So’fi Ollohyor hazratlarining hayoti va ilmiy uslubi

38

Moturidiya ta’limotining shakllanib rivojlanishida ham, taraqqiy etishida ham Movarounnahr ulamolarining xususan yurtimiz ulamolarining alohida o’rinlari borligi hech kimga sir emas. Bu yurtdan yetishib chiqqan allomalar barcha sohalarda butun dunyoga ustoz bo’lganlar. Bugungi kunda bu yurt allomalarining kitoblari dunyoning barcha nufuzli dorulfununlarida asosiy darslik sifatida o’qitiladi. Ana shunday ulug’ ustozlardan biri moturidiya ta’limotining Movarounnahr va boshqa o’lkalarga keng tarqalishiga xizmat qilgan zot So’fi Ollohyor Hazratlaridir.

So’fi Ollohyorning tug’ilgan sanalari aniq ma’lum emas. Ba’zi tadqiqotchilarning so’zlariga ko’ra, 1630-1650 yillar oralig’ida Samarqand Kattaqo’rg’on bekligiga qarashli Minglar qishlog’ida tavallud topgan. So’fi Ollohyorning bobosi Temuryor ismli solih, taqvodor kishi bo’lgan. Otasi Olloquli zamonasining o’qimishli, obro’li, solih, insonlaridan bo’lgan. Onasining ismi Risolatbonu bo’lgan. So’fi Ollohyorning Farhod va Ollohnazar nomli akalari ham bo’lgan. So’fi Ollohyor dastlab o’z qishlog’ida savod chiqaradi. So’ng  Buxorodagi madrasalarda tahsil olishni davom ettiradi. U zot olti yoshida Qur’oni karimni yod oladi.

Dastlab Shayxlar qishlog’ida ta’lim olib, so’ngra 12 yoshida Buxoroga borib Jo’ybor madrasasida 12 yil (1648-1660) o’qishni davom ettiradi. So’fi Ollohyor o’zining iqtidori, qobiliyati, donoligi tufayli madrasani imtiyozli tugatib, Buxoro xonining e’tiborini qozonadi. Xonning maqtov yorlig’i bilan mukofotlanib, 25 yoshida xonlikning bojxona-soliq to’raligi lavozimiga tayinlanadi. Bu lavozimda halol va fidoiylik bilan ishlab davlat xazinasini boyitishga 4-5 yil (1660-1665) munosib xissa qo’shadi. Xonning  maqtov  va mukofotlariga sazovor bo’ladi. Lekin oddiy fuqarolarning qiyinchiliklarini, xonlikdagi ba’zi mansab ahlining nohaqliklarini ko’rib o’z vazifasidan voz kechib, taqvo yo’lini tutishga ahd qiladi. Nihoyat tasavvuf yo’lini tanlab, zuhdu ibodat bilan mashg’ul bo’ladi.O’sha davrning ulug’ olimi, Shayx Habibulloh qo’lida 12 yil (1668-1680) tahsil olib, tariqat ilmini o’rganib, o’zi ham shayxlik (murshidlik) darajasiga etadi. Xalqqa shariat va tasavvuf ta’limotini tushuntirish maqsadida hozirgi kundagi Tojikiston va  O’zbekistonning shahar va qishloqlariga (Panjikent, Urgut, Shahrisabz, G’uzor, Dexqonobod, Boysun, Sherobod, Qabadiyon, Qorategin, Hisor, Dehnov va boshqa joylarga) safar qilib, u yerlarda bir necha yillar yashab, tolibi ilmlarga shariat va tariqat ahkomlaridan ta’lim beradi. So’fi Ollohyor zabardast shoirgina emas, ayni paytda yirik mutafakkir, olim hamdir. U “Maxzanul mutein” asarini arab tilida, “Maslakul muttaqin” va “Murodul orifin” asarlarini fors tilida, “Sabotul ojizin” kitobini turkiy tilida yozib, Islom olamiga ulug’ meros qoldirib ketdi.

So’fi Ollohyor kitoblari o’z davrida ham, keyingi davrlarda ham madrasalarda va xalq orasida keng o’qitilganligi uchun ham u zotning nomi va kitoblari mashhur bo’lib ketgan. So’fi Ollohyorning “Sabotul ojizin” kitobi odamlar orasida “Mag’zi Qur’on” sifatida e’tirof etilgan va uni ba’zilar yod oilishgan. So’fi Ollohyorning ushbu asari juda ko’p marta qo’lyozma sifatida ko’chirilgan va nashr etilgan.

So’fi Ollohyor adabiy merosi o’zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf tarixida alohida o’rin tutadi. Agar Xoja Ahror Valiy, Mahdumi A’zam kabi bobokalonlarimiz Naqshbandiya ta’limotini ijtimoiy hayotga tadbiq etishda namuna bo’lsalar, So’fi Ollohyor bu tariqatning ta’lim tizimini madrasalarga ham olib kirdi. Allomaning “Maslakul muttaqin” asari Afg’oniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Tatariston va boshqa o’lkalarda bir necha bor chop etilgan. So’fi Ollohyor Markaziy Osiyoda yashovchi turkiy va forsiy zabon xalqlarni o’z asarlari bilan bahramand etib, ularni yagona islomiy va axloqiy hamda falsafiy-estetik mafkura bayrog’i ostida birlashtirdi. Natijada, uning sa’yu xarakati tufayli yer yuzining turli mintaqalarida yashovchi musulmonlar bir-birlari bilan ma’nan yaqinlashdilar va bir-birlarining ma’rifatparvarlik g’oyalaridan xabardor bo’ldilar. U zot o’zining ana shunday xizmatlari bilan millionlab kishilarning muallimi va murabbiysiga aylandi.

So’fi Ollohyor ko’plab ilmlar sohibi bo’lib, fors tilida ham, turkiy tilda ham mahorat bilan ijod etgan ulamolardan hisoblanadi. Asarlarida kelgan ma’lumotlarga ko’ra bu zot Shayx Habibulloh, So’fi Navro’z Buxoriy va Xo’ja Mo’min singari ustozlardan ta’lim olgan. XVII asr Naqshbandiya tariqati mujaddidiya suliki Ahmad Sirhindiyning (vaf. 1034/1624 y.) uchinchi o’g’li va xalifasi Muhammad Ma’sumning (vaf.1079/1668 y.) muridi Hoji Habibulloh Buxoriy (vaf. 1111/1699-1700 y.) vositasida Movarounnahrga kirib keldi. So’fi Ollohyorning ilm darajasi juda yuqori bo’lgani yozgan asarlaridan ham bilib olish mumkin.

So’fi Ollohyorning vafot etgan sanasi ko’pchilik tadqiqotchilarning fikrlariga ko’ra 1721 yilga to’g’ri keladi. Qabri Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog’idadir. So’fi Ollohyorning ko’plab avlodlari hozirda ushbu qishloqda yashaydilar.

Katta Vaxshivor qishlog’ining mashhurligi So’fi Ollohyor hazratlarining nomi bilan bog’liq. So’fi Ollohyor bu qishloqni obodonlashtirib, Qorabuloq nomi bilan ataluvchi buloqdan chiqqan suvni qishloqqa olib keladi va 1713 yilda xalq hashari bilan masjid qurib, ishga tushiradi. Bu masjid bugungi kunda ham xalqga xizmat qilmoqda. O’zidan minglab shogirdlar va hofizi qur’onlar qoldirgan ulug’ olimni Alloh rahmatiga olsin.

Karimov Sarvar

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom yurti

4-kurs talabasi