Bismillahir rohmanir rohiym

Namozni bandalariga farz etib, uning foydalarini barcha namozxon va barcha jamoatlarga umumiy qilgan Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo’lsin!

Namozni jamoat bilan o’qib, uning barcha foydalaridan bahramand bo’lishni bizga o’rgatgan Payg’ambarimiz ﷺga eng go’zal salavotu durudlar bo’lsin!

Namozni o’zlari uchun katta ilohiy ne’mat bilib, uni ixlos bilan ado etib o’tgan sahobai kiromlarga Allohning roziligi bo’lsin!

Har bir mo’min kishi imkon qadar jamoat bilan namoz o’qish g’amida bo’lishi lozim. Chunki jamoat namozining savobi yolg’iz o’qilgan namozga beriladigan savobdan bir necha barobar ko’p bo’ladi va hamda jamoatda Allohning rahmati va roziligi topiladi.

“Muniyatul mufti” asarida keltirilishicha, namozxon o’z uyiga yaqin masjidni tanlashi afzal. Agar hovlisi ikki masjid o’rtasida joylashgan bo’lsa bu vaziyatda omi namozxon avval qurilgan qadimiyroq masjidga boradi. Faqih ilmlilar esa  jamoatni ko’paytirish maqsadida qavmi ozroq masjidga boradi.

“Qunya”da aytilishicha, har bir kishi o’z mahallasiga qarashli masjidga borishi afzal. Bunda boshqa masjid qavmining ko’pligi, yoki imomining taqvosi yo ilmi ko’pligining ahamiyati yo’q.

Islom shariatida azonni eshitgan namozxonga zaruratdan tashqari holatlarda jamoatga bormaslikka ruxsat yo’q. Chunki jamoat bilan namoz o’qish muakkad sunnatdir.

Xotinlarning jamoat bo’lishidan ko’ra yolg’iz namoz o’qishlari savobli va afzal hisoblanadi. Binobarin, ularning eng afzal masjidlari — bu uylarining ichkarisidagi xonalaridir. Imom A’zam Abu Hanifa rahimahulloh o’z davrida yoshi o’tgan kampirlarga peshin va asrdan tashqari namozlarni masjidga kelib jamoat bilan o’qishlariga ruxsat bergan. U kishining ikki imom shogirdi esa ruxsat bermagan. Keyingi zamon ulamolari ikki imomning fatvosiga yurishni ixtiyor etganlar, chunki bugungi zamonda fitna ko’paydi. Imom A’zam Abu Hanifa rahimahullohning davrida yashagan odamlar yo’q endi. Shuning uchun kampirlarning ham hatto bomdod va xufton kabi qorong’uda o’qiladigan namozlarga kelishi ham xatarli, fitna ehtimoli yuqori bo’lib qoldi.

Masjidga borganda avvalgi safda bo’sh joy bo’lsa undan imomning o’ng tarafidan joy olib o’tirishga intilish kerak. Bo’sh joy bo’lmasa odamlarga ozor berib oraga suqilmaydi. Chunki ikkinchi safdan birinchisi, uchinchi safdan esa ikkinchi saf afzal hisoblanadi. Birinchi safda bo’sh joy bor, lekin ikkinchi saf to’liq bo’lsa, bu vaziyatda ikkinchi safni yorib birinchi safga o’taveradi. Chunki bo’sh joyni to’ldirmaganlarning hurmati bo’lmaydi, shuning uchun ularni surib bo’lsa ham oldinga o’tib ketilaveradi.

Eng afzali imomning orqasida birinchi safda o’qimoqdir. Xabarlarda kelishicha Allohning rahmati avval imomga tusharkan. Keyin uning orqasidagi namozxonga, keyin imomning o’ng tarafidagilarga, so’ngra chap tarafidagilarga tegarkan. Yana boshqa rivoyatga ko’ra, birinchi safda imomning orqasida turgan namozxonga yuz barobar, o’ng tarafda turganlarga 75 barobar, chap tarafdagilarga 50 barobar, boshqa safdagilarga esa 25 barobar ko’p savob berilar ekan.

Masjidda namozxonlarning elkasidan oqlab oldingi safga o’tmaydi. Namozda turganda safni tekis olib, elkalarni elkalarga tekizib jips  turadi. Orada bo’sh joy qoldirmaydi.

Bir kishi orqa safda yolg’iz turmaydi. Balki imom ruku qilishini kutib turadi. Agar kimdir kelsa u bilan birga namozga qo’shilib turadi. Agar hech kim kelmasa oldingi safdagi namozxonlardan birini oldiga tortadi yoki safga suqilib kiradi. Sayyid Alizodaning “Sharhu Shir’atil islom” asari asosida tayyorlandi.

Sharopov Xurshid

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi