Islomda qimmatbaho toshlardan foydalanishning hukmlari

101

Bandalariga barcha yaxshiliklarni bayon qilib, ularga amal qilishni amr etgan Alloh subhanahu va taologa bitmas tugamas hamdu sanolar bo’lsin!

Barcha ulamolar islom shariati belgilab bergan qonun qoidalarga binoan ziynatlanish mumkin ekanligiga bir ovozdan ittifoq qilishgan. Biror ziynat vositasi bilan ziynatlangan insonga shar’iy monelik yo’qdir Alloh taoloning mana bu oyati karimasiga muvofiq. Sen: «Alloh o’z bandalariga chiqargan ziynatlarni va pokiza rizqlarni kim harom qildi?!»- deb ayt. A’rof surasi 32-oyati karima. Oyati karimadan inson ziynatlanadigan narsalarning barchasi halol ekanligi kelib chiqadi. Chunki oyati karima foydalanish mumkin bo’lgan barcha insonga manfaati tegadigan narsalarni halol ekanligini taqozo qilmoqda. Harom qilingan ziynatlarning haromligi esa boshqa e’tibor bilandir. Ulamolar mana shundan keyin ziynatlanish hukmi borasida ixtilof qilishgan.

Birinchi toifa (Hanbaliy mazhabi) ulamolari ziynatlanish mustahab amal, insonning tavoze’si (taqvosi) ziynatni tark qilish bilan bo’ladi deganlar. Mana shu gapni Hanafiy ulamolardan bo’lmish Imom Saraxsiy qo’llab quvvatlaganlar.

Ikkinchi toifa (Hanafiy mazhabi) ulamolari ziynatlanish mumkin degan gapni aytganlar.

Uchinchi toifa (Hanafiy mazhabi va Molikiy mazhabi) ulamolari ziynatlanish mustahabdir deganlar.

To’rtinchi toifa (Shofeiy mazhabi) ulamolari ziynatlanishda o’rtacha yo’lni tutish mustahabdir deganlar.

Qimmatbaho toshlardan ziynat maqsadida foydalanishdagi hikmatlar ko’pdir. Hanafiy mazhabining bu boradagi qarashlariga ko’ra Alloh taolo qimmatbaho toshlarni yaratishdagi maqsadlaridan biri insonlar ulardan ziynat maqsadida foydalanishi demakdir. Qimmatbaho toshlar insonlarning tashqi ko’rinishlarini go’zal qilib turadi. Insonlar ichida bu ziynatga ko’proq ayollarning ehtiyoji bor. Ularning bu ehtiyojlaridan kelib chiqib, taqinchoqlardan foydalanishda ularga erkaklarga qaraganda ko’proq imkoniyat bergan. Ammo undan foydalanish Alloh taoloning “Ziynatlarini ko’rsatmasinlar. Magar zohir bo’lganlari bo’lsa mayli” oyatiga amal qilish uchun ayollar uchun eng yaxshi va ehtiyotlisi ko’chaga qimmatbaho taqinchoqlarni taqqan holda nomahramlarning ko’ziga ko’rinmasliklaridir.

Ayollar tillo va kumushdan yasalgan taqinchoqlardan foydalanishi joiz. Tillo va kumushdan boshqa metallarda esa, ixtilof bor. Hanafiy mazhabida esa, temir, mis, qo’rg’oshin kabi arzon metallardan tayyorlangan taqinchoqlardan foydalanish nojoiz, javohir, marjon kabi tillo kumushdan boshqa bo’lsa ham qimmatbaho bo’lgan taqinchoqlardan foydalanishi joiz.

Qimmatbaho taqinchoqqa jonsiz narsaning surati naqsh qilib solingan bo’lsa yoki jonsiz narsaning shaklida yasalgan bo’lsa, uning zarari yo’q, aksincha jonli narsaning surati naqsh qilib tushirilgan yoki jonli narsaning shaklida yasalgan bo’lsa, foydalanish mumkin emas. Musulmon bo’lmaganlarning diniy shiorlari bo’lgan taqinchoqlar ham shular jumlasidan. Undan tashqari to’liqsiz, chala yasalgan, yoki to’liq yasalgan bo’lsa-da, uning asosiy a’zolari (bosh, ko’krak) yo’q qilingan taqinchoqlarni taqishning ham zarari yo’q.

Erkaklarning tillo taqinchoqlarning har qanday turidan foydalanish mumkin emasligi, asli boshqa metalldan yasalgan, lekin ustiga tillo suvi yuritilgan taqinchoqni ham erkaklar taqishi mumkin emasligi, balog’atga yetmagan bolalarning tillo va kumushdan yasalgan taqinchoqlardan foydalanishi joiz ekani, hanafiylarda esa makruh ekani, kumush uzukni taqish joiz ekani, ba’zi mazhablar sunnat ham degani ilmiy ish xulosalaridan biridir. Uzukni ikki qo’lga ham taqish joiz deyilsada, hanafiy mazhabida uzuk taqmaslik afzal deyilgan. Ayrim mazhablarning taqinchoqlarni taqishda uning og’irligi uchun miqdor belgilanmagan bo’lsa, lekin hanafiy mazhabida uning miqdori bir misqoldan ortib ketmasligi kerak.

 

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti

4 – kurs talabasi Meliqulov Ibrohim