«Hizbut-tahrir»-mutaassib oqim

28

«Hizb» arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi partiya yoki firqadir. Ko‘pligi «ahzob»,partiyalar yoki firqalar degan ma’noni ifodalaydi. Bu nom zamonaviy partiyalarga ham, diniy oqimlarga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Masalan, «Hizb ash-shuyu’iy» («Kommunistik partiya»), «Hizb al-Vataniy» («Milliy partiya»), «Hizbulloh» («Allohning partiyasi»).

«Hizbut-tahrir» mutaassib oqimlar toifasidan bo‘lib, uning maqsadi musulmonlar o‘rtasini buzish va turli fitnalarni tarqatishdir. Bu oqim, Islom dini haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilar, xususan, yoshlar ongiga xalifalikni tiklash g‘oyasini sindirib, ularni mana shu ushalmas orzu-umidlar yo‘lida o‘z mollari, kuch-quvvatlari, hatto jonlarini ham qurbon qilishga targ‘ib etadi va buni shahidlik, deb baholaydi.

1952-yil Falastinda paydo bo‘lgan bu oqim o‘sha vaqtning o‘zidayoq arab olamida keskin tanqid va quvg‘inga uchradi.

Ming afsuski, hech kim qabul qilmagan bu oqimni diyorimizdagi ayrim ilmsiz kishilar, Islom dining haqiqatidan bexabar, musulmonman deyishdan boshqa o‘zining musulmonligiga biron dalil keltira olmaydigan yoshlar qabul qildilar. Ko‘p yoshlar din deb o‘ylab unga kirib ketdilar. Alloh taolo Qur’oni karimning «Oli Imron» surasi 103-oyatida musulmonlarni ittifoqlikka buyurib, shunday bayon qilgan:

«Hammangiz Allohning «arqoni» (Qur’on)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang va o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb. Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qildi»

Bu oyatda Alloh taolo bizni avvalo, barchamiz imkon qadar Qur’on ko‘rsatmasiga amal qilgan holda, hamjihatlikda yashab bormog‘imizga, ikkinchidan esa, firqalarga bo‘linmaslikka buyuradi. Biz bu oyatdagi «Bo‘linmanglar» degan buyruqni Islom nomini niqob qilib olgan bironta guruh yoki oqimga kirmanglar, deb tushunamiz. Keyingi paytda Islom bilan bog‘liq, asli musulmonlarning oralarini buzadigan, Qur’on va hadisga butunlay qarshi bo‘lgan firqalar juda ko‘paydi. Madomiki, ular: «Biz alohida hizbmiz, alohida bir guruhmiz» der ekanlar, ularning har biri Alloh taoloning «Firqaga bo‘linmanglar», degan buyrug‘iga qarshi chiqish bilan, qaysi nomda bo‘lmasinlar, hatto niyatlari yaxshi bo‘lsa ham,  Islomga qarshidirlar. Payg‘ambar alayhissalom o‘n to‘rt asr muqaddam: «Mening ummatim 73 firqaga bo‘linib ketadi. Ularning hammasi do‘zaxi bo‘ladi, Faqat bir toifagina jannati bo‘ladi» deganlar. Bundan bir necha o‘n yil muqaddam paydo bo‘lgan, xalifalik qurish  da’vosi bilan chiqqan «hizbut-tahrir» nomli  firqa ham o‘sha 72 adashgan firqadan biri bo‘lib, Islomni buzish, musulmonlarni bir-biriga qarshi qilib qo‘yish uchun maxsus o‘ylab chiqarilgandir.

Islom tarixiga nazar solar ekanmiz, shu kunga qadar e’tiqodiy muhim to’g’ri yo’ldan og’ib boshqalarni ham adashtirib ketgan Xovorij, Shiya va Mo’tazilarga o’xshash ko’plab toifa va oqimlarga guvoh bo’lamiz, Hizbut-tahrir ham muslmonlar orasida ziddiyat va ig’volarni yoyish uchun tuzulgan oqimdir. O’zlariga Halifalikni niqob qilib olib, insonlarni mutassib yod g’oyalarga targ’ib qiladi. Ahli xaq olimlari tamonidan ommani shunga o’xshash oqimlarning zalolatlaridan ogohlantirish, ularga qarshi ilmiy raddiyalar ischil amalga oshirib borilgan. Biz yoshlar bu kabi oqimlar tasiriga tushib qolmasligimiz uchun ilm va ma’rifat yo’lida bor kuchimizni sarflashimiz lozim bo’ladi.

Jamolov Alisher

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom yurti

4-kurs talabasi