Amir Temurning saltanatni boshqarishdagi tutgan yo’li

197

Amir Temur mamlakatda qatiqqo’l hokimiyat o’rnatish zarurligini yaxshi tushunardi. Negaki, ko’chmanchi mug’ul-turk qabilalaridan jaloir, barlos, sulduz va boshqalarning o’zboshimcha boshliqlarini itoatda saqlab turish oson emas edi. Shu maqsadda mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etishga kirishadi. U o’ziga mustahkam tayanch barpo etish maqsadida barlos qabilasidan maxsus harbiy qism tashkil etib, ularga katta imtiyozlar beradi. Amir Temur o’z davlati hokimiyatini mustahkamlashda islom diniga tayandi. Islom namoyandalari uni qo’llab-quvvatladi. Mamlakat aholisining ko’pchiligini tashkil etgan dehqonlar va shahar aholisi – tijoratchilar, hunarmandlar sohibqironning davlatni mustahkamlashga qaratilgan tadbinlarini ma’qulladilar. Amir Temur davlat ishlarini yurgizishda 4 narsaga doimo amal qildi.

Bular:

  1. Kengash.
  2. Mashvaratu maslaxat.
  3. Qat’iy qaror, tadbirkorlik va xushyorlik.
  4. Extiyotkorlik.

Amir Temur hukmdor uchun qo’yidagi o’n ikki xislat zarurligini va bu xislatlarning birortasiga amal qilinmasa saltanat ishlariga putur yetishi mumkinligini tarixiy misollar bilan isbot qilib bergan edi. A.Temur hukmdor birinchidan o’z so’ziga ega bo’lishi, ikkinchidan adolatpesha bo’lishi, uchinchidan har ishda faqat o’zi hukm chiqarishi, to’rtinchidan qarorida qat’iy bo’lishi, beshinchidan hukmi joriy etilishi, oltinchidan podsholik ishlarini har kimga topshirib qo’ymasligi, yettinchidan ko’pchilikning fikrini eshitishi, sakkizinchidan shoshmasdan mulohaza bilan ish yuritishi, to’qqizinchidan sipohu, raiyatni umid va qo’rquv orasida saqlashi, o’ninchidan barcha ishni o’z erkicha qilishi, o’n birinchidan o’z ishlariga birovni sherik qilmasligi va o’n ikkinchidan davlat ishlarini maxfiy saqlab, boshqalardan ogoh va hushyor bo’lishligi lozimligini alohida o’qtirgan edi. A.Temur davlat amaldorlarning sofligiga, xazinaga ko’z olaytirmasligiga alohida e’tibor qilib, o’z tuzuklarida: “Mamlakat xazinachilari bo’lmish moliya vazirlari moliya ishlarida xiyonat qilib, boylikning bir qismini o’zlashtirib olgan bo’lsalar tekshirib ko’rilsin”, — deb yozib qoldirgan edi. Amir Temur davlatni boshqarishda 7 vazirga suyanib ish ko’rdi va ulardan 4 vazirning har kuni devonxonada hozir bo’lishlarini  talab etdi.

Bular:

  1. Mamlakat va raiyat vaziri.
  2. Sipoh vaziri.
  3. Egasiz qolgan mulk vaziri.
  4. Saltanat ishlarini yurituvchi vazir.

Bundan tashqari yana 3 vazirdan iborat sarxadlar vazirlari xay’atini tuzdi. Vazirlardan birinchisi yer soliqlari, boj, o’lpon – soliq undirish, hamda mirshablik yumushlarini boshqargan, mamlakatdagi muhim ishlarni, kundalik muammolarni yechish, raiyat ahvolini o’rganish, viloyatlardan olingan hosil, soliq, o’lponlarni taqsimlash ishlarini bajargan. Ikkinchi vazir sipoh vaziri hisoblanib, sipohiylarning maoshlari va tanho (bu yerda toju-taxt uchun qilgan xizmatlari evaziga berilgan in’om ma’nosida)larni boshqargan. Uchinchi vazir esa egasiz qolgan, o’lib kegan va qochganlarga tegishli mollarni, kelib ketayotgan savdogarlar mol-mulkidan olinadigan zakot va bojlarni, mamlakat chorvasini boshqarish, bularning barchasidan to’plangan daromadlarni omonat tarzida saqlash ishlari bilan shug’ullangan. Saltanatning har bir idorasida kirim-chiqimlarni, kundalik xarajatlarni yozib borish uchun bir kotib tayinlangan. Sohibqiron davlatida Devoni buzurg (bosh vazir)dan tashqari har bir viloyatda “Devon” deb ataluvchi boshqarma bo’lgan. U davlatning butkul ishlarini: soliq yig’ish, tartib saqlash, ijtimoiy binolar, — bozorlar, hammomlar, yo’llar, suv inshootlari tarmoqlarini nazorat qilib turgan. U xalqning xulqu-ahloqini kuzatib turgan. Uning xodimlari vaqti-vaqti bilan so’roq, tekshirish-taftish, tergov ishlarini ham olib borishgan. Temur xalqning shikoyatlari va arzlarini o’rganuvchi maxsus arzbegi lavozimini joriy etgan. Arzbegi shikoyat va arizalarni ko’rib chiqar, ularda kimlar aybdorligini aniqlar va bu xususida kengashga xabar qilar edi. Aybdorlar kim bo’lishidan qat’iy nazar qattiq jazolangan. Soliqlar, moliyaviy masalalarda qat’iy tartib – qoida o’rnatilgan. Rus sharqshunos olimi D.N.Logofet bu xususda “…biz hozir zo’r berib intilayotgan daromad solig’i degan narsa uning (Temurning) hokimiyatida o’shandayoq mavjud edi”, deb yozgan edi. Amir Temur vazirlarini tanlash ishiga g’oyat jiddiy qarar va ularni 4 ta sifatga ega bo’lishlariga ahamiyat berar edi. Bular:

  1. aql-farosatlilik;
  2. toza nasllik;
  3. sipohu-raiyat ahvollaridan xabardorlik;
  4. sabr chidamlilik va tinchliksevarlik.

Amir Temur o’z imperiyasiga qo’shib olgan mamlakatlarni idora etish uchun tayinlanadigan kishilarga qo’yiladigan talablar tizimini ham ishlab chiqdi. Bunday rahbarlar A. Temur talabiga ko’ra qo’yidagi fazilatlarga ega bo’lishi lozim bo’lgan:

1) Oliy janob tabiatli va ruhiy holatining ko’tarinkiligi;

2) Nozik aql va ziyraklik;

3) Yuksak malaka hamda xalq va qo’shinga murojaat qila bilish;                                                            4) Sabr-toqat va odamlar bilan murosaga kelishmoq.

Mana shu yuqoridagi qoida va talablar Amir Temur hokimiyatini idora etishda va uni mustahkamlashda muhim o’rinni eg’alladi. Sohibqiron tuzgan imperiyaning ma’muriy-hududiy bo’linishi asosan tumanlardan iborat bo’lganligi uchun yangi amirlik tizimini shakllantirish va mustahkamlash zarur edi. Shu bois Amir Temur 313 kishiga amirlik mansabini berishga farmon berib, shulardan bir kishini amir-ul-umaro, 4 kishini beklarbegi, 100 kishini o’nboshi, 100 kishini yuzboshi va 100 kishini mingboshi etib tayinladi. Bulardan tashqari 8 ta amirlar amir-ul-umaro yordamchilari etib tayinlanganlar.                                                                                                                   Xulosa qilib aytganda, Amir Temur milliy g’urur, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi oliyjanob fazilatlar bilan qurollangan buyuk davlat arbobi edi. Mojar olimi Xerman Vamberi ta’kidlaganidek, O’rta Osiyoda asl turklik davri Temurdan boshlangan. U turklarning mug’ul-xitoy dunyosining ustidan g’alabasini mujassam etib, milliy davlatga asos solgan, mamlakatning rasmiy tili turk (o’zbek) tili bo’lgan. Buyuk Amir Temurning siyosiy faoliyati nafaqat davlatchilik tarixini boyitishda, shu bilan birga hozirgi sharoitda milliy davlatchiligimizni mustahkamlashda ham amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk Amir Temur tomonidan yozilgan muhim asar bu “Temur tuzuklari”, ya’ni “Tuzukoti Temuriy”dir. “Qomus ul a’lom” deb nomlangan va Istambulda nashr etilgan qomus kitobida: “Amir Temur “Tuzukoti” deb yuritiladigan qomuslar majmuasini yozdi. Unda o’zining hayot yo’lini bayon qildi.

 

Aliboyev Abduvohid

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus Islom bilm yurti

4-kurs talabasi