TORTISHUV EMAS, TUSHUNISH MUHIM
33

Bugungi kunda odamlar orasida turli fikr va qarashlar ko‘p. Ayniqsa, din haqida gap ketganda, ba’zan oddiy suhbat tortishuvga aylanib ketadi. Lekin shuni unutmaslik kerak: tortishish hech qachon yaxshi natija bermaydi.
Har bir insonning e’tiqodi o‘ziniki. Kimdir dinni chuqur biladi, kimdir esa kamroq tushunadi. Bu tabiiy hol. Shuning uchun birovning fikriga qarshi chiqish yoki uni majburlab o‘zgartirish to‘g‘ri emas.
Qur’onda ham bu haqda go‘zal ko‘rsatma berilgan: “Rabbing yo‘liga hikmat va go‘zal nasihat bilan da’vat qil va ular bilan eng yaxshi usulda munozara qil” (Nahl surasi, 125-oyat).
Bu oyat bizga qattiq tortishuv emas, balki hikmat va muloyimlik bilan gapirish kerakligini o‘rgatadi.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim nohaq bo‘la turib, tortishuvni tark etsa, unga jannatning chetidan (pastroq joyidan) uy berilishiga kafilman. Kim haq bo‘la turib, tortishuvni tark etsa, unga jannatning o‘rtasidan uy berilishiga kafilman. Kim xulqini go‘zal qilsa, unga jannatning eng yuqorisidan uy berilishiga kafilman», dedilar». Bu hadis tortishuvdan qochish qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Oddiy hayotda ham ko‘ramiz: tortishgan odamlar bir-birini tushunish o‘rniga, yanada uzoqlashib ketadi. Gapni muloyimlik bilan, hurmat bilan aytilsa esa, insonlar bir-biriga yaqinlashadi.
Xulosa qilib aytganda, tortishuv emas, tushunish muhim. Bir-birimizni hurmat qilsak, jamiyatda tinchlik va totuvlik bo‘ladi.
Alimardon KAROMATOV, Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi Matbuot kotibi
