Taqvo — mo‘min hayotining asosiy vazifasi

6

Taqvo buyuk axloqiy fazilat bo‘lib, u inson bilan jamiyat, shuningdek inson bilan Xoliq o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi. Shu sababli Qur’oni karimda taqvo va undan yasalgan so‘zlar axloqiy hamda ijtimoiy mazmundagi oyatlarda ko‘p bora zikr qilingan.

Taqvo deganda Allohni g‘azablantiradigan, insonning o‘ziga yoki boshqalarga zarar yetkazadigan ishlardan saqlanish tushuniladi. Taqvoning asl ma’nosi — nafsni himoyalash, uni gunohlardan tiyishdir. Allohdan qo‘rqish esa taqvoning asosi hisoblanadi. Bunday qo‘rquv Parvardigorni tanish va bilishni talab qiladi. Kim Allohni bilsa va tanisa, Undan qo‘rqadi. Kim Undan qo‘rqsa, albatta taqvo qiladi.

Taqvodor, ya’ni muttaqiy insonlar o‘zlarini Allohning dunyo va oxiratdagi azobi hamda g‘azabidan asrashga harakat qiladilar. Bu esa Allohning irodasiga bo‘ysunish, Uning buyruqlarini ado etish va qaytargan narsalaridan tiyilish orqali amalga oshadi. Zero, Alloh insoniyatni faqat foydali va xayrli ishlarga buyuradi, zararli illatlardan esa qaytaradi.

Qur’oni karimda taqvoning ko‘p zikr qilinishi uning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi:

 «Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo‘rquv bilan qo‘rqingiz va musulmon bo‘lmay dunyodan o‘tmangiz!» (Oli Imron, 102)

Taqvoning samarasini esa oxiratda ulug‘ mukofotlar va beqiyos ne’matlar bilan ko‘rish mumkin:

« Taqvo qilganlarga Robbilari huzurida ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor. Unda abadiy qolurlar. Pokiza juftlar va Alloh tomonidan rozilik bor. Va Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir.» (Oli Imron, 15)

Eng muhim jihati shundaki, taqvodor bandalar Allohning rahmatiga sazovor bo‘ladilar:

«Bizlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozgin. Biz Senga qaytdik». (Alloh) dedi: «Azobimni xohlagan kishimga yetkazurman. (Ammo) rahmatim hamma narsadan kengdir. Uni (rahmatimni) taqvoda bo‘luvchilar, zakot beruvchilar va oyatlarimizga imon keltiruvchilarga yozajakman» (A’rof, 156)

Bu oyat taqvoning muttaqiylarga xos sifat ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Yana bir oyatda esa shunday deyiladi:

«Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar!» (Baqara, 197)

Rasululloh ﷺdan: «Odamlarni jannatga olib kiradigan fazilatlar nimalardan iborat?» — deb so‘ralganda, u zot: «Allohdan taqvo qilish va yaxshi xulq», — deb javob berdilar. Yana: «Odamlarni do‘zaxga olib kiradigan illatlar nima?» — deb so‘ralganda: «Ikki bo‘sh narsa: og‘iz va farj», — dedilar.

Hasan Basriy rahimahulloh shunday deydi:

«Taqvodorlar harom qilingan narsalardan saqlanib, buyurilgan ishlarni ado qiluvchi kishilardir».

Xulosaqilib aytganda, Taqvo — mo‘min inson hayotini to‘g‘ri yo‘lga soluvchi, uning axloqi, muomalasi va e’tiqodini kamolga yetkazuvchi buyuk fazilatdir. U faqat ibodatlar bilangina emas, balki haromdan tiyilish, buyurilgan amallarni sidqidildan ado etish, so‘zda, ishda va niyatda Allohdan qo‘rqish bilan namoyon bo‘ladi. Taqvo insonni gunohlardan asrab, jamiyatda ishonch va adolatni mustahkamlaydi hamda oxiratda Allohning rahmati, rizoligi va abadiy ne’matlariga yetaklaydi.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom

ta’lim muassasasi o’qituvchisi

Muhammad Mirmaxamatov