganini eshitgan ekan” deb, yuqoridagi matinni keltiradi va: “Bu Imom Muslimning tavallud sanasi hijriy 206 sanaga to’g’ri kelishini bildiradi. Vallohu a’lam”, deydi.

Shayx Mashhurning nazdida ham shu fikr to’g’riroq. Ibn Hajar Asqaloniy ham o’zining “Muqaddima”sida: “Eng sahihi shudir”, deb 206 yilni ko’rsatgan. Toshko’priyzoda: “Sahih gap shuki, Muslim hijriy 206 sanada tug’ilgan”, deydi. Imom Navaviy ham mana shu fikrni quvvatlagan. Xulosa qilib aytganda, eng to’g’ri fikrga ko’ra, imom Muslim 206/821 sanada Naysoburda tug’ilgan.

Shamoili. Imom Muslim rahmatullohi alayh ham jismonan, ham ma’nan yetuk inson bo‘lgan. Soch-soqoli oppoq, ochiq chehrali, nuroniy, ko‘rkam, kelishgan, viqorli, salobatli kishi edi. Hamisha egnida chiroyli rido, boshida salla bo‘lar, sallaning pechini ikki kuragining orasiga tashlab yurardi.

Imom Hokim aytadi: “Otamning shunday deganini eshitdim: “Muslim ibn Hajjojning Xon Mahmishda hadis aytayotganini ko‘rdim. Tik qomatli, soch-soqoli oppoq odam ekan. Sallasining pechini ikki kuragining orasiga tushirib olgan edi”.

Najmiddin Tufiy rahmatullohi alayh “Sharhul arba’in”da Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Muhaddislarning ikki imomi” deyilishining sababini ayta turib, jumladan, shunday deydi: “Bu ularning o‘ta parhezkor, zohid bo‘lganlari, sahih hadislarni ajratishda ko‘rsatgan jiddu jahd va ijtihodlari, o‘z asarlarida buni yoritib berganlari hamda bu ikki imomdan keyin kelganlarning barchasi hadislarning sahihligini belgilashda ularga ergashgani uchundir”.

Bir so‘z bilan aytganda, Imom Muslim oliyjanob xislatlari bilan dong taratgan, siyrati tahsinga sazovor, benazir inson bo‘lgan.

Vafoti. Imom Muslim rahmatullohi alayh hijriy 261 sana rajab oyining yigirma beshinchisida dushanba kechasi vafot topdi. Bu milodiy 875 yil 6 mayga to’g’ri keladi. Yuqorida ta’kidlanganidek eng to’g’ri fikrga ko’ra, u kishi vafot etganda ellik besh yoshda bo’lgan. Xalq buyuk imomning o’limidan qattiq qayg’uga tushdi. Imom Muslim ibn Hajjoj seshanba kuni Naysoburning Nasrobod degan joyidagi Ziyod maydonining kiraverishida dafn qilindi.

Ko’pchilik manbalarda imom Muslimning o’limi sababi haqida Ibn Salohning yuqorida o’tgan gaplari keltiriladi. Unga ko’ra, imom Muslim bir hadis ustida izlanib, ishga butunlay sho’ng’ib ketganidan yonida turgan bir savat xurmoni yeb qo’yganini sezmay qoladi vas hu tufayli kasal bo’lib, dunyodan ko’z yumadi.

Alloh buyuk imomimiz Muslim ibn Hajjojni O’z rahmatiga olsin, darajotini baland qilsin, jannatming yuksak manzillarida O’z diydori bilan mehmon qilsin

Imom Muslim ibn Hajjoj asosan hadis ilmiga doir asarlar yozgan. Uning asarlari hadis ilmining deyarli barcha sohalarini o’z ichiga olgan bo’lib, bu o’z navbatida muallifning serqirra va atroflicha tadqiqot olib borganidan hamda uning hadis ilmida qomusiy bilimlar sohibi ekanidan darak beradi. Imom Muslimning asarlari juda ko’p bo’lib, ayrimlari nashr qilingan, lekin ko’pchiligi bizgacha yetib kelmagan[1].

Avval uning chop qilingan asarlari xususida to’xtalib, keyin boshqa kitoblari haqida ma’lumot berishga harakat qilamiz. Nashr qilingan kitoblari:

  1. “Al-Kuna val-asmaau” (Kunya va ismlar). Asarning nomi “Zohiriya nusxasida xuddi shunday berilgan va shu nom bilan ikki marta: Suriyada Dorul-fikr matbaasida, Madinai Munavvarada Abdurrahim Muhammad Ahmad Qashqariy tahqiqi bilan nashr qilingan. Har ikki nashr ham hijriy 1404 (m. 1984) yilda amalga oshgan. Ammo Ibn Javziy “Al-Muntazam”da, Imom Zahabiy “Siyar”da bu kitobni “Al-Asaami val-kuna” deb, Ibn Nadim “Al-Fixrist”da, Ibn Abdulhodiy “Tabaqot ulamoil hadis” kitobida, imom Zahabiy “Tazkiratul huffoz”da, Suyutiy “Tabaqotul huffoz” kitobida “Al-Asmau val-kuna” deb keltirgan.
  2. “At-Tabaqot” (Roviylarning tabaqalari). Asar ayrim qo’lyozma nusxalarda shunday nomlangan. Shuningdek, uni Ibn Nadim “Al-Fihrist”da, Zahabiy “Siyar”da, Navaviy o’zining “Sahihi Muslim”ga yozgan sharhida ham shunday atagan. Asar shu nom bilan Madinayi Munavvarada, Dammomda nashr qilingan. Imom Navaviy bu kitobning “Asmou ar-rijol” deb ham atalganini aytgan. Asar ayrim manbalarda “Tabaqotut-tobe’in”, “Tabakotur-ruvot” deb ham berilgan.
  3. “At-Tamyiz” (Ajratish). Bu kitob haqida Imom Samoniy “At-Tahbir”da, Ibn Abdulhodiy “Tabaqotu ulamoil hadis” kitobida, Imom Navaviy “Tahzibul asmo val-lug’ot” kitobida, Imom Zahabiy “Siyar”da va “Tazkirotul huffoz” kitobida, Ulaymiy “Al-Manhajul Ahmad” kitobida, Hoji Xalifa “Kashfuz-zunun”da ma’lumot bergan.

Kitobning birinchi juzi bizgacha yetib kelgan bo’lib, “Zohiriya” kutubxonasida saqlanadi. Biroq bu nusxa ham to’liq emas, uning boshidan bir varag’i, oxiridan esa katta qismi yo’q. Tadqiqotchi ulamolarning ta’kidlashlaricha, asarning aksar qismi yo’qolgan.

Asar doktor Muhammad Mustafo A’zamiy tahqiqi ostida hijriy

1395 (m. 1975) yili Riyoz universitetida nashr qilingan. Keyinroq Riyozdagi “Kavsar” nashriyoti tomonidan ham yangitdan nashr qilindi.

  1. “Rijolu Urva ibi Zubayr va jamo’at minat-tobe’in va g’oyrihim”

(Urva ibn Zubayrning roviylari hamda bir jamoa tobe’in va boshqalar

haqida). Asarning Xatib Bag’dodiy tarafidan ko’chirilgan qo’lyozma nusxasi bor bo’lib, “Zohiriya” kutubxonasida saqlanadi. Xatib bu nusxani muallifga tutashadigan sanadga suyangan holda, tinglash yo’li bilan naql qilgan va tayyorlagan. Unda juda ko’p foydali ma’lumotlar bor.

Imom Muslimning bizgacha yetib kelmagan asarlari:

  1. “Al-Ixvatu val-axavot”.
  2. “Afrodush-shomiyyin”.
  3. “Al-Aqron”.
  4. “Intixobu Muslim a’laa Abi Ahmad al-Farro”.
  5. “Al-Intifo bi uhub as-sib”.
  6. “Avlodus-sahoba”.
  7. “Avhomul muhaddisin”.
  8. “At-Tarix”.
  9. “Tafzilus-sunan”.
  10. “Al-Jomi’ul kabir alal abvob”.
  11. “Zikru avlodil Husayn”.
  12. “Ruvotul i’tibor”.
  13. “Suolotuhu Ahmad ibn Hanbal”.
  14. “Al-Ilal”.
  15. “Kitob Amr ibn Shu’ayb”.
  16. “Al-Muxazramun”.
  17. “Musnadu hadisi Molik”.
  18. “Al-Musnadul kabir alar rijal”.
  19. “Mashoyixus-Savriy”.
  20. “Mashoyixu Shu’ba”.
  21. “Mashoyixu Molik”.
  22. “Ma’rifatu ruvotil axbor”.
  23. “Kitobul Ma’mar”.

Ushbu asarlarning barchasi hadis ilmiga oid bo’lib, ular haqida mu’tabar manbalarda ma’lumot berilgan. Ulamolar bu asarlardan foydalanib, ularni avloddan-avlodga naql qilib kelishgan. Afsuski, keyingi asrlarda ilmiy harakatlarning sustlashishi, uzilishi hamda turli xil jangu jadal va bosqinlar natijasida bu asarlar bizgacha yetib kelmagan.

 

Quddusov Abdulloh

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Usmonxon Alimov, Bahrom Abduhalimov, Ismoil Muhammad Sodiq. Oltin Silsila, Sahihi Muslim. –Toshkent.: Hilol nashr, 2019. J.1. – B 53