Payg’ambarimiz ﷺning mavlidlarini nishonlash
41

O’n sakkiz ming olamni yaratgan, sizu bizga to’g’ri yo’lni aniq ko’rsatib bergan va biz bandalarini O’zining oxirgi Payg’ambari Muhammad Mustafo ﷺning ummatlari qilgan, „Batahqiq sizlar uchun Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo’lganlar uchun va Allohni ko’p zikr etganlar uchun Rasulullohda go’zal o’rnak bor“, degan Alloh subhanahu va taologa cheksiz, mukammal, bitmas-tuganmas, O’z kamoliga mos, jamoliga yarasha va o’ziga munosib hamd-u sanolar bo’lsin!
Sayyid-ul mursalin, hayotlarining har bir lahzasi biz musulmon ummatlar uchun namuna bo’lgan habibimiz, shafoatchimiz va Alloh taolo o’z kalomida: „Albatta, siz ulug‘ xulq uzradirsiz“, deya madh qilgan Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺga durud salovotlar bo’lsin!
U zotning ahli baytlari, oilalari va ashoblariga Alloh taoloning rizvonlari bo’lsin! Alloh taboraka va taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh Uning farishtalari payg’ambarga salavot ayturlar. Ey mo’minlar! (Sizlar ham ) unga salavot va salom aytingiz!”. Ahzob surasi 56-oyat.
Bu oyati karimada Rasululloh ﷺning Alloh huzuridagi maloil-a’lo eng yuqoridagi farishtalar oldilarida martaba maqomlari naqadar yuksak ekaniga dalolat qiladi. Alloh taolo eng so’nggi Sarvari Koinot ﷺni olamlarga rahmat qilib yubordi. Zalolatda qolgan dunyo u zot tavallud topgan kundan saodatga yuz burdi. Parvardigoro olam janobimiz ﷺ vositalarida jaholat ichra yashayotgan insoniyatni hidoyatga boshladi.
Shu sababli ham butun Islom olamida Rasuli Akram ﷺ tavallud topgan robi’ul avval oyi qutlug’ hisoblanadi. Jami musulmonlar ushbu muborak damlarda Janobimiz ﷺni yod etib, u zoti barokatga duoi salomlar yo’llaydilar.
Alloh taolodan biror maqsadni so’rab duo qilishdan oldin Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salovot aytib duo qilinsa, albatta o’sha duo ijobat bo’ladi deyilgandur.
Bilmoq kerakkim, albatta, Nabiy ﷺning Mavlidi, ya’ni tug’ilgan kunlarini nishonlamoqlik ul zotu bobarakotga yaqin bo’lmoqlikning ulug’ sabablaridandir. Va bu amal taomlar berib, qiroati Qur’on va Nabiy sallallohu alayhi vasallamni zikr qilib yozilgan baytlarni o’qish bilan hosil bo’ladi.
Nabiy ﷺ aytibdurlarkim: “Kimki tug’ilgan kunimni ulug’lasa, qiyomat kuni shafoatimga olaman. Va mening mavlidim uchun bir tanga sarf qilsa, go’yoki bir tillo tog’ni Allohu taoloning yo’lida sarf qilgan bo’ladi”. Imom Sariyyis Saqatiy aytibdurlarki: “Kimki Mavlidun Nabiy ﷺ o’qilayotgan joyni qasd qilib borsa, unga haqiqatda jannatdan bir bog’ ato qilinadi. Chunki u faqat Nabiy ﷺga muhabbati borligi uchungina qasd qilib bordi”.
Nabiy ﷺ aytibdurlarkim: “Kim menga muhabbat qilib do’st tutsa, jannatda men bilan birga bo’ladi”. Va yana Rasululloh ﷺ aytibdurlarki: “Modomiki, meni ota–onalaringizdan va farzandlaringizdan ko’ra ortiqroq yaxshi ko’rib do’st tutmasalaringiz, hech biringiz mo’min-u komil bo’lolmaysizlar”.
Eyki, istarsiz hamma g’amdin najot,
Aytingiz payg’ambarimga assalot.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, biz ummatlar Payg’ambarimiz ﷺga har doim salovot va salomlar aytib, har tavallud oylarida mavlidlar o’qib, U kishining haqlariga duolar qilishimiz lozim. Biz doimo Payg’ambarimiz ﷺ aytgan so’zlarini bajarib, U kishining sunnatlariga amal qilib yurishimiz kerak.
Xaloyiq kungliga nur tushdi, tobish,
Ki Ahmad Mustafoni Haq yubormish.
Turdiyev Shaxzod
“Xoja buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi
