TINCHLIK — BEBAHO NE’MAT
276

“Insonlarning ko‘pchiligi beparvolik ila ularning qadriga yetmaydigan ikki ne’mat bor, ular: sog‘lik va xotirjamlikdir”
Albatta sog‘lik va tinchlik bo‘lsa, xotirjamlik bo‘ladi. Kundalik yumushlarimiz va rejalashtirgan ishlarimizni bosqichma-bosqich amalga oshirish payida bo‘lamiz. Bo‘larning barchasi uchun esa ko‘pincha beparvo bo‘ladiganimiz tinchlik va sog‘lik kerak bo‘lar ekan.
Tinchlikning qadriga yetmoq, uni asrab avaylamoq bizning zimmamizdagi burchimizdir. Bu barcha payg‘ambarlarning sunnatidir. Qur’oni karimda Ibrohim (a.s.)ning Makka haqiga qilgan duolarida buning tasdig‘ini ko‘ramiz. U oyatda Makkaga tinchlik va uning ahliga rizq so‘raganliklari zikr qilingan. Bu haqda shunday deyiladi:
وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ
“Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara126)
O‘sha paytda ham Makka shahri tinch edi. Tinch bo‘lib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish “shu joyda tinchlik bardavom bo‘lsin” deyishni ifodalaydi. Demak, tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish maqsadga muvofiq amallardan ekan. Shu bilan birga, oyatda avval tinchlik, so‘ngra rizq so‘ralganidan tinchlikning rizqdan-da muhimroq, ulug‘roq ne’mat ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Vatan tinch bo‘lsa, yashash uchun eng qulay maskan hisoblanadi. Demak, har bir jon, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qaysi kasb, qanday martaba, qancha obro‘li bo‘lmasin, tinchlikda hayot kechirishga muhtojdir. Chunki xavfsiragan kishining kechasi xotirjam o‘tmaydi, tongini xotirjam kuta olmaydi va xotirjam yashay olmaydi. Doim qalbi qalqib, bezovta bo‘ladi. O‘z moli, joni, oilasi va kasbidan xavfsirab yuradi.
Tinchlik bo‘lsa, insonlarning hayoti farovon bo‘ladi va ular Alloh taologa xotirjamlikda ibodat qiladilar. Bu ne’mat davomli bo‘lishi uchun esa, uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari ya’ni o‘zaro ishonch, mehr-muruvvat, shukronalik, adolatli bo‘lish, zulm va xiyonat qilmaslik kabi fazilatli xislatlarga ham e’tiborli bo‘lish lozim.
Zero, Alloh toalo bizga bergan bunday ne’matlarni qadriga yеtmoq , shukur etmoq, uni yanada ziyoda bulishiga olib keladi.
Gadayev Ramazon
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom bilim yurti
