Qur’onning yetti xil qiroatda nozil bo‘lishi
21

Qur’on yetti xil qiroatda nozil bo‘lgan edi. Bu haqda Payg‘ambar alayhissalomning shunday so‘zlari vorid bo‘lgan:
إِنّ هَذَا الْقُرْآنَ أُنْزِلَ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ
ya’ni: “Ushbu Qur’on yetti xil qiroatda nozil bo‘lgan” (Muttafaqun alayhi).
Ulamolar ushbu qiroatlardan murod nima ekanligi haqida turli fikrlar bildirishgan. Ba’zilar: u – yetti xil ma’no bo‘lib, Qur’on oyatlari mana shu ma’nolar bilan chambarchas bog‘liqdir. Ular – amr, nahiy, va’d, va’id, ibohat, irshod, e’tibor, deyishgan. Ba’zi ulamolar esa, u – qiroat qilishdagi yettita qoidadir. Ular – idg‘om, izhor, tafxim, tarqiq, imola, ishbo’, mad va qasr, tashdid va taxfif, talyin va tahqiq, deyishgan.
Bu masaladagi eng to‘g‘ri so‘z shundan iboratki, yetti xil qiroat degani – arab tilidagi yettita lahja demakdir. Arablar o‘rtasida eng mashhur va keng tarqalgan, shuningdek eng shirin lahjalar: Quraysh, Huzayl, Tamim, Al-Uzd, Robi’a, Havozin, Sa’d ibn Bakr lahjalaridir. Bu so‘zning to‘g‘ri ekanligini Imom Bayhaqiy tasdiqlagan, Ibn Atiya ham shu gapni ixtiyor qilganlar. Tilshunos olimlardan Sa’lab, Abu Ubayd va Azhariylar ham shu gapni aytganlar.
Qur’on yetti xil qiroatda nozil bo‘ldi, degani undagi har bir kalima ham yetti xil qiroatda o‘qiladi, degani emas. Balki, Qur’on nozil bo‘lish jihatidan arablarning yetti xil lahjasidan tashqari chiqmaydi, deganidir. Masalan, bir kalima Quraysh tilida bo‘lsa, ikkinchi kalima boshqa qabila tilida bo‘ladi. Chunki, Qur’on oyatlari arab tili lahjalarining eng fasohatli va shirin so‘zlaridan tashkil topgandir, ya’ni birorta so‘z qaysi lahjada yaxshi ifoda qilinsa, oyatda o‘sha so‘z ishlatilgandir.
Endi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Qur’on yetti xil lahjada nozil bo‘lgan”, degan so‘zlari bilan Usmon raziyallohu anhuning: “Qur’on Quraysh tilida nozil bo‘lgan”, degan so‘zlarini qanday tushunish mumkin? – degan savol tug‘iladi. Bu savolga ikkiyoqlama javob berish mumkin:
Usmon raziyallohu anhu Qur’onning ko‘pgina qismi quraysh tilida nozil bo‘lganligini nazarda tutganlar.
Qur’on birinchi galda Quraysh tilida nozil bo‘lgan. Vorid bo‘lishicha, Jabroil alayhissalom Qur’onni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga har gal bittadan lahjada o‘qitar va shu tariqa yetti xil tilda o‘rgatar edilar. Imom Buxoriy rohimahulloh Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Jabroil birodarim menga Qur’onni bir qiroatda o‘qitgan. Men undan yana o‘qitishini so‘raganimda, menga boshqa qiroatda o‘qitdi. Shu tariqa yetti qiroatni o‘rgatdi”, deganlar.
Ba’zi kalimalarni yettitadan ham ortiqroq qiroatda o‘qiladi-ku, deyish to‘g‘ri emas. Chunki, so‘zni yettitadan ortiq vajhda o‘qilishi, qiroatning ko‘pligidan emas, balki u qiroat qoidasidagi hilma-hillikdan (masalan: mad, imola va hokazo) kelib chiqadi.
Imom Suyutiy rohimahulloh yuqoridagi gapga e’tiroz bildirib: Umar ibn Xattob raziyallohu anhu bilan Hishom ibn Hakam raziyallohu anhu ikkovlari ham Qurayshlik bo‘lishlariga qaramay qiroatda kelishmovchilikka borganlar. Bundan ko‘rinadiki, demak yetti xil qiroatdan murod yetti xil lahja emas ekan, deganlar.
Bunga javoban aytish mumkinki, Qur’onning yetti lahjada nozil bo‘ldi begani, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam Qur’on oyatlarini o‘rgatayotganlarida har bir qabila uchun aynan o‘sha qabilaning lahjasida ta’lim bermaganlar. Ko‘pincha Payg‘ambar alayhissalomning huzurlarida bir nechta qabilaning kishilari jam bo‘lishar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga yetti qiroatning bittasinigina tilovat qilib berar edilar. Shunda, o‘sha yerda o‘tirgan barcha qabila kishilari bitta qiroatni yodlab olar edilar. Qur’onni bitta qiroatda yodlash uchun bitta qabila kishilari to‘planishlari shart emas. Demak, shunga binoan, Umar ibn Xattob raziyallohu anhu Hishomning eshitmagan qiroatlarini bilishlari mumkin bo‘ladi. Chunki, Hazrati Umar raziyallohu anhu bu qiroatni Hishom ishtirok etmagan boshqa majlisda eshitgan bo‘ladilar. Ular ikkovlarining ham bir qabiladan bo‘lishlari bunga mone’ bo‘la olmaydi.
A. Asqarov,
«Xoja Buxoriy» o’rta maxsus islom bilim yurti o’qituvchisi
