QUR’ONI KARIMNING NOZIL BO‘LISH TARIXI VA BOSQICHLARI

16

Qur’oni Karim Alloh taoloning insoniyatga yuborgan oxirgi samoviy kitobi bo‘lib, u Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali nozil qilingan. Qur’on musulmonlar uchun e’tiqod, ibodat, axloq va hayotning barcha jabhalarini tartibga soluvchi ilohiy manbadir. Uning nozil bo‘lish tarixi va bosqichlarini o‘rganish Qur’on ilmlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Islom manbalariga ko‘ra, Qur’on ilk bor Ramazon oyida nozil qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi:

«Ramazon oyi — odamlarga hidoyat bo‘lgan Qur’on nozil qilingan oydir» (Baqara, 185-oyat).

Shuningdek, Qadr surasida:

«Albatta, Biz uni Qadr kechasida nozil qildik» (Qadr, 1-oyat).

Ulamolar ushbu oyatlarga tayangan holda Qur’on avval Lavhul-Mahfuzdan Baytul-Izzaga bir yo‘la tushirilganini, keyinchalik esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida bo‘lib-bo‘lib nozil qilinganini bayon qilganlar.

Qur’onning birinchi bosqichda Lavhul-Mahfuzdan dunyo osmonidagi Baytul-Izzaga tushirilgani haqida sahobalardan rivoyatlar kelgan.

Ikkinchi bosqich esa Qur’onning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali 23 yil davomida nozil bo‘lishidir. Bu davr13 yil Makka davri; 10 yil Madina davridan iborat.

Dastlabki nozil bo‘lgan oyatlar Alaq surasining ilk besh oyati hisoblanadi:

«O‘qi! Seni yaratgan Robbing nomi bilan o‘qi!» (Alaq, 1-oyat).

Shu bilan birga Qur’onning birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich nozil bo‘lishida ham ko‘plab hikmatlar mavjud:

  1. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblarini mustahkamlash.
  2. Yuz berayotgan voqealarga mos ravishda hukmlar nozil qilish.
  3. Sahobalarning oyatlarni yod olishlarini osonlashtirish.
  4. Jamiyatni bosqichma-bosqich tarbiyalash.

Alloh taolo shunday deydi:

«Biz uni qalbingni mustahkamlash uchun bo‘lib-bo‘lib nozil qildik» (Furqon, 32-oyat).

Qur’oni Karim insoniyat uchun eng buyuk hidoyat manbai bo‘lib, uning nozil bo‘lish tarixi ilohiy hikmatlarga boydir. Qur’onning 23 yil davomida bosqichma-bosqich nozil qilinishi musulmon jamiyatini tarbiyalash, hukmlarni asta-sekin joriy etish va vahiylarni yod olishni osonlashtirish kabi ulkan maqsadlarga xizmat qilgan.

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Homidov Hikmatulloh