VATAN HIMOYASIDA SHAHID BO’LGANLAR

48

Islom dinida Vatan, xalq, din, nomus va mazlumlarni himoya qilish ulug‘ amallardan sanaladi. Alloh yo‘lida, haqiqat va adolatni himoya qilib halok bo‘lgan insonlar shahid maqomiga erishishi Qur’on va hadislarda bayon qilingan.

Bugungi kunda Vatan himoyasida jon bergan insonlarni xotirlash va ularning fidoyiligini qadrlash jamiyatning ma’naviy burchidir. Qur’on oyatlari va Rasululloh ﷺ hadislarida bunday xizmatda o’tganlarni fazilati, ularning Alloh huzuridagi martabasi va mukofoti haqida ko‘plab dalillar kelgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

“Alloh yo‘lida o‘ldirilganlarni o‘liklar deb hisoblamanglar. Balki ular tirik, Robbilari huzurida rizqlanmoqdalar”. (Oli Imron surasi 169-oyat.)

Ya’ni, din rivoji, vatan himoyasi, xalq farovonligi, nomus toptalmasligi uchun jonlarini fido qilganlar, Allohning huzurida oliy martabaga erishgan va doim rizqlanib turuvchidirlar. Ular bizning nazdimida o‘lik bo‘lsalarda, lekin ular tirikdirlar. Ularni doim eslab yurish, ortda qolib, farovon hayot kechirayotgan -bizlar uchun shartdir.

Boshqa oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Allohning yo‘lida o‘ldirilganlarni o‘liklar demang. Balki ular tirikdirlar, lekin siz sezmassiz”. (Baqara surasi 154-oyat).

Ular barzax hayotida tirik ekanlarini Alloh taolo xabarini bermoqda.

Hadislarda shahidning gunohlari kechirilishi haqida shunday rivoyatlar keladi.

Rasululloh ﷺ dedilar:

“Shahidning Allohning huzurida olti xislati bor: birinchi zarba bilan gunohlari mag‘firat qilinadi. Jannatdagi maqomini ko‘radi. Qabr azobidan saqlanadi. Qiyomat daxshatidan omonda bo’ladi, boshiga viqor toji kiydiriladi…”. Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati.

Vatan, mol va oilani himoya qilib halok bo‘lgan inson haqida hadisi sharifda Rasululloh ﷺ shunday deganlar:

“Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa — shahid. Kim oilasini himoya qilib o‘ldirilsa — shahid. Kim dinini himoya qilib o‘ldirilsa — shahid. Kim jonini himoya qilib o‘ldirilsa — shahid”. (Sunan at-Termiziy Sunan Abu Dovud).

Demak, o‘z mol-mulkini g‘animdan himoya qilib, shu yo‘lda halok bo‘lsa, oliy maqomda yoki oila-a’zosini himoya qilib, shu yo‘lda jon fido qilsa, u ham shahid yoki dinini muhofaza qilish yo‘lida halok bo‘lsa, albatta shahid hamda o’z jonini saqlash yo‘lida yovga qarshi jang qilib o‘ldirilsa, u ham shahid ekan. Bularning barchasi yurt va vatan oila, millat, qadr-qimmatni himoyasi yo‘lidagi xizmatdir. Bularning maqomi ulug‘ bo‘lgan ishlardan. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan mo‘min musulmon vatandoshlarimiz ham shular jumlasidan bo‘lib, ular o‘z vatani, oila-a’zosini himoyasi yo‘lida jon fido qilganlardir.

Qur’on va hadislarda shahidlarning maqomi nihoyatda ulug‘ ekani bayon qilingan. Vatan, din, xalq va tinchlikni himoya qilish yo‘lida jon bergan insonlar Alloh huzurida yuksak martabaga ega bo‘ladilar. Ularning hayoti va fidoyiligi kelajak avlod uchun jasorat, sabr va vatanparvarlik namunasi bo‘lib qoladi.

Alloh taolo yurt, millat, din, oila farovonligi uchun jang qilib jon fido qilgan vatandoshlarimzdan rozi bo‘lib, oliy jannatlari ila mukofotlasin. Ortda qolgan biz avlodlarni ham o‘z vatani, millati, dini, oilayu jonini himoyasida mahkam turuvchilardan qilsin. Dinimiz va yurtimizni turli fitnalardan omonda saqlasin!

Muhibulloyev Said-Muhammadxon Dovudxon o‘g‘li

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi