Eng go’zal ziynat
36

Dinimizning barhayot taʼlimotlarida moʻmin-musulmonlar hayotidagi eng fazilatli va goʻzal hulqlaridan biri – vaʼdaga vafo qilishga alohida eʼtibor berilgan. Xususan kuni va soati belgilangan vaʼdaga rioya qilish nihoyatda muhim boʻlib hisoblanadi.
Odob, axloq qoidalari bitilgan kitoblarda vafodorlik sifati ham madh etiladi va vaʼdaga vafo qilmoq, omonatga xiyonat qilmaslik, bergan soʻzining ustidan chiqish kabi xislatlar insoniy fazilat ekanligi uqtiriladi. Yana shunday deyiladiki, vaʼdaga vafo qilmoq mard kishilarning ishidir. Vafo bilan ziynatlangan kishilar har doimo eʼzozda, rohat-farogʻatda boʻlishini aytib oʻtirmasa ham boʻladi.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy vafo va sadoqatni insoniyat boshidagi jigʻada porlab turgan gavhardir, deb taʼriflagan edi. Buyuk shoir yana uqdirib oʻtgan ediki, agar hayot chamanida vafo guli boʻlmasa, u goʻzal va orombaxsh boʻla olmaydi.
Sohibqiron Amir Temur shunday deydi: “Qaysi bir sipohiy tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida oʻz sohibidan yuz oʻgirib, mening oldimga kelgan boʻlsa, unday odamni oʻzimga eng yomon dushman deb bildim”.
Hazrat Soʻfi Ollohyordan bayt:
Kel, ey sodiqki qilding sidq lofin,
Oʻlancha qilmagʻil vaʼda xilofin.
Deyilmoqchiki, ey banda, sen rostlik daʼvosini qilsang, oʻlar kungacha vaʼdangga xilof qilmasdan tur. Chunki vaʼdada toʻgʻri turmoq yaxshi axloqning yuqori martabasidir.
Yuqorida aytganimizday, bir kishining chaqirigʻiga vaʼda qilamizu bormaymiz yoki belgilangan soatda bora olmaymiz. U kishi oʻz ishlarini tashlab, kutib turadi va xavotirlanadi. Biz uning ishdan qolganini va xavotir olganini bir chaqaga ham olmaymiz. “Vaʼda – qarz” ekanini, vaʼdaga xilof esa, munofiqlik ekanini xayolimizga ham keltirmaymiz. Hatto koʻpimiz bajarish niyatida emas, balki shunchaki suhbatdoshning soʻzini qaytarishdan uyalib vaʼda berib yuboraveramiz. Bu hol vaʼdada turmaslik emas, balki vaʼdabozlik niyati bilan boʻlganidan ikki karra qabohatdir.
Bir hadisda shunday deyiladi: “Qaysi bir odamda toʻrt alomat topilsa, u haqiqiy munofiq boʻladi. Kimda shu toʻrtta alomatdan birortasi boʻlib uni tark qilmagunicha, unda munofiqlikning bir belgisi boʻladi. U toʻrt alomat: omonatga xiyonat qiladi, gapirsa yolgʻon soʻzlaydi, biror kishi bilan ahdlashsa, unga vafo qilmaydi, birov bilan haq talashsa, janjal qiladi” (Muttafaqun alayh).
Islom taʼlimotida qasam, ahd, guvohlik va vorislik masalalari kishidan masʼuliyat talab qiladigan tushunchadir. Pul oʻrtaga tushib, kishilar orasida yolgʻon qasam ichish, yolgʻon guvohlik berish yoki ahdga bevafolik qilish hollari ham uchramoqda.
Foniy dunyoda iymon egalari bor ekan, vafodorlar ham bor. Illat egalari, xususan ahdiga vafo qilmaydiganlar qayerda ozroq, qayerda koʻproqdir. Buni hech kim sanab koʻrmagan. Bundaylar oz boʻlgan taqdirda ham jamiyat uchun noxushdir.
Demak, har bir inson jamiyatda chiroyli oʻrnini topmoqchi boʻlsa, soʻziga eʼtiborli, vaʼdasiga vafodor boʻlmoqligi lozim ekan.
Qurbonov Xayrulla
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
