FITNA — JAMIYATDA ENG YOMON ILLAT

28

Barchalarimiz Alloh taolo bergan behisob ne’matlariga shukr qilgan holda bir-birlarimizga o‘zaro nasihat qilish, ilm va dinda taqvosi bilan mashhur ulamolarimiz aytgan pandu-nasihatlariga rag‘bat ko‘rsatib va ularga amal qilib borishimiz lozimdir. O‘rtalarimizda amri ma’ruf, nahiy munkar, musibatlarga sabr qilish, ahli sunna va jamoa bilan bir safda bo‘lish, bir-birimizga mehr-shafqat, mehribonlik va muruvvatparvarlik ruhida yashamog‘imiz kerak. Dunyo va dindagi fitna, aldov, yolg‘on, tuhmat, hasad kabi illat va gunohlardan saqlanishimiz esa o’ta  zarurdir.

Shunda barchalarimiz dunyo va oxirat yaxshiligiga erishib, inshoalloh muvaffaqiyat va najot topuvchilardan bo‘lamiz. Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va fitnachilardan doimo ehtiyot bo‘lishimizga chorlab o‘zining Kalomida shunday amr etadi:

وَاتَّقُوا فِتْنَةً لَا تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنْكُمْ خَاصَّةً وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

“Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”.

“Fitna” deganda dinda fitnaga tushishni ko‘zda tutishgan. Ya’ni fitnani imon haqiqatlariga, islom xislatlari, sifatlari va farzlariga beparvo bo‘lishdan saqlanish, deb talqin qilishgan. Ayrim ulamolar esa Alloh taoloning kitobi va Hazrati Rasul akram sallollohu alayhi vasallamning sunnatlariga xilof ishlarning vujudga kelishi-eng katta fitna deb aytishadi. Shuning uchun ham barcha muhaqqiq ulamolar musulmonlarni fitnalardan saqlanish, Alloh taolo belgilab qo‘ygan chegaralardan chiqmaslik haqida ogohlantiradi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَلَا تُطِيعُوا أَمْرَ الْمُسْرِفِينَ الَّذِينَ يُفْسِدُونَفِي الْأَرْضِ وَلَا يُصْلِحُونَ

“(Shirk va ma’siyatlar bilan) haddan oshuvchilarning amriga itoat etmangiz! Ular er yuzida buzg‘unchilik qilurlar va (hech narsani) isloh qila olmaydilar”.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini Alloh taoloning nomi bilan fitnalardan ularning yomonligidan, adashtirishidan va gumrohligidan panoh tilashga yo‘llaganlar. Ba’zi o‘tgan solih ulamolarimiz shunday duo qilisharkan:

» اللهمَّ إنّا نَعُوذُبِكَ  اَنْ نَرْجِعَ عَلَى أَعْقَابِنا أوْ أنْ نُفتَنَ »

“Ey Alloh! Dindan qaytishlik yoki fitnaga mubtalo bo‘lib qolishimizda sendan  panoh tilaymiz”.

Shunga muvofiq insonlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi asossiz g‘oya so‘zlarni aytuvchi va tarqatuvchi kimsalarning hatti-harakatlaridan barcha musulmonlarni ehtiyot bo‘lishlariga chorlaymiz. Zero, din dushmanlarining fitnalari va fitnaga sabab bo‘luvchi mish-mishlari  Alloh taoloning quyidagi oyati karimasi mazmuniga mutlaqo zid va xilofdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Hazrati Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:

«يَكُونُ فيِ آخِر الزَمَانِ دَجَّالُونَ كَذَّابُونَ، يَأتُونَكُمْ مِنَ الأحَادِيثِ بَما لَمْ تَسْمَعُوا أَنْتُمْ، وَلا آباؤكم، فايَّاكُمْ وايَّاهُمْ، وَلا يُضِلُّونَكُمْ وَلاَ يَفْتِنُونَكُمْ                                     »

«Oxir zamonda dajjollar, (firibgarlar) yolg‘onchilar (jamoasi) bo‘ladi. Ular sizlar ham ota-bobolaringiz ham eshitmagan gaplarni gapiradilar. Bas, sizlar ulardan o‘zlaringizni uzoq qilinglar va o‘zlaringizdan ham ularni uzoq qilinglar. Sizlarni adashtirib va aldab fitnaga (shirkka) solib qo‘ymasin», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Yoshlarni xudbin va loqayd kimsalarga aylantirish, axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, bir jinslar nikohi, zino, giyohvandlik, buzuqlik, nima qilib bo‘lsa ham, qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham faqat boylik orttirishga intilish, oilani tan olmaslik, ko‘ngil istagan ishlarni qilish orqali “erkin bo‘lish” kabi zararli illatlarni yoyishni asosiy maqsad qilib olgan bu “madaniyat” jamiyatdagi ma’naviy hayotni izdan chiqaradi, yoshlar axloqiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan bir asr muqaddam atoqli o‘zbek ma’rifatparvari Abdurauf Fitrat: “Kimki badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga katta dushmanlik qilgan bo‘ladi”, degan edi. Bunday fitnalardan mamlakatimiz musulmonlari ham nihoyatda ogoh bo‘lishlari lozim.

Bugun insoniyat g‘oyaviy urushlar, ma’naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo‘ravon g‘oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o‘yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod(o’zboshimchalik), terror va buzg‘unchiliklar, axloqsizlik va ma’naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan hushyor va ogoh bo‘lishlari, do‘st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g‘animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo‘lidan qo‘g‘irchoq bo‘lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g‘arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo‘q.

Yoshlarimizga, farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berganda, nasihat qilib, o‘rgatganda Vatanga muhabbat ota-ona, oilasiga, ularni elu yurtga qo‘shgan urf-odatlar, udumlar-milliy qadriyatlarga, ular yugurib o‘sgan tuproq, otasi ekkan vau bilan birga ulg‘aygan daraxt, onasi tebratgan beshikka bo‘lgan muhabbat ekanligini uqtiraylik. Faqat buni his qila bilish kerak, xalos. Buni qalbdan sezmagan, eldan chiqish degani. Eldan chiqishesa, imondan qaytish demakdir. Imonni but saqlang. Alloh taolo barchalarimizni har bir ishda aql yuritib, fikrlab tafakkur qiladigan solih bandalaridan qilsin! Aql va fikr samaralaridan bahramand bo‘lib yashashimizga muyassar aylab, ikki dunyoda saodat ahlidan bo‘lishimizga nasib etsin!

Alloh taolo barchalarimizni turli fitna-fasod va ixtiloflardan saqlasin. Yurtimizni va dinimizni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan pok saqlab, O‘zining hifzu himoyasiga olsin!

 

Zaynobiddinov Ollohberdi

 Xoja buxoriy o’rta maxsus islom bilim yurtining 4-kurs talabasi