Alloh taologa makon nisbatini beruvchilarga raddiya
29

Bugungi kunda musulmonlar ichida Alloh taoloning sifatlari borasida turli xil botil gaplarni tarqatadigan va ularning gaplariga qarshi gapirgan haq yo’ldagi olimlarni zalolatga chiqaradigan toifalar ko’payib ketdi. Mana shunday botil e’tiqoddagi toifalarning da’volaridan biri “Alloh taologa makon nisbatini berish”dir.
Alloh taolo butun mavjudotlarni yaratuvchisi, o’zi yaratgan maxluqotlaridan behojat zotdir. Alloh taolo o’zining kalomi sharifida marhamat qilib aytadi:
وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ
“Kim kufr keltirsa, Alloh olamlardan behojatdir” (Oli Imron surasi 97-oyat)
Alloh taolo arshni ham, boshqa mavjudotlarni ham yaratgan zotdir. Alloh taolo arshni yaratishidan oldin ham arshdan behojat zot bo’lgan. Arshni yaratganidan keyin ham avval qanday bo’lgan bo’lsa, shundaydir. Zero, bir holatdan boshqa holatga o’tish, yaratilganlik belgisidir. Chunki, holatning o’zgarishi muhtojlik belgisidir. Maxluqotlarning turli hil holatlarga o’tishga ehtiyoji bor. Maxluqotlar turishga, o’tirishga, yotishga, aylanishga, yeyishga, ichishga, bir o’rindan boshqa o’ringa ko’chishga ehtiyoji bor. Alloh taolo bunday holatlarning barchasidan behojat, oliy zotdir. Alloh taoloning arshga ham, boshqa joyga ham o’ranishga ehtiyoji yo’q, oliy zotdir. Bundan tashqari, Alloh taologa biror makon nisbati berilsa, Allohga taraf nisbati ham berilgan bo’lib qoladi. Allohni ma’lum chegara bilan chegaralab qo’ygan bo’ladi. Alloh taolo arshdan o’rin olgan deyish, Allohning zotini arsh qamrab olgan, Alloh o’zi yaratgan maxluqotning ichiga kirgan deganidir. Bu gap esa zalolat va bid’atdir. Chunki, Alloh taolo o’zi yaratgan maxluqotlaridan joy olmaydi, yaratilgan narsalar ham Allohning zotiga o’rnashmaydi. Chunki, Alloh taoloning zoti yaratilgan narsalar uchun o’rin emas.
Qur’oni Karimda zikr qilingan Allohning biror makonga o’rnashganligiga dalolat qiladigan barcha oyatlar mutoshobih oyatlar hisobanadi. Mutashobih oyatlarning hukmi esa Alloh taolo Oli Imron surasi 7-oyatida bayon qilib berganidek uning ma’nosini va ta’vilini Allohga topshirishdir. Mana shu Ahli sunna va jamoa e’tiqodidir.
Alloh taolo barchamizni tog’ri e’tiqoddan adashtirmasin, sirotul mustaqimda bardavom qilsin.
Mirmaxamatov Muhammad
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
o’qituvchisi
