USTOZLAR — JAMIYAT CHIROG‘I

73

Insonlarni ilm bilan fazilatli qilgan Alloh taologa hamdu sanolar va maqtovlar bo‘lsin.

«Ilmni Xitoyda bo‘lsa ham o‘rganinglar», deb biz ummatiga ilm olishning fazilatini ta’lim bergan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga durudu salovotlar bo‘lsin.

Albatta, «ustoz» so‘zi haqida gap ketganda qalbimizda boshqacha bir muhabbat uyg‘onadi. Chunki biz tug‘ilib, endigina hayotga qadam qo‘ygan paytimizdan boshlab ustozlar bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga yordam beradilar.

Bu dunyoni ustozlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Agar dunyo qorong‘u zulmat bo‘lsa, uni yorituvchi chiroqlar — ustoz va murabbiylardir.

Har qanday ilmni ustoz va murabbiysiz o‘rganaman, degan kishi kechasi qorong‘uda chiroqsiz yo‘l yurmoqchi bo‘lgan kishiga o‘xshaydi. Bunday kishining yo‘ldagi qancha-qancha chuqur va notekis joylarga tushib qolish ehtimoli katta. Shuning uchun unga albatta yo‘lini yoritadigan chiroq kerak bo‘ladi. Xuddi shuningdek, biror ilmni mukammal o‘rganishni istagan kishi uchun ham ustoz albatta kerak.

Allohga hamdlar bo‘lsinki, butun taqvodorlarga imom bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan ilm-ma’rifatni o‘rgangan sahobalar, tobeinlar va ulardan keyingi avlodlar ilmni bizning ota-bobolarimizga yetkazdilar. Ota-bobolarimiz esa ilmning, ustozlarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini hamda ularga qanday munosabatda bo‘lish lozimligini bizlarga ta’lim berdilar.

Bu borada juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Xususan, Aliy roziyallohu anhu: «Menga bir harf o‘rgatgan kishining quliman, xohlasa sotsin, xohlasa qul qilib olsin», deb ustozni qanchalik hurmat qilish lozimligini ta’kidlaganlar.

Bobomiz Burhoniddin Marg‘inoniy — «Al-Hidoya» asari muallifi — majlislarda goh-gohida o‘rnidan turib qo‘yar ekanlar. Buning sababini so‘rashganida: «Ustozimning o‘g‘li yosh bolalar bilan o‘ynab, masjid eshigi oldiga kelgan paytda ustozimga hurmat yuzasidan o‘rnimdan turaman», degan ekanlar.

Ulamolarimiz ustozni hurmat qilish va ilm ahliga odob bilan munosabatda bo‘lishning naqadar muhim ekanini doimo ta’kidlab kelganlar.

Bugungi kunda ham ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor tufayli ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida katta yutuqlarga erishilmoqda. UNESCO tomonidan 5-oktabr — Butunjahon o‘qituvchilar kuni (World Teachers’ Day) sifatida nishonlanadi. Bundan tashqari, ko‘plab davlatlarda ustoz va murabbiylarga bag‘ishlangan alohida kunlar mavjud.

Xususan, bizning jonajon Vatanimiz — O‘zbekiston Respublikasida ham 1-oktabr «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» sifatida belgilangan. Bu kunda ustoz va murabbiylarimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborimiz yanada ortadi.

Shu munosabat bilan barcha ustoz va murabbiylarimizga qilayotgan sharafli ishlarida omad va zafarlar tilaymiz. Doimo biz, tolibi ilmlarga ilm berishda Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘lsin!

Xoja Buxoriy madrasasi 4-A guruh talabasi Shopulatov Muhammadqodir

«Yosh tadqiqotchilar» a’zosi