Olamlarni biz bandalar uchun neʼmat qilib yaratgan va bandalariga umr, vaqt neʼmatini bergan olamlarni Robbisi bo‘lgan Alloh taologa hamdu sanolar bolsin.

Bizlarga umrimizni Robbimizga itoat qilish va Allohni zikrida doim bo‘lish taʼlimini bergan Muhammad sollollohu alayhi va sallamga durudu salovatlar bo‘lsin.

Umr inson uchun berilgan neʼmatlarning eng bebaholaridan biri, chunki umrni, vaqtni hech qanaqasiga baholab bolmaydi, ya‘ni yo‘qotilgan mol-mulkni qayta toʻplash va boshqa yo‘qotilgan koʻpgina narsalarni yana Alloh taolo berishi mumkin. Lekin yo‘qotilgan vaqt qiyomatgacha sohibining huzuriga qaytmaydi.  Shu jihatdan u javohirlardanda qadrliroqdir,  shoir aytganidek:

Vaqt javohirlar bilan topilmaydi,

Balki javohirlar vaqt bilan topiladi.

 

Joniga qasd qilish esa berilishi mumkin boʻlgan qanchadan – qancha javohirlarini, qanchadan – qancha ne’matlarni yo‘qqa chiqaradi, xossatan, yashab ishlanishi mumkin boʻlgan jannatga olib boruvchi savobli amallarni ham bo‘lishi yoki koʻpayishidan to‘sadi.

Quyidagi oyati karimada Alloh taolo  marhamat qiladi:

وَلا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا * وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ عُدْوَانًا وَظُلْمًا فَسَوْفَ نُصْلِيهِ نَارًا وَكَانَ ذَلِكَ عَلَى اللَّهِ يَسِيرًا

Ya’ni:

O‘zlarnigizni o‘ldirmanglar, Alloh,  albatta, sizlarga mehribondir. Kim haddidan oshib adovat va zulm qilsa, uni, albatta, do‘zaxda kuydiramiz, bu Allohga osondir.

Shu ma’noda  bizga Rosulu akrom alayhis salomdan ham ko’plab xabarlar kelgan, jumladan,

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘l(tomiri)ni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: «Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim», dedi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadul-abad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadul-abad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadul-abad u bilan o‘zini uradi» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Sobit ibn Zahhokdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirish bilan barobardir. Kim bir mo‘minni kofirlikda ayblasa, uni o‘ldirgandek bo‘libdi. Kimki o‘zini biron narsa bilan o‘ldirsa, qiyomat kunida o‘sha narsa ila azoblanadi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bir kishi jarohatining og‘rig‘iga chidolmay, o‘limini tezlatib, qilichining tig‘i bilan o‘zini o‘ldirdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u haqda: «U do‘zax ahlidandir», dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Afsuslar bo‘lsinki, keyingi vaqtlarda o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez sodir bo‘layotganligi va bu fojiali holatlar asosan yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilayotganligi barchani tashvishga solmoqda. Bu ko‘ngilsizliklarning 97 foizi sabrsizlik, hayotni yengil sanash oqibatida, yoki, kompyuter o‘yinlari ta’sirida sodir etilmoqda. Qolgan qismi esa, ruhiy kasalliklar sababli bo‘lib, unga ham insonni o‘zi sababchidir. U ham bo‘lsa xonadondagi tartibsizliklar, masalan, insonning shaxsiy gigiyenaga amal qilmasligi, kul, mag‘zavalarni hovliga sochib aralashtirib tashlash, ovqatlangandan keyin idishlarning yuvilmasdan qolib ketishi, suv idishlarning usti ochiq qolishi, o‘rgimchak uyalariga beparvo bo‘lishlik va hokazo tozalik va poklikka oid omillardir.

O‘z joniga qasd qilish Alloh ta’oloning belgilab qo‘ygan taqdirotiga tug‘yon qilishdan iborat ekanligi sababli Islom dini fiqhiy kitoblarida o‘zini o‘zi o‘ldirgan shaxslarga janoza namozi o‘qilmasligi to‘g‘risida alohida fatvolar berilgan. O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi tomonidan barcha masjid imomlariga bu haqda qo‘llanmalar berilib, ular qattiq ogohlantirilganlar. Bundan tashqari bunday janozalarning xudoyi va boshqa ma’rakalarida ham qatnashmaslik, ular uchun Qur’on tilovat ham qilmaslik vazifasi yuklatilgan. O‘zini o‘zi o‘ldirish Alloh ta’olo huzurida eng og‘ir gunohlardan bo‘lib, shu yo‘l bilan o‘lganlar yuqorida aytilganidek oxiratda og‘ir azobga qolish bilan bir qatorda qavmu-qarindoshlarini, ota-onalarini ham og‘ir musibatga solib qo‘yadilar.

 

Fayzullayev  Sunnatullo

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs  talabasi