Mazhablarga ergashish – shariat ko’rsatmasiga ergashishdir!
10

Alloh taologa hamdu sanolar va Paygambarimiz Muhammad ﷺ va ul zotning ahli baytlari hamda ashobi kiromlariga durudu salavot va salomlar bo‘lsin!
Shu yerga kelganda muqaddas va aziz dinimiz Islomning umriga teng keladigan va ko’pchilik ulug’larimiz qayta-qayta ta’kidlagan va ta’kidlayotgan bir haqiqatni eslab o’tish lozim deb o’ylayman. Asrlar osha musulmon ummati yashab o’tgan tajribaga shohidki, dinimizning aqiyda, fiqh, tariqat va qiroat bobidagi asosiy mazhablari Haq subhanahu va taoloning haq dini Islomning xizmatida, musulmon ummatining xizmatida viqor va salobat bilan, tog’dek ko’krak kerib, bahodirona qadamlar bilan kelmoqda. Ularga qarshi chiqqanlar turli o’tkinchi sabablar omil bo’lib chiqqanlari uchun o’sha sabablari yo’q bo’lishi bilan o’zlari ham yo’q bo’lib ketishmoqda.
Aqiyda bobida Ahli sunna val jamoa mazhabiga osilganlarning barchasi birin-ketin yo’q bo’lib ketishdi. Ular tarix sahifalarida kichik dog’chalik ham iz qoldira olmadilar. Bu jarayon hozirgacha davom etmoqda, qarshi mazhab shaklida emas, onda-sonda ba’zi masalalarda qarshi chiqqanlar o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketishi ko’rib turilibdi.
Fiqhiy mazhablarga kelsak, to’rt fiqhiy mazhabga qarshi chiqqanlar ham xuddi avvalgilarga o’xshash qismat sohiblari bo’lmoqdalar. Dunyodagi o’zini bilgan barcha mo’min- musulmonlar hanafiy, shofe’iy, moliiy, va hanbaliy mazhablarini e’zozlab, hayotlarida ularga amal qilib, musulmon ummatining birligini namoyon qilib kelmoqdalar.
Musulmon olami bo’ylab keng tarqalgan, ruhiy tarbiya ilmi bo’lmish tasavvuf rariqatlariga qarshi chiqqanlar ham qaqshatqich zarbaga uchramoqdalar. Turli tariqatlar dunyo musulmonlari uchun ruhiy tarbiya, odob, ahloq, insoniy ma’rifatning asosiy manbai bo’lib xizmat qilmoqdalar.
Qur’oni Karim qiroati bo’yicha davom etib kelayotgan qiroat mazhablarining holidan o’zga emas.
Tajribaning ko’rsatgani shu – Alloh taoloning yordami ila musulmon ummati ijmo qilgan mazhablar bardavom bo’lib xalqning xizmatini qilaveradilar. Ularga qarshi bo’lganlar xuddi ummatning ijmoiga qarshi bo’lgandek, chetga qolib ketaveradilar, inshaalloh.
Xulosa qilib aytganda, mazhablarga ergashish – shariat ko’rsatmasiga ergashishdir! Uni inkor qilish esa shar’iy ko’rsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. Zero, Islom tarixida biror mufassir yoki muhaddis yohud faqhni bemazhab bo’lgani ma’lum emas. Faqatgina mujtahid bo’lgan kishilar bundan mustasno xolos. Shar’iy ilmlar borasida musulmonlarning ilmi yetarli bo’lmagan bugungi davrda, ba’zilar tomonidan mazhablarni inkor qilish faqat musulmonlarning birdamligiga putur yetkazadi xolos. Qur’on va sunnatdan har kim o’zboshimcha hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini to’kishni halol hisoblash, fitna va ihtilof qo’zg’ash kabi dinimizga qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo’lmoqda. Shu nuqtai nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahmatullohu alayh: “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soladigan eng xatarli bid’atdir”, deganlar.
Maxmudov Abdulxoliq
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi
