O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIGINING 35 YILLIGI: SHONLI YO‘L VA YUKSAK PARVOZ
15

Yillar o‘tadi, avlodlar almashadi, lekin xalqimiz tarixida oltin harflar bilan bitilgan muqaddas bir sana — 1-sentabr, O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni abadiy unutilmas bo‘lib qoladi. 2026-yilda biz aziz va go‘zal Diyorimiz hurligining 35 yillik qutlug‘ bayramini zo‘r shodu xurramlik, yuqori kayfiyat va katta yutuqlar bilan nishonlamoqdamiz. Bu qisqa davr mobaynida Vatanimiz asrlarga tatigulik rivojlanish va yuksalish yo‘lini bosib o‘tdi.
Mustaqillik — bu shunchaki siyosiy tushuncha emas. U har birimiz uchun erkin nafas olish, o‘zligimizni anglash, milliy qadriyatlarimiz va boy tariximizni qayta tiklash imkoniyatidir. O‘tgan 35 yil mobaynida mamlakatimiz iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ulkan marralarni zabt etdi. Bugun Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rniga, mustahkam mavqeiga ega va ochiq, tinchliksevar siyosat yuritayotgan baquvvat davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Shahar va qishloqlarimizning zamonaviy qiyofasi, navqiron yoshlarimizning ilm-fan, sport va san’at sohalarida dunyo sahnasidagi zafarlari, xalqimizning farovon hayoti — bularning barchasi mustaqillik bergan bebaho ne’matlardir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida «Inson qadri uchun» degan ulug‘vor g‘oya yotganligi, vatandoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar! Mustaqilligimiz abadiy, osmonimiz musaffo, el-yurtimiz tinch va farovon bo‘lsin!
Alimardon Karomatov, Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi matbuot kotibi
