RAMAZONDA UMRA QILISHNING SAVOBI

256

O’zining baytini ziyorat qilishga amr qilgan Alloh taologa cheksiz hamdlar bo’lsin. Allohning baytini qay yo’sinda tavof qilishni talimining bergan ummatning ustozi Nabiy ﷺga salom va salovatlar bo’lsin.

وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ

“Alloh uchun haj va umrani tugal ado eting”.

Umra ibodati Qur’oni karimda haj ibodati bilan birga zikr qilingan:

Ya’ni Alloh taolo haj va umrani ado qiluvchilarga: “Haj va umraning shartlarini to’kis ado etinglar. Ularni ado etish asnosida zohiriy va botiniy nuqsonlarga yo’l qo’ymanglar”, deya buyurgan.

Umra so’zi lug’atda “ziyorat qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “ maxsus shartlar bilan Baytullohni ziyorat qilish umra deyiladi”.

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam umra ibodati haqida shunday deganlar:

 

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الْعُمْرَةُ إِلَى الْعُمْرَةِ كَفَّارَةٌ لِمَا بَيْنَهُمَا وَالْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ.

رَوَاهُ مُسْلِمُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ dedilar: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo’lgan) ikkalasining o’rtasidagi (sag’ira gunohlar)ga kafforot bo’ladi. Mabrur hajning mukofoti albatta jannatdir”. Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda umraning fazli ya’ni, ikkita umra o’rtasidagi bandalarning haqlariga taalluqli bo’lmagan sag’ira gunohlar keyingi umra sababidan yuvilib ketishi xabar berilgan.

Umra ibodati uchun eng afzal vaqt Ramazon oyi hisoblanadi.

عُمْرَةٌ فِي رَمَضَانَ تَعْدِلُ حَجَّةً

Ummu Ma’qil roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasuli akrom ﷺ aytdilar: “Ramazonda qilingan bir umra bir hajga barobar turadi«. Ya’ni, muborak ramazon oyida qilingan bir umraning ajr-savobi bir hajning ajr-savobiga tengdir. Lekin shuni yodda tutish kerakki, bu bilan kishining zimmasidagi farz haj ado bo’lmaydi. Chunki bir amalning savobiga ega bo’lish bilan uamalning ado bo’lishi o’rtasida farq bor.

Alloh barchalarimizni o’zining baytini tavof qilishga muyassar qilsin AMIN.

Omonov Olloyor

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti