QUR’ON O‘QISH FAZILATI  

28

Qur’on Allohning kalomi bo‘lib, uni tilovat qilishlik buyuk ibodatlar qatoridan joy olgan va insonga ikki dunyoda manfaat keltiradigan amali solih hisoblanadi. Bu kitobni o‘qish ba’zi joylarda farz, ba’zi joylarda vojib, ba’zi joylarda sunnat, ba’zi joylarda mustahab hisoblanadi. Masalan, eng buyuk ibodat hisoblanmish namozda qiroat qilishlik farz, namozda zam sura qilishlik vojib, taroveh namozlarida qiroat qilishlik esa sunnat, doimiy qiroat qilib yurishlik esa mustahab amali hisoblanadi. Lekin bularni savobi esa Allohning nazdida tengdir sababi o‘zining kalomi bo‘lganligi uchun. Samoviy kitoblar ichida Qur’on eng oxirgisi bo‘lsada savob jihatidan va davri qiyomatgacha hukm chiqarishlikda eng so‘ngi kitob hisoblanadi. Bu kitobni davri qiyomatgacha o‘zgarmasdan hukm chiqarishligining sababi, bu kitob 14 – asr bo‘libdiki, umuman o‘zgarmagan va o‘zgartirilmagan holda bizgacha yetib keldi, bundan keyin ham o‘zgartirilmaydi. Robbimiz Alloh bu haqda Hijr surasining 9-oyatida shunday marhamat qiladi: “Albatta, zikrni Biz nozil qildik va albatta uni biz muhofaza qilurmiz”. Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ldiki Qur’on tilovat jihatidan ham hukum jiqatidan ham amal jihatidan ham tengsiz kitobdir. Bunday kitobni tilovat qilmasalik, savobidan bahramand bo‘lmaslik va ikki dunyodagi beriladigan maqomidan mahrum bo‘lishlikni nima deb baholash mumkin? O‘zini musulmonman deb qiyomat kuni Allohning azobidan qo‘rqib uni jannatidan umudvor bo‘lgan har bir nafs uni tilovat qilishlikka va unga amal qilmoqlikka shoshilmog‘i lozim. Alhamdulillah yurtimizda Qur’on o‘rgatish kurslarini ochilib xizmat qilishliklari fuqarolarimizni baxti hisoblanadi. Nafaqat o‘zi o‘qishligi balki farzandlariga ham o‘rgatishligi insonni buyuk maqomlarga yetmoqligiga sabab bo‘ladi. Kim Qur’on o‘qisa va uni boshqalarga o‘rgatsa, bu ummatning eng yaxshisi bo‘ladi. Ummatning yaxshisi bo‘lishlik qanchalik baxt lekin eng yaxshisi bo‘lishlik undanda chandon yaxshidir. Zero, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda habibimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:   Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga ham o‘rgatadiganlaringizdir», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyati). Qur’onni  yodlagan kishi qancha ko‘p surani yodlagan bo‘lsa, jannatda darajasi shuncha baland bo‘ladi. Abu Dovud rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:  Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Qur’onni yodlagan kishiga: «Qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shunday tartil qil. Albatta, sening (jannatdagi) manziling oxirgi qiroat qilgan oyatingacha ko‘tarilib borib oyat tugashida to‘xtaydi», deyiladi». (Abu Dovud rivoyati).  Demak kim jannatda oliy darajada bo‘lishni istasa, Qur’on suralaridan ko‘proq yodlasin. Qur’on o‘z sohibini do‘zaxga kirishdan saqlaydi. Shuning uchun Abu Umoma roziyallohu anhu: «Qur’onni yodlanglar. Chunki qalbida Qur’oni bor odamni Alloh do‘zax olovi bilan azoblamaydi», deganlar. Nima uchun bunchalik bu kitobni tilovatiga va amaliga targ‘ib bo‘linayabdi. Sababi qiyomat kuni so‘roq, azob, mukofot, kechirishlik, azoblash, shafo’at kabi masalalar ushbu kitob asosida bo‘ladi. Alloh barchamizni Qur’on o‘qishlikka va unga amal qilib qiyomat kuni jannatdagi eng oliy maqomlarga yetishligimizga o‘zi muyassar aylasin.

Bozorov Abdig‘ani,

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasi o‘qituvchisi