TIRIKLIGIDA JANNAT BASHORAT BERILGAN BUYUK SAHOBA
183

Islom tarixida to’g’ri yo’ldagi xalifalarning uchinchisi, tirikligida jannat bashorat berilgan buyuk sahoba – Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mashhur “Fil hodisasi”dan olti yil keyin Toif shahrida tavallud topganlar. Demak, u kishi Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan olti yosh kichik bo’ladilar.
Usmon raziyallohu anhuning nasablari Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning nasablari bilan ham ota tarafdan, ham ona tarafdan birlashadi.
Abu Bakr raziyallohu anhu musulmon bo’lgan kunlarining o’zidayoq jannatning bashoratiga sazovor bo’lgan zotlardan besh kishining Islomga kelishiga sababchi bo’lganlar. Ana o’sha besh kishining biri hazrati Usmon raziyallohu anhu edilar.
Ibn Asokirning rivoyat qilishicha, Usmon raziyallohu anhu o’rta bo’yli, chiroyli va oppoq yuzli, yanoqlari qizg’ish, yuzida chechakdan qolgan izlar bor, soqoli qalin, ikki elkasi keng, boldirlari kichkina, bilaklari uzun, jingalaksoch, eng go’zal odamlardan edilar. Rasuli akram alayhissalom qizlari Ummu Kulsumni Hazrati Usmon raziyallohu anhuga turmushga berayotganlarida:
إِنَّ بَعْلَكِ أَشْبَهُ النَّاسِ بِجَدِّكِ إبْرَاهِيمَ وَأَبِيكِ مُحَمَّدٍ
ya’ni: “Sizning bo’lajak eringiz insonlar ichida bobongiz – Ibrohimga va otangiz Muhammadga eng o’xshash kishidir”, – deganlar (Imom Hokim rivoyatlari).
Payg’ambarimiz alayhissalom Usmon raziyallohu anhuga avval Ruqayya ismli qizlarini, uning vafotidan keyin esa Ummu Kulsum ismli qizlarini nikohlab berganlar. Shuning uchun ham Hazrati Usmon raziyallohu anhuni “Zun-nurayn” – ikki nur egasi deb aytiladi. Ushbu fazilatga boshqa sahobalar etisha olishmagan. Rivoyat qilinishicha, Sarvari olamning Ummu Kulsum qizlari vafot etganinida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Agar yana bir qizim bo’lganida, uni ham, albatta, Usmonga jufti halollikka berardim”, – deganlar.
Usmon raziyallohu anhuga Alloh taolo tomonidan berilgan nodir sifatlardan yana biri cheksiz saxovat edi. U zot Islomga kirganlaridan boshlab, umrlarining oxirigacha har juma kuni Alloh taoloning roziligi uchun bir dona qulni ozod qilar va buni o’zlariga vazifa qilib olgan edilar. Agar ozod qilgani qul topa olmasalar, keyin topib, bo’lsa ham ozod etar edilar.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hazrati Usmon raziyallohu anhuni maqtab shunday deganlar:
لِكُلِّ نَبِيٍّ رَفِيقٌ وَرَفِيقِي فِي الجَنَّةِ عُثْمَانُ بْنُ عَفَّانَ
ya’ni: “Har bir nabiyning hamrohi bordir. Mening jannatdagi hamrohim Usmon ibn Affondir”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o’zlarining sahobai kiromlaridan o’n kishiga bir paytning o’zida jannatning bashoratini berganlar. Ana shu saodatmand zotlar ro’yxatida Abu Bakr raziyallohu anhu va Umar raziyallohu anhudan keyin, uchinchi sirada hazrati Usmon raziyallohu anhu turadilar.
Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu ibodatda va taqvoda ham peshqadam sahobalardan edilar. Rivoyat qilinishicha, u zot haj kunlari Ka’baning oldida bir rak’atda Qur’onni to’liq xatm qilar ekanlar. Boshqa kunlari har juma kuni Qur’onni xatmini boshlab, payshanba kuni tamomlar ekanlar. Hazrati Usmon raziyallohu anhu Qur’on tilovati haqida shunday der ekanlar:
إِنِّي لَأَكْرَهُ أَنْ يَأْتِيَ عَلَيَّ يَوْمٌ لَا أَنْظُرُ فِيهِ إِلَى عَهْدِ اللهِ يَعْنِي الْمُصْحَفَ
ya’ni: “Men biror kunimni Allohning bu ahdi (ya’ni, Qur’on)ga qaramasdan o’tkazishimni yoqtirmayman” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Boshqa rivoyatda:
حُبِّبَ إليَّ مِنَ الدُّنْيَا ثَلاثٌ: إِشْبَاعُ الجَوْعَانِ، وَكِسْوَةُ العُرْيَانِ، وَتِلاَوَةُ القُرْآنِ
ya’ni: “Menga dunyodagi uchta narsa yaxshi ko’rsatildi: Ochlarni to’ydirish, kiyimsizlarni kiyintirish va Qur’onni tilovat qilish”.
Darhaqiqat, hazrati Usmon raziyallohu anhu ushbu xayrli ishlarni kanda qilmas edilar.
Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu xalifaliklari davrida o’zlaridan avvalgi xalifalarning ishlarini davom ettirib, musulmonlar ommasi uchun foydali bo’lgan katta ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, Qur’ondan nusxalar ko’chirtirib, barcha o’lkalarga tarqatish, Masjidi Nabaviyni kengaytirish, musulmonlar uchun dengiz flotini tashkil etilishi, Juma namozida birinchi azonning ziyoda qilinishi, qo’riqxonalar tashkil qilish, masjidlarni xushbo’y qilish va muazzinlarga maosh belgilash kabi islohatlarni joriy qildilar.
Payg’ambarimiz alayhissalom hayotlik paytlarida hazrati Usmon raziyallohu anhu fitnachilar tomonidan shahid qilinishini aytgan edilar. Hazrati Usmon raziyallohu anhuning umrlarining oxirida ayrim munofiq kimsalar fitna qo’zg’ab, odamlarni xalifaga qarshi qayradilar. Ish kattalashib, fitnachi to’dalar Madinaga bostirib kelib, hazrati Usmon raziyallohu anhuning hovlilarini qamal qilishganida, Madinadagi nizom buzildi, Usmon raziyallohu anhu behuda qon to’kilmasligi uchun sahobalardan urush qilmaslikni talab qildilar. Boshqa viloyatlardan Usmon raziyallohu anhuning himoyasiga madadlar etib kelishiga oz qolganida qo’zg’olonchilar qo’rqib, devordan oshib tushib, hazrati Usmon raziyallohu anhuning hovlilariga kirishdi. Usha paytda u zot Alloh taoloning
الَّذِينَ قَالَ لَهُمُ النَّاسُ إِنَّ النَّاسَ قَدْ جَمَعُوا لَكُمْ فَاخْشَوْهُمْ فَزَادَهُمْ إِيمَانًا وَقَالُوا حَسْبُنَا اللَّهُ وَنِعْمَ الْوَكِيلُ
ya’ni: “Kishilar ularga: “Odamlar sizga qarshi kuch to’pladilar, ulardan qo’rqinglar”, deganda bu ularning iymonlarini ziyoda qildi va: “Bizga Allohning O’zi etarli, U qanday yaxshi vakil!” dedilar” oyatini qiroat qilib o’tirar edilar (Oli Imron surasi, 173-oyat).
U kishi ularga e’tibor ham bermasdan tilovat qilaverdilar. Fitnachilar o’zlarining jirkanch jinoyatlariga qo’l urishganida ham hech qarshilik qilmay, Allohning Kitobini o’qiyverdilar. Faqat xiyonat qilichining bir zarbasi qo’llarini kesganida: “Allohga qasamki, bu qo’l Qur’on oyatlarini birinchi bo’lib yozgan qo’l edi”, dedilar, xolos. Qon otilib, mushaf sahifalariga tushayotganini ko’rib, darhol qo’llarini o’zlariga tortib oldilar. Shunday qilib ikki nur sohibi – hazrati Usmon raziyallohu anhu hijriy 35 yil 18 zulhijja, juma kuni fitnachilar tomonidan shahid qilindilar.
Alloh taolo Usmon raziyallohu anhudan rozi bo’lsin. Bu zotni Islom ummati uchun qilgan ulkan xizmatlarini qabul aylab, O’zi mukofotlasin! Omin!
Omonov Olloyor
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
