SALAFI SOLIHLARIMIZNING RO‘ZAGA MUNOSABATLARI

33

Salafi solihlarimiz[1] ergashishda cho‘qqilar, iqtido qilish va Robbining hidoyatiga yurishda yorug‘ mash’al edilar. Hayotlarining har bir katta-kichik ishida, turmushlarining barcha jihatlarida Payg‘ambarlarining sunnatini izlar, Rasullarining yo‘lini tutar edilar. Shu bois ular “eng yaxshi asr” sharafiga sazovor bo‘ldilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatdosh bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldilar va ana shu ergashish sababli buyuk yutuqlar hamda ajoyib g‘alabalarga erishdilar.

Shuning uchun, azizlar, biz ham ularning siyratlarini o‘qishimiz, holatlarini o‘rganishimiz lozim. Toki ular yurgan yo‘ldan yuraylik, ular erishgan ulug‘likka yetaylik va ular qoldirgan yaxshilikka musharraf bo‘laylik. Ulug‘ zotlarning hayotlari turlicha, ammo bu maqolada ularning ro‘za borasidagi holatlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Salafi solihlarimizning ro‘zadagi hollari eng go‘zal hollardan edi. Ramazon oyi kelganda yuzlari tirishmas, qalblari siqilmas, ro‘za ibodatidan malol olmas edilar. Chunki ular uchun butun yil go‘yo ro‘za edi. Ha, ular ro‘zaning fazilatini, uning ulug‘ ajru savobini anglab yetgan edilar. Chunki Alloh taolo qudsiy hadisda[1] marhamat qiladi: «Odam bolasining har bir amali o‘zi uchundir, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men beraman» (Buxoriy rivoyati).

Qanday qilib ro‘zadan xursand bo‘lmasinlar?! Alloh taolo “u Men uchundir va uning mukofotini Men beraman” deb tursa! Bundan ortiq qanday sharaf bo‘lishi mumkin? Shuning uchun ular ro‘za ibodatida musobaqalashar, yil davomida ham ko‘p ro‘za tutar edilar, albatta shariat man etgan kunlar bundan mustasno.[i]

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumo aytadi: “Otam meni nasabli bir ayolga uylantirdi. U xotinimning holidan xabar olar, undan men haqimda so‘rar edi. U: ‘Juda yaxshi inson, ammo bizga yaqinlashmaydi, to‘shakka kelmaydi’, der edi. Bu hol uzoq davom etgach, otam bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam meni chaqirib: ‘Qanday ro‘za tutasan?’ deb so‘radilar. Men: ‘Har kuni’, dedim. ‘Qur’onni qanday xatm qilasan?’ dedilar. ‘Har kecha’, dedim. U zot: ‘Har oy uch kun ro‘za tut va Qur’onni har oyda bir marta xatm qil’, dedilar. Men: ‘Bundan ko‘proqqa qodirman’, dedim. Shunda u zot: ‘Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut: bir kun tutib, bir kun och’, dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu safarda ro‘za tutmas, ammo muqim holda deyarli og‘iz ochmas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Salmon Forsiy bilan Abu Darda roziyallohu anhumo o‘rtasida birodarlik o‘rnatgan edilar. Salmon Abu Dardoning uyiga borganda, uning ayoli parishon holda ekanini ko‘rdi. Sababini so‘raganda, u: “Birodaringiz dunyoga qiziqmaydi”, dedi. Keyin Abu Darda kelgach, taom keltirdi. Salmon: “YE”, dedi. Abu Darda: “Men ro‘zadorman”, dedi. Salmon: “Sen yemasang, men ham yemayman”, dedi. U yeb qo‘ydi. Kechasi ibodatga turmoqchi bo‘lganda, Salmon unga dam olishni buyurdi. So‘ngra ikkovlari namoz o‘qidilar. Salmon: “Albatta nafsingning senda haqqi bor, Robbingning senda haqqi bor, oilangning senda haqqi bor. Har bir haq egasiga haqqini ber”, dedi. Bu hol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga aytilganda, u zot: “Salmon to‘g‘ri aytdi”, dedilar (Termiziy rivoyati).

Ular bilishar ediki, bu dunyoda Alloh uchun chanqagan inson oxiratda chanqamaydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ro‘zadorlar uchun jannatda ‘Rayyon’ nomli eshik bor. Undan faqat ro‘zadorlar kiradilar» (Ibn Xuzayma rivoyati).

Shuningdek: «Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yil uzoqlashtiradi» (Buxoriy rivoyati).

Salafi solihlar faqat taom va ichimlikdan tiyilib qolmas, balki tillarini ham harom va qabih so‘zlardan saqlar edilar. G‘iybat, bo‘hton, janjal va haqoratdan uzoq edilar. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Ro‘za qalqondir. Bas, ro‘zador yomon so‘z aytmasin va johillik qilmasin», degan hadislariga amal qilar edilar (Buxoriy rivoyati).

Ular farzandlarini ham ro‘zaga o‘rgatar edilar. Rabi’a bint Mu’avviz roziyallohu anho aytadi: “Ashuro kuni bolalarimizni ham ro‘za tuttirar, och qolishsa, ularni o‘yinchoq bilan ovutar edik, to iftor vaqtigacha” (Muslim rivoyati).

Salaflar kunduzlari ro‘za tutib, kechalari qiyomu-llayl qilar, Qur’on tilovat qilar, zikr va istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Ramazon kelganda Qur’onni yanada ko‘proq o‘qir edilar. Qatoda rahimahulloh odatda har yetti kunda Qur’onni xatm qilar, Ramazonda har uch kunda, oxirgi o‘n kunda esa har kechada xatm qilar edi.

Ular iftorlarini ham kambag‘al va muhtojlar bilan baham ko‘rar edilar. Ibn Umar roziyallohu anhu faqat miskinlar bilan birga iftor qilar, agar bundan to‘silsa, o‘sha kecha taom yemas edi.

Ular dunyo uchun emas, balki ro‘zadagi chanqoq kunlar va tungi ibodatlar uchun yashar edilar. O‘lim oldida ham dunyoga emas, balki ro‘za va qiyomu-llayldan[1] ajralayotganiga afsus chekkanlar.

Mana shunday edi salaflarning ro‘zaga munosabati. Ular ro‘zani faqat ochlik va chanqoqlik deb bilmas, balki qalbni poklash, nafsni tarbiyalash, Robbiga yaqinlashish vositasi deb bilar edilar.

Endi o‘zimizdan so‘raylik: biz qayerdamiz? Ular kabi ro‘zani asray olyapmizmi? Ular kabi tunlarimizni ibodat bilan o‘tkazyapmizmi? Ular kabi faqat miskinlar bilan iftorlik qiliyapmizmi?

 

[i] Ro‘za tutish man’ qilingan kunlar – ro‘za hayiti kuni, qurbon hayiti kuni va undan keyingi uch kun, hammasi bo‘lib besh kun.

Mazkur kunlarda ro‘za tutish man’ qilingan. Shuning uchun, u kunlarda tutilgan ro‘zani ham ochib yuborish kerak bo‘ladi. Binobarin, o‘sha ochib yuborilgan nafl ro‘zaning qazosi tutilmaydi.

Mahmudov O’tkir,
Xoja Buxoriy ta’lim muassasasi o’quv ishlari bo’yicha mudir o’ribosari