ISROF VA UNING JAMIYAT HAYOTIDAGI SALBIY OQIBATLARI
8

Isrof — ne’matlarni me’yoridan ortiqcha va behuda sarflashdir. Isrof faqat mol-mulkka emas, balki vaqt, sog‘liq, suv, oziq-ovqat va boshqa ne’matlarga ham taalluqlidir. Dinimizda isrof qattiq qoralanadi va u barakaning ketishiga sabab bo‘luvchi illat sifatida baholanadi.
Qur’oni Karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi.” (A’rof surasi, 31-oyat). Alloh taolo bandalarga ne’matlarni ziyodasi bilan berdi, hamda bu ne’matlardan oqilona foidalanishga amr qildi, isrofdan qaytardi. Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ isrofning har qanday ko‘rinishini man etganlar. Rasululloh ﷺ tahorat olayotgan bir sahobani ko‘rib dedilar:
“Bu nima isrof?” Sahoba: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deb so‘radi. Rasululloh ﷺ dedilar: “Ha, agar oqar daryo bo‘yida bo‘lsang ham” dedilar.
(Imom Ahmad rivoyati)
Isrof turli xil bo’ladi kattami kichikmi isrof, uning hukmi esa xaromdir.
Isrof quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
- Mol-mulk isrofi — ortiqcha xarajat va dabdabalar;
- Oziq-ovqat isrofi — ovqatni tashlab yuborish;
- Vaqt isrofi — foydasiz mashg‘ulotlar;
- Tabiiy resurslar isrofi — suv va energiyani behuda sarflash.
Isrof insonni kambag‘allikka olib boradi va jamiyatda ijtimoiy muammolarni kuchaytiradi. Rasululloh ﷺ shunday deganlar:
“Isrof qilmanglar, chunki isrof barakani ketkazadi.”
(Mazmunan hadis) Xalqimiz orasida shunday bir gap bor: kim nimani xor qilsa o’sha narsaga zor bo’ladi. Agar banda Alloh bergan ne’matlarni isrof qilsa, Alloh o’sha narsalarga uni muhtoj qilib qo’yadi. Isrofning oldini olish uchun tejamkorlikga amal qilish, shukr qilish va me’yorni saqlash zarur. Payg‘ambarimiz ﷺ: “O‘rtacha yo‘l eng afzal yo‘ldir”, deb marhamat qilganlar. Isrof — inson ma’naviyatiga va jamiyat taraqqiyotiga zarar yetkazuvchi illatdir. Ne’matlardan oqilona foydalanish esa baraka va farovonlikning kalitidir.
Norboyev Hafizullo
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
