Go’zallik ortidagi tuzoq!
21

Bugungi globallashuv jarayonida insoniyat jamiyatida keng tarqalgan yot g’oyalardan biri bu missionerlik harakatlaridir. Missionerlik atamasi lotin tilidagi “missio” fe’lidan olingan bo’lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifani bajaruvchi” degan ma’nolarni anglatadi. Missioner biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o’z diniga targ’ib qilish va kiritish uchun yuborilgan inson. Missionerlik esa biror diniy birlashma vakillarining o’z e’tiqodini boshqa din vakillari orasida yoyish harakatidir. Missionerlik harakati dastlab xristian dinidagi oqimlar tomonidan salib yurishlari va mustamlakachi davlatlarning harbiy harakatlari bilan birga amalga oshirilgan. XIII- XVI-asrlarda xristian missionerlari Hindiston, Xitoy va Yaponiyaga ham kirib bordi. Yaponiyada missionerlik shu darajada rivojlanib ketdiki, XIX asr o’rtalarida yapon imperatori barcha missionerlarni ayg’oqchi sifatida Yaponiyadan haydab chiqardi. Missionerlar bu harakatlari bilan faqat dinni yoyish emas balki o’zlarining madaniyatlarini tarqatish, o’zlarining siyosiy, iqtisodiy maqsadlarini amalga oshirishda foydalanmoqdalar. Missionerlarning insonlarni o’zlarining harakatiga jalb qilishda quidagi usullaridan foydalanadilar: moddiy yordamlar qilish, ish bilan ta’minlash, har bir insonning dinidan kelib chiqib muomala qilish va boshqalar. Missionerlar asosan yoshlar, ayyollar, kambag’allarga ko’proq e’tibor berishadi. Chunki yoshlar qiziquvchan, yengillikka moyil bo’lib, tez o’zgaruvchan bo’lishadi. Bu holatlar missionerlar uchun juda qo’l keladi. Shuning uchun ham missionerlar yoshlar gavjum bo’lgan maktablar, universitetlar atroflarida yurib turli mavzulardagi diniy risolalarni tarqatib yurishadi. Yurtimizda ham missionerlik harakatlari islom dinining ta’siri kamroq bo’lgan hududlarda va universitetlar atroflarida kuzatilmoqda. Ba’zi missionerlar o’z g’oyalarini nodavlat ta’lim markazlarida koreys va yapon tillarini o’rgatish asnosida targ’ib qilmoqdalar. Missionerlik harakatlariga vaqtida chek qo’yilmasa og’ir salbiy oqibatlarga olib keladi.Missionerlarning Afrika va Yaponiya hududlarida olib borgan vahshiyliklarini unutmaslik lozim. Bugungi kun missionerlari o’z maqsadlarini amalga oshirish uchun kitob va risolalarida Qur’on oyatlari va islomiy atamalarini keltirib musulmonlarni adashtirishga harakat qilmoqdalar. Bugungi kunda missionerlar ommaviy axborot vositalardan keng foydalanmoqdalar. Ularning insonlarni jalb qilishdagi omillaridan biri insonning nafsi xohlaydigan har qanday ishni ma’qullashlaridir. Missionerlik harakatlaridan ogoh bo’lishimiz va yon atrofdagilarimizni ularning tuzoqlaridan ogoh etishimiz lozimdir.
Xurramov Isroil
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
3-kurs talabasi
