Oyat va hadislarda Qiyomat tafsiloti haqida
266

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Butun olamning Robbisi bo’lgan, jamiki maxluqoti ichra insonni mukarram etib yaratgan, insonlar ichida bizlarni musulmonlar jumlasidan qilgan, O’ziga farzand tutmagan, mulkida sherigi bo’lmagan xorlikdan yordamchiga muhtoj bo’lmagan, barcha hamdu sano qalam bilan ta’lim bergan insonga bilmagan narsalarini o’rgatgan, bizlarni sof aqidaga boshlagan o’zining tadbiri bilan ishlarni tartibga solgan, mo’tadillikni xulqqa chiroy etib bergan, insonni eng go’zal shaklu shamoyil bilan ziynatlab, uni ziyodayu nuqsondan asragan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo’lsin! U zot axloqni yaxshilash vazifasini bandasining jiddu jahdiga topshirdi o’zining tavfiqi bilan xos bandalariga axloq tarbiyasi yo’lidagi mashaqqatlarni oson qilgan, barcha aybu nuqsondan pok bo’lgan Allohga shukr qiluvchilarning hamdi kabi hamd va o’zi sazovor bo’lgan hamd bilan Unga sano aytaman.
Butun insoniyatni hidoyat yo’liga, jaholatdan ma’rifatga, zulmdan adolatga, halokatdan najotga boshlagan hidoyat elchisi, barcha ummatlarning muallimi va yo’l boshchisi, insonga yaxshilikni ta’lim bergan va Alloh olamlarga rahmat qilib yuborgan hamda ins-u jinni haqiqat va to’g’ri yo’lga boshlagan, bizlarga eng mukammal aqidani bayon qilib bergan, Payg’ambarlarning sharaflisi, Nabiylarning afzali va yaratgan xalqining eng xayrlisi, Payg’ambarlikni joyiga yetkazgan, omonatni ado etgan va ummatga nasihat qilgan Allohning suyukli bandasi, Payg’ambari Muhammad Mustafo ﷺ ga salom-u salovotlar bo’lsin. Botildan batamom uzilib, zulmatdan nur sari talpingan, har qanday holatda ham Allohning va bandasining huzuridagi haq dinga zarracha gard yuqtirmagan, va Muhammad ﷺ ummatining afzali bo`lgan sahobayi kiromlarga Allohning raxmati va mag`firati yog`ilsin!
Inson bu dunyoga kelar ekan katta orzu — umidlar bilan yashaydi. Aksariyat insonga o’zining o’limi uzoqdek tuyuladi. Unga bu qadamlari oxirgi qadamlari ekanligini tushuntirish amrimahol. Hech shak –shubha yo’qki barcha insonlar o’luvchi va bu maxluqotlarning bachasi foniydir. Olloh taolo o’z Quroni azimu sha’nda shunday marhamat qiladi.
Yer yuzidgi barcha narsalar foniydir.
Allohning irodasi ila bu maxluqotlarning bu koinot va koinotdagi barcha narsalarning ajali mavjuddir. Bu koinotning tanazzulga uchrashi qiyomat kunidir. Qiyomat kuni oxirat va din kuniga bizlar iymon keltirganmiz.
Islom oxirat kuniga iymon keltirishni ham iymonnig asosiy ruknlaridan qilgan. Iymon keltiradigan narsalar ichida bu masalaga alohida e’tibor beriladi.
ايمان هو الايمن با الله و ملائكته و كتبه و رسله واليوم الاخر و القدر خيره و شره حلوه و مره من الله تعالى
Iymon- Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga, payg’ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshi yomoni, shirin-achchig’i Alloh taolodan ekanligiga iymon keltiramiz. Ushbu narsalar dinning zaruriyatlaridan va aslidandir.
Nima uchun qiyomat kuniga iymon bo’lmasa iymon mukammal bo’lmasligi ta’kidlanib o’tilmoqda, chunki oxirat kuniga iymon bo’lmasa, yoki mazkur kunga iymon zaif bo’lganida insonlarning tanazzulga uchrashi muqarrar.
Oxirat kunida insonlarning barchasi qayta tirilishi va bu dunyoda qilgan amallarini zarra- zarrasigacha hisob kitob bo’lishini oyatdan bilib olamiz.
بسم الله الرحمن الرحيم
فمن يعمل مثقال ذرة خيرا يراه: ومن يعمل مثقال ذرة شرا يراه
Bas, kimiki zarra og’irligicha yaxshilik qilgan bo’lsa ham ko’radi.
Bas kimiki zarra og’irligicha yomonluk qilgan bo’lsa ham ko’radi.
Yaxshilikning ham yomonlikning ham katta kichigi bo’lmaydi hammasining hisob- kitobi bo’ladi, qiyomatda javob berishi kerak. Agar insonning oxirat kuniga iymoni bo’lmasa yer yuzida ezgulik va adolatga erishib bo’lmaydi. Shuning uchun oxirat kuniga iymon keltirish iymonnnig asosiy tugunlaridandir.
- Chunki Alloh taolo bu narsalarni, ya’ni bu dunyo ishlari, o’lish, qiyomat, qayta tirilishi, hisob, jannat va jahannamga kirish kabi ishlarni insoniyat yaralishidan 50 ming yil oldin taqdirlab qo’ygan edi.
عن ابن عمرو بن العاص عن النبي صلي عليه وسلم قال كتب الله
مقاديرالخلائق قبل ان يخلق السموات والارض بخمسين الف سنة ( رواهما مسلم والترمذي)
Ushbu hadisda Payg’ambarimiz ﷺ Alloh taolo xaloyiqning taqdiri qandoq bo’lishini azaldan, ular vujudga kelishidan ellik ming yil oldin taqdirlab qo’yganini bayon qilmoqdalar.
Hadisi sharifda bayon qilingan taqdir “Lavhul Mahfuz”ga bo’lgan. Ellik ming yil qancha ekanini Allohning o’zi biladi. Chinki bizning tasavvurimizdagi yil o’lchovi osmonlar-u yer yaratilganidan keyin yerning harakatiga asoslanib paydo bo’lgan.
Bu ellik ming yil esa, osmonlaru yer yaratilishidan oldin bo’lganligi hadisda ochiq-oydin aytib turilibdi.
Alloh taolohning ilmi azaliysining chegarasi yo’q bo’lgandan keyin hamma narsani bilishiga shak-shubha yo’q. Vaholanki, Alloh taolo qiyomat qachon qoim bo’lishini uning alomatlari qachon sodir bo’lishini Allohning yolg’iz o’zi biladi.
Hattoki uni muqarrab farishtalar va insoniyatning afzali rasululloh ﷺ ham bilmaganlar.
Alloh taolo “Naziat” surasida. Qiyomat haqida so’raganlarni vasf qilib, qiyomat qachon bo’lishligi, uning ilmi kimning huzurida ekanini, hattoki payg’ambar s.a.v. bilmasliklarini quyidagicha bayon qiladi.
يسئلونك عن السا عة ايان مرساها 41فيم انت من ذكراها42 الي ربك منتهها44انما انت منذر من يخشاها45 كانهم يوم يرونها لم يلبسوا الا عشية او ضحاحا46
Sendan, qiyomat qachon bo‘lur, deb so‘rashadir. U(qiyomat)ning zikrini sen qandoq bilarding. Uning intihosi Robbinggagina xos. Albatta sen u(qiyomat)dan qo‘rquvchilarga ogohlantiruvchisan, xolos. U(qiyomat)ni ko‘rgan kunlari xuddi bu dunyoda bir kecha yoki kunduzdan boshqa turmaganga o‘xsharlar.
Ya’ni, Ey Payg‘ambarim, odamlar sendan “Qiyomat qachon bo‘ladi?” deb so‘rarlar.
Ularning bu savoli istehzo uchundir. Ular, sen aytayotgan qiyomating bo‘ladigan bo‘lsa, bo‘la qolmaydimi, qabilida savol bermoqdalar. “U(qiyomat)ning zikrini sen qandoq bilarding.” Ya’ni, qiyomat qachon bo‘lishini sen bilmaysan. Allohning O’zigagina xos bo‘lgan narsani sen qayoqdan ham bilar eding. “Uning intihosi Robbinggagina xos” Ya’ni, qiyomatning qachon bo‘lishini faqat Allohning O’zi biladi, xolos. Boshqa hech kim bilmaydi. “Albatta, sen u(qiyomat)dan qo‘rquvchilarga ogohlantiruvchisan, xolos”. Qachon bo‘lish vaqtini belgilab beruvchi emassan. Senga bu xususida topshrilgan vazifa odamlarni qiyomat bo‘lishidan ogohlantirish, ularni o‘sha kunga tayyorlanishga undash, xolos. “U(qiyomat)ni ko‘rgan kunlari xuddi bu dunyoda bir kecha yoki kunduzdan boshqa turmagan-ga o‘xsharlar.” Ya’ni, ular bu dunyoda g‘ururga ketib yurgan bo‘lishlariga qaramay, qiyomatning dahshatidan bu dunyoda kechirgan hayotlari bir kun ham yashamaganga o‘xshab tuyuladi.
Qiyomat qachon bo‘lishini Alloh taolodan boshqa hech bir zot bilmaydi.
Abdurasulov Aliyor
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti
4-kurs talabasi
