Kitob mutolaasi madaniyatini qayta tiklash
45

Insoniyat tarixida ilm va ma’rifat har doim taraqqiyotning asosi bo‘lib kelgan. Islom dini ham ilmga alohida e’tibor qaratgan. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyati “O‘qi!” deb boshlanishi ilm va mutolaaning naqadar ulug‘ ekanini ko‘rsatadi. Ammo bugungi raqamli dunyoda insonlar ko‘proq qisqa axborotlar va ko‘ngilochar narsalarga berilib, mutolaadan uzoqlashayotgani kuzatilmoqda. Shu bois kitob o‘qish madaniyatini qayta tiklash jamiyat oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Kitob – ilm va tafakkur manbai ekaniga aslo shubha yo‘q. Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi.
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ
“Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!”
(Zumar surasi, 9-oyat)
Kitob mutolaasi insonni bilimli qiladi, tafakkurini charxlaydi, nutqini ravonlashtiradi. Mutolaa qilgan kishi hayotni chuqurroq anglaydi va to‘g‘ri qaror chiqarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ilm talab qilishni farz darajasiga ko‘targanlar:
“Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”. (Ibn Moja rivoyati).
Demak, kitob o‘qish nafaqat madaniy odat, balki diniy burch hamdir.
Shu o‘rinda bugungi raqamli asrda mutolaaning pasayish sabablari borasida ham ayrim fikr va mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sir emaski telefon va internet inson diqqatini tez chalg‘itadi. Qisqa videolar uzoq mutolaaga bo‘lgan sabrni kamaytiradi. Natijada yoshlarda chuqur o‘qish va tahlil qilish qobiliyati zaiflashmoqda.
Qur’onda esa bunday beparvolikdan ogohlantiriladi.
فَتَكُونَ لَهُمْ قُلُوبٌ يَعْقِلُونَ بِهَا أَوْ آَذَانٌ يَسْمَعُونَ بِهَا
“(ana o‘shanda) ular uchun idrokli qalblar, tinglaydigan quloqlar bo‘lur edi”. (Haj surasi, 46-oyat)
Kitob mutolaasi aynan tafakkurni uyg‘otuvchi eng samarali vositadir.
Kitobsevar avlod, avvalo, kitobsevar oiladan yetishadi. Bolalar ko‘proq ko‘rganiga taqlid qiladi. Agar uyda ota-ona kitob o‘qisa, farzand ham shu odatni qabul qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
“Har biringiz rahbarsiz va qo‘li ostidagilar uchun javobgarsiz”.
(Buxoriy va Muslim rivoyati).
Demak, ota-ona farzandining ma’naviy tarbiyasi uchun mas’ul. Kitobga muhabbat ham shu tarbiyaning bir qismi hisoblanadi. Shuningdek maktablarda kitobxonlik tanlovlari, mutolaa soatlari va kutubxona faoliyatini kuchaytirish yoshlarni kitobga qayta oshno qiladi. Kitob o‘qigan inson ma’naviy jihatdan boyiydi, hayotga sabr va hikmat bilan qaraydi.
Xulosa qilib aytganda, kitob mutolaasi madaniyatini qayta tiklash bu ta’lim islohoti emas, balki ma’naviy uyg‘onishdir. Kitob o‘qigan avlod ongli, axloqli va taraqqiy etgan jamiyat poydevoridir. Shu bois har birimiz hayotimizda kitobga alohida vaqt ajratishni odat qilishimiz zarur.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Qodirov Omon
