Mazhabsizlikning xatarlari
29

XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldiki, u ham bo‘lsa mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasidir.
Harakat tarafdorlarining da’vosicha, islomda unga e’tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs biror shar’iy masalada ulardan birining yo‘lini o‘ziga lozim tutsa, u ko‘r-ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi.
Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qur’on) va Sunna turishi lozimligini ta’kidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga ergashish esa Kitob va Sunna ta’limotidan ko‘ra, ko‘proq shaxslarning ijtihod‑fikrlariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa xatoga yo‘l qo‘yish va nuqsonlardan xoli bo‘lishni to‘liq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so‘ng paydo bo‘lganligi e’tiboridan, bid’at ishlardan sanalib, Sunna ta’limotiga ko‘ra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir. Sahobai-kiromlarning barchasi ham Allohning Kitobi va Rasululloh ﷺning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror-bir masalada Qur’on va Sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qo‘l urganlar. Bu esa, asosiy e’tibor qaratiladigan va ergashiladigan holat. Shuning uchun ham mazhab tutish yoki biror-bir mujtahid imomga taqlid qilish Allohni qo‘yib ularni Rabb qilib olishdir va hokazo …
O‘zlarini islom dinining fidoyilari deb e’lon qilayotgan mazkur toifadagi shaxslar Qur’on va Sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar o‘rtasida ixtilofga zamin bo‘lishi va bu islom birligiga rahna tug‘dirishini jar solmoqdalar.
Aslidachi?! Aslida, mazhabsizlik da’vosini yoyishning o‘zi ixtilof manbai bo‘lib, islom dini, xususan, musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekaniga shubha yo‘q. Ular o‘zlarini biror bir mazhabga amal qilmasliklarini da’vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to‘rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo‘q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘la olmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar’iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga etarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim bo‘ladi. Lekin bir ikki masalani chuqur o‘rganmay turib, ixtilof chiqarishga ustalar, masalan: “Mazhab degan narsa Rasululloh ﷺning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, – degan da’voni qiladilar. Bu o‘ta kaltafahmlik va johillik, xususan, g‘arazgo‘ylikdan boshqa narsa emas.
Fayzullayev Zoirjon
“Xoja Buxoriy” o’rta-maxsus islom bilim yurti
4-kurs o`quvchisi
