Janoza marosimlaridagi bid’atlar

61

Bismillahir Rohmanir Rohim

Barcha mavjudotlarni yo’qdan bor qilib, “Har bir jon o’lim (achchig’ini) totuvchidir”[1] deb marhamat qilgan Alloh taologa beadad hamd-sanolar bo’lsin.

Ummatlariga har bir ishning eng nozik nuktalarigacha bildirib, o’rgatib ketgan ikki olam sarvari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo’lsin.

Rasulullohdan ta’limotlarni o’rganib, o’zlaridan keyingilarga o’rgatgan sahobai kiromlarga Allohning roziligi bo’lsin.

Insonning ona qornidagi nutfa holidan tortib, et-suyakli bo’lib rivojlanishi, tug’ilishi, nafas olishi, yurish-turishi, harakatda bo’lishi, vaqti-soati bilan hayotdan ko’z yumishi ilohiy mo’jizadir.

O’lim Haqni anglamaganlar hayoliga o’rnashib qolganidek, hayotning tugashi emas, balki foniy dunyodan boqiy dunyo sari qilingan rihlatdir.

Insonning yaralib, umr kechirib, vafot etishi bir jarayon. Mazkur jarayon o’limdan so’ng ham davom etadi.

Buyurilgan amallarni sidqidildan bajarish, islomiy yo’l-yo’riq, qoidalarga bo’yin sunish, o’zining hamda o’zganing haq-huquqlariga rioya etish ko’zlangan maqsadga muvofiqdir.

Dinimizda bu haq-huquqlar mukammal darajada belgilangan. Islom dini inson huquqlari nafaqat ijtimoiy hayotda, balki vafotidan keyin ham amalda bo’lishini ta’minlaydi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqsak, vafot etgan insonning ham o’ziga yarasha haq-huquqlari mavjuddir. Bularni ado etish tiriklar zimmasidagi burch hisoblanadi. Ming afsuski, bu haq huquqlarni bajarishda turli, dinimizda bo’lmagan bidatlar ko’zga tashlanmoqda.Qolaversa, insonlarning “o’lim”ni noto’g’ri tushunishlari, muqaddas dinimizni bu borada ko’rsatgan ta’limotlaridan xabardor bo’lmasliklari dafn marosimlarida ko’plab xato va kamchiliklarga yo’l qo’yayotganlariga sabab bo’lyapti, desak noto’g’ri bo’lmaydi. Insonlar ongida o’rnashib, ayni kunda odat tusiga kirib qolayotgan amallarni xato ekanligini tushuntirish, ularni shar’iy hukmlar bilan bayon qilish bugungi kunning dolzarb muammosi.

Biz quyida o’z yurtimizda uchrayotgan mana shunday dolzarb masalalarning ba’zilarini keltirib o’tmoqchimiz:

Inson vafot etgach, uning jasadini xonadonda uch kun yoki bir yarim kun saqlanishi, bu holat Qoraqalpoq vohasi misolida namoyon bo’ladi, axir bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Mayyitni tez elting. Agar u solih bo’lsa, bir yaxshilikka oldinroq olib borgan bo’lasiz. Boshqacha bo’lsa, yomonlikni yelkangizdan (tezroq) qo’yasiz”, deganlarku.   Imom Buxoriy rivoyati.

Yoki qabrlarni haddan tashqari dabdabalik qilib bezatish. Kamina qulungiz ushdu holatni Qashqadaryo viloyatidagi bir qabiristonda kordi, u yerdagi qabrlar shu qadar bezatilganki, qabiriston emas balki, istirohat bo’g’iga oxshab qolgan go’yo. Buni esa dinimiz man qiladi, bu haqda Jobir roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrni bo’r bilan suvashni, uning ustiga o’tirishni va uning ustiga bino qurishni nahyi qilganlar”. Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan[2].

Termiziyning lafzida:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarning bo’r bilan suvalishidan, ularning ustiga yozilishidan va ularning ustiga bino qurilishidan va bosilishidan qaytarganlar”, de­yilgan.

Faqatgina mayyitning bosh tarafi bilinib turishi uchun bosh tomoniga kichikroq belgi qo’yish joizdir, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Usmon ibn Maz’un vafot etganda qabrning bosh tomoniga bir tosh qo’yib: “Birodarim qabrini ma’lum qilish, qarindoshlarimdan vafot etganlarni uning yoniga dafn qilish uchun shu toshni qo’ydim”, deganlar. Abu Dovud va Bayhaqiy Muttolib ibn Abdulloh ibn Hantobdan rivoyat qilishgan.

Qabirning sifati haqida Salohiddin Muhiddin  “Janoza va o’lim masalalari” kitobining 48- betida  “Qabrni bilinib tursin uchun yerdan bir qarich balandlikda cho’ziqroq tuya o’rkachi shaklida ko’tarish sunnatdir. Ba’zi namga yaqin, ozroq kavlansa suv chiqib ketadigan yerlarda mayyitni yuzaroq ko’mib, uni himoya qilish uchun, sharoitdan kelib chiqib, tepasiga g’ishtdan sag’ana qilishga ruhsat etilgan”[3], deb yozadi.

Bundan tashqari Yuvish amaliyotini bajarishda avratga beparvolik, o’ng chapga e’tiborsizlik;

Ayollarni kafan qismlarida miqdoridan oshirib yuborish, yaroqsiz yohud ipakka o’xshash matolarni ishlatish;

Janozaga hozir bo’la turib qatnashmaslik, qatnashsada tahoratsiz bo’lishi, oyoq kiyimini pokligiga e’tiborsizlik;

Tobutni ko’tarishda sunnatlariga amal qilmaslik, uvvos solib yig’lash, baland ovozda gapirish, boshqa din vakillariga taqlid;

Dafn amaliyotini to’g’ri bajarmaslik;

Qabr toshga turli she’rlar, tilaklar bitish, marmar va shunga o’xshash narsalardan qabr toshlar o’rnatish;

Gul, taom qo’yib ketish;

Latta bog’lash, qabrni tavof qilish, bola kokilini atash;

“O’lik tortadi”, degan tushunchalarni mavjudligi;

Azani muddatidan oshirishlik, turli xil liboslarni ta’yin qilish;

Ta’ziyaga “qarz” tushunchasida tashrif buyurish;

Meros masalasiga e’tiborsizlik.

“Yigirma”, “qirq”, “yil oshi” kabi tushunchalarni odamlar ongida mavjudligi bu juda ayanchli holatdir. Bu holatni bartaraf qilish uchun esa ko’proq kitob mutoala qilish va dinimiz ko’rsatmalarini chuqurroq o’rganish lozim bo’ladi. Bugungi kunimizda diniy kitob yo qo’llanmalarni yurtimizning har qaysi chekkasidan topish mumkin bu kitoblar o’zimizning o’zbek zabonida chop etilayotgaligi esa biz uchun yanada yengillikdir. Sunday ekan turli bidat amallarni bajarishdan saqlanish uchun dinni yaxshuroq o’rganish barchamiz ushun lozimdur. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlar mening va to’g’ri yo’lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo’lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek, mukammal ushlanglar. Dinga yangilik kiritishdan saqlaninglar, albatta, har qanday bidat- zalolatdir”, deganlar (Imom Abu Dovod va Imom Termiziy rivoyati). Qolaversa dinga yangilik kiritish, go’yoki, Alloh va uning Rosuli bilmagan narsani “men topdim”,-degan davo qilishdir. Vaholangki Islom-Alloh tomonidan yuborilgan mukammal va barkamol dindir. Biz musulmonlarning vazifamiz-dinimizning mohiyatini to’g’ri anglab yetib, hayotimizga tatbiq qilish va turli bidat-xurofotlarni paydo qilmaslikdir. Alloh barchamizni O’zining to’g’ri yo’lida bardavom qilsin.

Akramov Alisher

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi

 [1]Ankabut surasi 57- oyat.

[2] Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Hadis va Hayot. Toshkent, Sharq 2011. –J. 7, –  B. 288  .

[3] Salohiddin Muhiddin, Islomda o’lim va janoza masalalari. Toshkent, Movarounnahr 2000. –B. 48.