G‘IYBATNING OG‘IR ASORATI
2

Bir ayol qo‘shnisini g‘iybat qildi. Bir og‘iz gap shamoldek tarqaldi, butun qishloqqa yetdi. G‘iybat qilingan inson esa qalbida og‘ir dard tuydi, iztirobdan ko‘z yosh to‘kdi.
Kunlar o‘tdi. Ayol qilgan ishidan qattiq pushaymon bo‘ldi. Qalbida tinchlik yo‘qoldi, yuragi og‘irlikka to‘ldi. Xatosini qanday tuzatishni bilmay, bir dono zotga murojaat qildi.
Donishmand unga shunday dedi: — Bozorga bor, bir tovuq sotib ol. Uni so‘ydir va uyga qaytar yo‘lingda patlarini yulib, yo‘l bo‘ylab sochib kel.
Ayol hayron bo‘ldi, ammo donishmandning so‘zini hurmat bilan bajardi. Yo‘l bo‘ylab patlarini sochib keldi.
Ertasi kuni donishmand unga shunday dedi: — Endi kecha tashlab kelgan patlaringni yig‘ib kel.
Ayol kechagi yo‘lidan bordi. Qarasa, shamol barcha patlarni uchirib ketgan. Soatlab izladi, ammo bor-yo‘g‘i bir-ikkita patnigina topa oldi.
Donishmand unga shunday dedi: — Ko‘rdingmi, patlarni sochish oson, ammo ularni qayta yig‘ish mumkin emas. G‘iybat ham shunday: og‘izdan chiqqan gap shamoldek tarqaladi. Uning asoratini ketkazish esa nihoyatda mushkul.
G‘iybat — insonning sha’ni va or-nomusini shamolga tashlashdir. Bir og‘iz gap yuraklarni vayron qiladi, ko‘zlarga yosh olib keladi. Shamolga tashlangan patlar kabi, og‘izdan chiqqan g‘iybatni qaytarib olish mumkin emas.
Shuning uchun har bir so‘zimizga e’tibor qilaylik. Chunki og‘izdan chiqqan har bir gap — yo nur, yo zaxar.
Nilufar BERDIYEVA
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
