MEN HAM BOY BO’LGANIMDA YAXSHILIK QILARDIM

822

Muqaddas dinimiz bo‘lmish Islom dini Odam bolasini, insoniyatni faqatgina yaxshilik qilish, shirinsuxan bo‘lish, birovni og‘irini yenil qilish, yetimni boshini silash, kanbag‘alga yordam berish, silai rahm qilmoq, qo‘shniga ozor bermaslik kabi juda ko‘plab-ko‘plab yaxshi ishlarni qilishga buyuradi.

Alloh taoloning Kalomida keltirilgan oyatlar va shu bilan birga Rasulullohning  sollallohu alayhi vasallam hadislariga bir nazar tashlasak. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Taqvoli zotlarga: Rabbingiz (O‘z Payg‘ambariga) nimani nozil qildi? deyilganida ular: Yaxshilikni , deyishadi. Bu dunyoda yaxshilik qilganlar uchun chiroyli mukofot bo‘lur (Nahl, 30)”.

Alloh taolo yaxshilikni bunday bayon etadi:

“(Yaxshilik) bo‘yinni (qullikdan) ozod etish, yoki ocharchilik kunida biror qardosh yetimga yo muhtoj bechora-miskinga taom berishdir (Balad, 13-16)”.

Yana,

“Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg‘ambarlarga iymon keltirsa va yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa, namozni qoim qilsa, zakot bersa. Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilarga, ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir (Baqara, 177)”.

Yuqoridagi oyatlardan so’ng, o’ylamanki yaxshilik to’g’risidagi fikr va qarashlarimiz ancha kengaydi. Demak, yaxshilik qilish har birimizning burchimiz. Xo’sh, biz burchimizni qay darajada bajaryapmiz? Dunyo ishin bir zumga chetga surib, o’tgan kunlaringizga bir nazar soling. Kimga qanday yaxshilik qildingiz? Atrofimiz to’la muhtoj insonlar. Ularga qanchalik yordam bera oldingiz? Qanchalar ojiz ekanligimizni shu savollarga javob bera olmay, boshimizni quyi solganimizda his qilamiz. Ba’zi insonlar “Men ham boy bo’lganimda yaxshilik qilardim” deydi. Lekin yaxshilik deganda faqat moddiy tomondan ko’rsatilgan yordam tushunilmaydi. Mazlumlarning, yetim-yesirlarning boshini silab, ko’nglini ko’tarish, shirin so’zini o’zgadan qizg’onmaslik, mehrini ayamaslik ham bir yaxshilik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim yetimning boshini rahm qilib silasa, Alloh taolo unga qoʻli tekkan har bir soch miqdoricha yaxshilik yozadi, har bir soch miqdoricha yomonliklarini o’chiradi va har bir soch miqdoricha uning darajasini ko’taradi». Boshqa bir rivoyatda aytiladi: «Kim yetimning boshini silasa, faqat Alloh uchun silasa, qoʻli silab o’tgan har bir soch uchun unga hasanot bordir. Kim oʻzining oldidagi yetimlarga yaxshilik qilsa, u bilan men jannatda mana shunday bo’lamiz», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki barmoqlarini bir biriga yaqinlashtirdilar. Ibn Abbos (r.a.) naql qiladilar. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim musulmonning yetimlari orasidan bir yetimning ovqatiga, ichimligiga qoʻshsa, Alloh uni behojat qilib qo’yadi va unga jannatni, albatta, vojib qiladi, illo Alloh kechirmaydigan amallar qilgan boʻlsa, (unday boʻlmaydi). Kimning koʻzini Alloh ketkazgan boʻlsa va u sabr qilsa, albatta, unga Alloh jannatni vojib qiladi, illo Alloh kechirmaydigan amal qilgan bo’lsa, (unday boʻlmaydi)”. Shunday ekan biz moddiy tomondan muhtojlarga yordam berishga qurbimiz yetmasa, ma’naviy tomondan ularni qo’llab-quvvatlashimiz ham bir  yaxshilikdir.

Alloh taolo har birimizni bu dunyoda o‘zgalarga manfaat yetkazadigan insonlardan qilsin.

 

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti

Omonov Olloyor