Ro‘zani buzmaydigan amallar va uning tarbiyaviy ahamiyati

17

Ro‘za islomning besh ruknidan biri bo‘lib, uning hukmlarini to‘g‘ri tushunish har bir musulmon uchun muhimdir. Ayniqsa, ro‘zani nima buzishi yoki buzmasligini bilish ibodatni ishonch va xotirjamlik bilan ado etishga xizmat qiladi.

Qur’oni karimda ro‘zaning mohiyati va yengillikka asoslangani quyidagicha bayon qilingan:

﴿يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ﴾

“Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”.
(Baqara surasi, 185-oyat).

Bu oyat ro‘za va boshqa ibodatlarda shariat insonga yengillik berish tamoyiliga asoslanishini ko‘rsatadi.

Fiqh ulamolari ro‘zaning asl mohiyati yeb-ichish va jinsiy yaqinlikdan tiyilish ekanini ta’kidlab, shu ma’noga zid bo‘lmagan holatlar ro‘zani buzmasligini bayon qilganlar.

Beixtiyor va qasddan bo‘lmagan holatlar ro‘zani buzmaydi. Ro‘zadorning  unutib yeb-ichishi, ehtilom bo‘lishi, chang tutun yoki pashsha kabi narsalar og‘ziga kirib ketishi bilan ro‘zasi buzilmaydi. Bu holatlarda insonning irodasi ishtirok etmagani uchun shariat yengillik bergan.

عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه أن النبي ﷺ قال: ثلاث لا يفطرن الصائم: الحجامة، والقيء، والاحتلام (رواه الترمذي)

Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Uch narsa ro‘zadorning ro‘zasini buzmaydi: qon oldirish (hijoma), qayt qilish va ehtilom bo‘lish”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, fiqh kitoblarida ko‘zga dori yoki surma qo‘yish, misvok qilish, g‘usl qilish yoki salqinlashish, junub holda yurish va balg‘am chiqishi kabi holatlar ham ro‘zani buzmasligi keltirilgan. Chunki bular ozuqa qabul qilish ma’nosiga kirmaydi.

Tish orasida qolgan juda kichik narsani yutib yuborish ro‘zani buzmaydi. Sababi bu holatdan to‘liq saqlanish qiyin. Ammo kattaroq narsani qasddan yeb yuborish ro‘zani buzadi.

Fiqhiy jihatdan ro‘za buzilmagani bilan, ayrim amallar uning savobiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Masalan, shahvatni qo‘zg‘atuvchi qarashlar, behuda ishlar va gunohkor qiladigan so‘zlar. Bu holatlar ro‘zadan ko‘zlangan tarbiyaviy maqsadga ham ziddir.

Xulosa qilib aytganda, ro‘zani buzmaydigan holatlarni o‘rganish ibodatni ishonch bilan ado etishga, ortiqcha shubhalardan xalos bo‘lishga va ro‘zaning ma’naviy mazmuniga ko‘proq e’tibor qaratishga yordam beradi. Shariatning yengillik va rahmatga asoslangani ushbu masalalarda yana bir bor namoyon bo‘ladi. Shu bois, har bir mo‘min ro‘zani faqat odat sifatida emas, balki ilm va fiqhga tayanib, uning tarbiyaviy va ruhiy samarasini his etgan holda tutishi maqsadga muvofiqdir.

Qodirov Omon,
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi