Namozning fazilati
158

Alloh, yetti qavat osmonni yaratgan chog’ida ularni farishtalar bilan to’ldirdi. Ular hech orqaga kechiktirmay Allohga ibodat qiladilar va namoz o’qiydilar. Alloh har bir osmon ahli uchun bir ibodat turini tayinladi. Bir osmon ahli sur puflangunga qadar qiyomda turadi. Bir osmon ahli rukuda, bir osmon ahli sajdada, bir osmon ahli Allohning mahobati va qudratidan titraydi. Katta-katta farishtalar va Arsh ahli Arshning atrofini tavof qilib, Robbilarini madh va tasbih aytadi va yer ahli uchun istig’forda bo’ladi. Alloh mo’minlarga karomat tarzida bu asoslarning hammasini namozda jamlagandir. Mo’minlar osmon ahlining ibodatidan o’zlari uchun quvonch, lazzat oladilar. Undan tashqari Alloh mo’minlarga Qur`onni ham bergan, uni namozda o’qiydiar. Alloh o’z bandalaridan, bergan nematlari uchun shukur qilishni talab etadi. Namozni butun shartlari va rukulari bilan to’la-to’kis ado etishlari ularning shukridir.
Qur`onning qayerida namoz zikr qilingan bo’lsa, o’sha yerda shak-shubhasiz uning ado etilishi ham zikr qilinganini ko’rasiz. Munofiqlardan so’z ochilganda Alloh taolo Qur`oni karimda buyurdiki:
“Bas, namozlarini unutib quyadigan kimsalar bo’lgan namozxonlarga halokat bo’lgay.”
Alloh munofiqlarni faqat namozxon deydi, mo’minlarni esa, namozlarida bo’yin eguvchilar deydi. Bunga sabab namoz o’quvchilar ko’pchilik, ammo namozi qabul bo’luvchilar ozchilik bo’lganidadir. G’aflat ahllari xalq orasida ikkiyuzlamachilik qilib o’zlariga e’tibor qaratish uchun ibodat qiladilar, yaxshi ish Allohga atalgandagina qabul bo’lishini, shunda ham qabul bo’lish yoki bo’lmasligi, gumonligini bimaydilar, bu haqda o’ylamaydilar ham.
Payg’ambarimiz ﷺ o’z hadisi shariflarida marhamat qiladilar:
“Orangizda ba’zi birlaringiz namoz o’qiysiz-u, ammo bu namozlarning faqatgina uchdan biri, yoki to’rtdan biri va yo beshdan biri yoxud oltidan biri, hatto balki o’ndan biri amal daftariga yoziladi”.
Yana Paygambarimiz ﷺ marhamat qiladilar.
“Kim qalban Allohga yuzlanib ikki rakat namoz o’qisa, onadan yangi tug’ilganday gunohlaridan forig’ boladi”.
Oyati karima va hadisi sharifning manolaridan shuni anglashimiz mumkunki, islom dinida namoz ibodatining o’rni beqiyosdir. Mo’min musulmonlar namoz o’qib, Alloh taoloni roziligiga erishadilar. Namoz o’z o’qiguvchisini gunohlardan poklaydi va ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi vosita hisoblanadi. Musulmonlarning birdamligiga, kundalik hayotini tartibga solishiga va musulmonchilik rishtalarini bog’lashga xizmat qiladi. Qisqa qilib aytganda, namoz mo’mining odati emas balki tabiyatidir .
Yo’ldoshov Quvonchbek
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi
