Vitr namozi nafllardanmi? (Soxta salafiylarga raddiya)
31

Darhaqiqat, hozirgi zamonda o‘zlarini nomlashdagina salaflarga nisbat beradigan ayrim toifalar ko‘plab masalalarda mazhabga, ulamolar ittifoqiga zid ravishda turli iddiolarni ilgari surmoqdalar. “Vitr namozi vojib ham sunnat ham emas, balki nafl amallardan, uni doimiy o‘qilmaydi” deydiganlar ham shular jumlasidan. Aslida ham shundaymi? Buni dalillar bilan ko‘rib chiqamiz .
Bilamizki, Hanafiy mazhabida vitr namozi vojib, boshqa mazhablarda vojibga turli ta’riflar berilgani sababli sunnat muakkadadir. Quyidagi sahih hadislarda vitr vojib amal ekanligi, boshqa nafl va sunnat amallardan ko‘ra ta’kidli ekanini ko‘rishimiz mumkin:
“Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy alayhissalom aytdilar: “Tong otishidan oldin vitr o‘qinglar”. Ibn Umar roziyallohu anhu hadisida esa “Tong otishidan oldin vitrga shoshilinglar ”. Imom Muslim rivoyat.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xushxabar berib aytdilar: “Alloh sizlarga bir namozni ziyoda qildi. U Vitrdir.” dedilar.” Imom Doraqutniy rivoyati.
Imom Tahoviy o‘zining mashur “Sharh maoniy al- osar” kitobida bunday rivoyatlardan 108 dan ortig‘ini keltirgan. Ko‘rinadiki, har bir hadisda vitrga buyurilgan, uni muhofaza qilishga targ‘ib qilingan.
“Muhit” kitobida Imom Abu Hanifa rohimahulloh “Vitr namozi sunnatdir” degan gaplari naql qilinadi. Bunga Imom Tahoviy “Abu Hanifa rohimahullohning bu so‘zlaridan maqsad – vitr namozni hadis bilan sobit bo‘lganidir. Chunki, u zotning oxirgi qavllar vitrning vojibligidir” deb javob bergan.
Uni mustahab deb aytayotganlar A’robiy hadisini dalil qilishadi. Ushbu hadisda bir a’robiyga Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Alloh farz qilgan besh vaqt namozni o‘qi” deydilar. u kishi esa “Meni zimmamda yana boshqa namoz bormi ?” deb so‘raganda “Yo‘q, qolgani nafllardir” deb marhamat qiladilar. Hadis matnidan besh vaqt namozdan boshqasi nafl ekan, vitr ham shular jumlasidan ekanligi ko‘rinadi. Lekin, Alloma Ibn Hajr rahimahulloh “Fathul Boriy” asarida “Ulamolar a’robiy bilan bo‘lgan voqea virt vojib bo‘lishidan oldin sodir bo‘lganiga ittifoq qilganlar” deya izohlaydi. Bu hadis bilan vitr namozining naflligiga hujjatlanish to‘g‘ri emas.
Demak, yuqoridagi dalillar orqali ma’lum bo‘ladiki vitr namozi qolgan nafllar kabi emas. Balki vojib amal, shuning uchun ham uni vaqtida o‘qiy olmagan kishi farz namozlaridek qazo qiladi.
Muzaffar Qosimov,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
