JINLARNING IYMONI VA ULARNING TABIATI

34

Jinlar mavjudligi Qur’on va sahih hadislarda aniq bayon qilingan. Jinlar inson kabi mukallaf maxluq bo‘lib, ularga ham iymon va ibodat vojibdir.

Qur’oni karim jinlarning yaratilishini ochiq ifodalaydi:

وَخَلَقَ الْجَانَّ مِنْ مَارِجٍ مِنْ نَارٍ    “Jinlarni alangali olovdan yaratdi.”

Bu oyat jinlarning moddiy emas, nozik va oloviy tabiatga ega ekanini ko‘rsatadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, jinlar tezkor harakatlanish, turli shakllarga kirish xususiyatiga ega.

Jinlar faqat mavjudot emas, balki mas’uliyatli maxluqdir. Alloh taolo marhamat qiladi:

وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ

“Men jinlar va insonlarni faqat Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim.”

Bu oyat jin va inson o‘rtasidagi eng muhim o‘xshashlikni bildiradi — har ikkisi ham ibodat uchun yaratilgan.

Jinlarning iymon keltirishi haqidagi eng mashhur dalil Qur’onda keladi:

قُلْ أُوحِيَ إِلَيَّ أَنَّهُ اسْتَمَعَ نَفَرٌ مِنَ الْجِنِّ فَقَالُوا إِنَّا سَمِعْنَا قُرْآنًا عَجَبًا ۝ يَهْدِي إِلَى الرُّشْدِ فَآمَنَّا بِهِ

“Ayting: Menga vahiy qilindi — jinlardan bir guruhi tinglab dedi: “Albatta, biz ajib Qur’on eshitdik. U to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Bas, biz unga iymon keltirdik.’”

Bu oyatlar jinlarning ongli, tushunadigan va hidoyatni qabul qiladigan maxluq ekanini aniq ko‘rsatadi.

Ibn Abbos (roziyallohu anhuma)dan rivoyat qilinadi:

ما قرأ رسول الله ﷺ على الجن ولا رآهم، ولكن انطلق في طائفة من أصحابه…

Mazmunan: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) jinlarni qasddan chaqirib Qur’on o‘qimagan edilar. U zot sahobalari bilan yo‘lda bomdod namozini ado etayotganlarida jinlar Qur’on tilovatini eshitib qolganlar.

Bu rivoyat bir muhim haqiqatni bildiradi: jinlar Qur’onni eshitib iymon keltirgan, ya’ni Qur’on hidoyati insonlargagina emas.

Jin va farishta o‘rtasidagi farq shuki Farishtalar — أجسام نورانية (nuroniy maxluq)

Jinlar — أجسام نارية (oloviy maxluq) Jinlar ixtiyorli, farishtalar esa Alloh amriga mutlaq bo‘ysunuvchidir:

لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ “Ular Alloh buyurgan narsaga osiy bo‘lmaydilar.”

Jinlar esa iymon va kufr o‘rtasida tanlov qiladilar.

Qur’oniy istilohga ko‘ra, har bir jin shayton emas. Shayton — itoatsiz, isyonkor jin:

إِلَّا إِبْلِيسَ كَانَ مِنَ الْجِنِّ فَفَسَقَ عَنْ أَمْرِ رَبِّه

“Iblis jinlardan edi, bas, Parvardigorining amridan chiqdi.”

Demak, “shayton” sifat, “jin” esa turdir.

Islom manbalarida jinlar: Haqiqiy mavjudot. Mukallaf maxluq.Iymon keltiruvchi yoki kofir bo‘lishi mumkin. Qur’on hidoyatidan bahramand bo‘ladigan zotlar sifatida tasvirlanadi. Jinlar haqidagi oyatlar musulmon kishiga g‘ayb olamiga iymon, Alloh qudratini anglash va Qur’onning umumiy hidoyat kitobi ekanini chuqurroq tushunishga yordam beradi.

 

Tursunpo‘latov Azizbek

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi