VATANNI SEVISH TUFAYLI DUNYO OBOD BO’LUR
39

Yaratganga shukronalar bo’lsinki, Yurtimiz tinch, hayotimiz osoyishta, kunlarimiz yorug’, tunlarimiz osuda. Uzoq safarlarga ketib, bir necha kun musofir bo’lsak ham, har kuni ertalab ketib, kechqurun ishdan qaytsak ham, uydagilardan ko’nglimiz xotirjam. Bolalarimiz bog’chaga, maktabga o’zlari borib, o’zlari kelishyapti, ulardan ham ko’nglimiz to’q. Shu o’rinda, tinchlik naqadar ulug’ ne’mat ekanini anglab etasan kishi. Haqiqatan ham, tinchlik bebaho ne’mat. Uni saqlamoq, avaylamoq, kerak bo’lsa bu yo’lda jon fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Ta’kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir.
Darhaqiqat, tinchligimiz, osoyishtaligimiz, barakali mehnat qilishimiz, farzandlarimiz o’sib-ulg’ayishlari, komil inson bo’lib yetishishlarida, shubhasiz Vatan himoyachilarining o’rni, shijoati va jangovar ruhi beqiyosdir. Yuragida Vatan va xalq sevgisi mustahkam joy olgan, shijoatli o’g’lonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo’riqlamoqdalar. Ularning bu bedorliklari naqadar savobli ish ekani haqida janob Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar. «Kechalari Allohdan qo’rqib yosh to’kkan ko’zni va Alloh yo’lida tunlari posbonlik qilib mijja qoqmagan ko’zni do’zax otashi kuydirmaydi».
Vatan – muqaddas dargoh. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo’lida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Payg’ambarimizdan Sa’id ibn Zayd (raziyallohu anhu) rivoyat qilib: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yo’lida halok bo’lgan kishi shahid maqomidadir”, – deganlar (Abu Dovud rivoyati).
Hadisda sanab o’tilgan mol, jon, din va oila kishi hayotining mazmuni – uning Vatanini ifoda etadi.
Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o’qituvchi yoki shifokor bo’ladimi, tadbirkor yoxud bog’cha tarbiyachisi bo’ladimi, qaerda bo’lmasin o’z Vatanini himoya qilishi kerak. Himoya qilish deganda faqat qurol ko’tarib emas, kerak bo’lsa bilim bilan, g’animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig’vogarlarga qarshi kurash yo’llari bilan inson o’z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur!
Ammo, Vatan himoyachisi bo’lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to’kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko’z qorachig’iday asrab-avaylash inson uchun go’yo o’z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo’lda fidoiy bo’lgan kishi shahidlik maqomiga etishi haqida bashoratlar mavjud.
Ona Vatan himoyasi mavzusida so’z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug’ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo’lida qo’lida tig’ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog’ida yonib o’tgan Bobur Mirzolar ibrati beixtiyor ko’z oldimizga keladi.
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temurning naqadar buyuk vatanparvar bo’lganliklarini tarix juda yaxshi biladi. Ulug’larimiz ta’kidlaganidek: «Millat g’amida yongan, uning istiqboli va istiqloli yo’lida fidokorlik ko’rsatib yashagan arbobni kelajak va tarix hech qachon unutmaydi. Amir Temur ana shunday tarixiy va unutilmas shaxsdir».
Bizlar o’z farzandlarimizga ana shu ulug’lar yo’lini ularning ona Vatan himoyasi va manfaati yo’lida ko’rsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini anglatmog’imiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuyg’ulari, yurtni tashqi kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam o’rin oladi. Bu tuyg’ular naqadar ulug’ligi haqida xazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: «Ona Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo’lur».
Alloh taolo mustaqil Yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo’riqlayotgan Vatan himoyachilarini o’z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va halqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.
O.Omonov,
Xoja Buxoriy islom bilim yurti o’qituvchisi:
