,,OYATI MUDOYANA” HAQIDA BILASIZMI ?
35

2-qism
,,Kichik bo‘lsa ham, katta bo‘lsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang”. Ya’ni qarz kichik miqdorda bo‘lsa ham, katta miqdorda bo‘lsa ham, vaqtini aniq qilib, qachongacha olinganini aytib-yozib qo‘yishni malol olmang. Keyin yozib qo‘yarman, eslab qoldim, shuni ham yozib o‘tiradimi, kabi bahonalar behuda ekanligi ushbu jumladan ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bu ta’kiddan ko‘rinadiki, nima bo‘lsa ham yozib qo‘yish lozim ekan. Chunki bu ishning foydasi juda ham katta, uning hikmatlarini keyingi jumla bayon qilmoqda: ,,Shunday qilmog‘ingiz Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir”. Demak, qarz oldi-berdisini yozib qo‘yish Allohning huzurida adolatliroq, afzalroq ekan. Guvohlik sifatida ham og‘zakisidan ko‘ra kuchliroq ekan. Va nihoyat, shunday qilinganida, shubhaga o‘rin qolmas ekan. Bulardan ma’lum bo‘ladiki, qarzni yozib qo‘yish to‘g‘ri ish, nozik va daqiq ish, ishonchli ish va xotirjamlikni paydo qiluvchi ishdir. Qarz ma’lum muddatga olinadigan bo‘lsa, hukmi shunday. Ammo yurib turgan savdo ishlari bo‘lsa, yozish shart emas. Chunki hamma narsa aniq: Mol oldida turibdi savdo tez-tez takor bo‘lib turadigan narsa, har birini yozish zarur bo‘lsa, qiyinlashib ketadi: ,,Magar oralaringizda yurib turgan naqd savdo bo‘lsa, yozmasangiz ham, sizga gunoh bo‘lmas”. Yozib borsa, o‘zining ishi, lekin yozmasa, gunoh emas. Bundan chiqadiki, avval zikr qilingan narsalarni yozmasa, gunoh bo‘ladi.
,,Oldi-sotdi qilganingizda, guvoh keltiring va yozuvchi ham guvoh ham zarar tortmasin”. Savdo ishlariga guvoh keltirish haqidagi hukmni ulamolar ,,mandub”, deganlar. Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida ba’zi kelishmovchiliklar paydo bo‘lib qolsa, guvohlar haqni o‘rnatishda o‘z guvohliklari bilan yordam berardilar. Oyatning avvalidan hozirgacha yozuvchi va guvohlarga vazifa yuklanib keldi. Ularga ushbu xizmatdan qochmaslik qayta-qayta tayinlandi. Mazkur jumlada esa yozuvchi va guvohlarning haqlari himoya qilinayapti. Ular yozuvchilik va guvohlik qilayotganlarida zarar tortmasliklari zarur. Odatda yozuvchi va guvohlar savob umidida vaqt sarflab, mehnat qiladilar. Lekin ko‘pincha balo va tuhmatlarga ham qoladilar. Shuning uchun ularning xotirini jam qiladigan, bu savobli ishga qiziqtiradigan va’da shu yerda kelmoqda: ,,Agar ( aksini ) qilsangiz, albatta, bu fosiqkligingizdir”. Ya’ni agar yozuvchi va guvohga zarar keltirsangiz, fosiqlik qilgan bo‘lasiz, Allohning amridan chiqqan bo‘lasiz. Oyatning so‘ngida yana Qur’oni Karimning odati bo‘yicha, kishining vijdoniga, qalbiga, asosiy ta’sir joyiga xitob qilingan: ,,Allohga taqvo qiling. Va Alloh sizga ilm beradi. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir”. Huddi boshqa ishlardagi kabi bu ishlarda ham taqvo muhim omil hisoblanadi. Taqvo bo‘lsa, Alloh ilm ham beradi. U fazli ulug‘ Zotdir. Alloh har bir narsani biluvchi Zot, O‘zi bilib ish tutadi.
“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi Fiqh fani o‘qituvchisi: Maxsumov Maqsud
