«Vaqf» xayriya jamoat fondi

25

Islomni to qiyomat kunigacha bizlarga din qilib bergan Alloh subhanahu va taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolarimiz va Alloh taoloning O`zi bizlarga yo`lboshchi, O`zining elchisi qilib yuborgan zot – Payg`ambarimiz, Sayyidimiz, Shafoatchimiz va Mavloyimiz Muhammad ﷺga, U kishining  yaxshi va pokdomon oila a`zolari-yu, as`hobi kiromlariga va qiyomat kunigacha yaxshilikda ularga ergashgan zotlarga behad salovot-u salomlarimiz bo`lsin.

O’tmishdan ma’lumki, islom dini VIII-IX asrlarda sharq o’lkalarida tarqalib, O’rta Osiyo xalqlarining asosiy diniga aylanganidan keyin, Movarounnahr hududi islom ta’limoti tarqalishi va shariat ilmlari, ayniqsa, hadis, fiqh, tafsir, kalom ilmlari, shuningdek, arab tili va unga tegishli fanlar rivojining markaziga aylandi. Va bu holat uzoq davrlar mobaynida o’z ko’rinishini saqladi.

Biroq, o’tgan asrlarda yurtimiz g’ayridin rus chorizmi qo’lida qaram holga tushib qolgani hech birimizga sir emas. Ayni shu rus chorizmi mustamlakachilik davrida, keyinchalik sovet totalitar tizimi davrida islom dini va u bilan bog`liq qadriyatlar, ma’naviy va moddiy meroslarimiz sun’iy ravishda yo`q qilinishga harakat qilindi va hattoki ba’zi qadriyatlar yo`q qilindi ham. Shunday qadriyatlardan biri vaqf instituti bo`lib, O`zbekistonda u 1928-yili tugatilgan. Lekin u tarixiy – madaniy qadriyat va o`tmishimizning ajralmas qismi sifatida tadqiq etilishi, o`rganilishi lozim. Chunki davlatchilik, ta’lim, ijtimoiy himoya, obodonchilik, qishloq xo`jaligi va iqtisodiy tizim o`tmishda vaqf mulkchiligi bilan bevosita bog`liq bo`lgan.

“Vaqf” so’zi lug’atda «to’xtatish», «tutib qolish» ma’nosini anglatadi. «To’xtatish», «tutib qolish» so’ziga qanday aloqasi bor, desangiz aytish joizki, odatda vaqf qilingan narsa xoh u manqul (ko’char mulk) bo’lsin, xoh g’ayri manqul (ko’chmas mulk) bo’lsin,odatiy ashyolar kabi odamlar bemalol sotib olib, so’ng yana sotib yuboraverishlaridan va ular o’rtasidagi muomalada boshqa tovarlar kabi aylanib yurishidan to’sib, to’xtatib qo’yiladi. Alloh uchun vaqf qilingan narsalarga berilgan umumiy nom ushbu ma’nodan kelib chiqqan.

Vaqf so’zining istilohiy ma’nosi borasida fuqaholar tarafidan turli-xil ta’riflar aytilgan. Ularning xulosasi shuki, «vaqf bu — biror ob’ektni Allohning mulki bo’lishi uzra (oldi-berdi muomalasidan) to’sib qo’yish va undan hosil bo’ladigan manfaatni esa muayyan qatlamga yoki barcha ehtiyojmandlarga yoxud omma musulmonlar uchun sadaqai joriya qilib qilib qo’yishdir».

Vaqf so`zi bugungi kunda iste’moldan sezilarli tarzda ko`tarilgan bo`lsa ham, o`tgan ota-bobolarimiz qoldirgan madaniy meroslarning bugungi kungacha ko`pchiligi saqlanib qolgan. Yurtiminda olib borilayotgan islohotsar asnosida, ushbu meroslarni qayta jonlantirish va dinimiz qadriyatlarini hayotga qayta tatbiq qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF 5416-son Farmoniga muvofiq O’zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondining maqsadi ko’p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo’shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o’rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo’lgan ma’rifatparvarlik, bag’rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko’maklashishdir. Fond vaqf ishlaridan tashqari zakot (fitr, ushr) va xayriya mulklariga ega bo’lish va ularni belgilangan tartibda diniy – ma’rifiy va ijtimoiy maqsadlarga muvofiq tasarruf etish bilan ham shug’ullanadi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondining tashkil etilishi dinimizga bo’lgan e’tiborning yorqin ko’rinishi va juda katta miqiyosdagi ijtimoiy islohot bo’lgani shubhasiz. Zero, dinimizning bir bo’lagi bo’lgan vaqf instituti deyarli bir asr xalqimiz ichidan butkul ko’tarilgan edi. Endilikda esa fond o’z ishini bor resurslarini ishga slogan holda bajarib, aholining ko’plab qatlamlariga,  xususan, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga, qariyalar-u mehribonlik uylariga, ilm talabidagi yoshlarga va diniy ta’lim muassasalariga  katta ko’mak bermoqda.

Alloh taolo dinimizga kuch quvvat va nusrat ato etsin, yurtimiz va xalqimizni o’z rahmati ila burkasin.

 

Taniqulov Izzatillo

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi