حدثنا أبو موسى عن ابيه عن جده  أن رسول الله صلى عليه وسلم قال :

» ما نحل والد ولدا أفضل من أدب حسن»

Abu Muso rohimahulloh  otasidan, u bobosidan hadis aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Hech bir ota farzandiga chiroyli odobdan ko‘ra afzal hadya bera olmaydi”, — dedilar.” (Imom Termiziy rivoyati. 1952-hadis)

Sharh :

Darhaqiqat, ushbu hadisda har bir ota farzandiga tuhfa qila oladigan narsalarning eng afzali bayon etilgan. Hadisda kelgan  «نحل» so‘zi hech bir evazsiz yaxshilik qilish, ehson qilish ma’nosini ifodalaydi. Qolaversa, bu so‘z gramatik jihatdan nafiy(inkor)ning ostida kelyapti, shu sababli  umumni ifodalaydi. YA’ni, chiroyli odob har qanday hadya, mukofotdan afzal ma’nosini ifodalaydi.[1]

Go‘zal odob bu hadisda mo‘min kishiga e’tiqod qilishi, bilishi va amalda bajarishi chiroyli bo‘lgan barcha narsalarni anglatadi. Go‘zal odob — bolalar bilishi lozim bo‘lgan yagona umumiy tushuncha bo‘lib, u ta’lim metodikasi, tarbiya dasturidir. U aqida, shariat, xulq-atvor va do‘stlik odoblarini qamrab oladi. Bunga zid bo‘lgan narsalarning hech biri go‘zal odobga kirmaydi. Shu bois u ota-onalarni farzandlariga go‘zal odob o‘rgatishga rag‘batlantiradi va bunga undaydi. Bu ish vojib hukmidadir, chunki boshqa hadisda: «Har biringiz qo‘riqchisiz va qo‘riqlaganingiz uchun mas’ulsiz» deyilgani kabi, qiyomat kuni ota-onalardan farzandlariga go‘zal odob bergan-bermagani haqida so‘raladi.

Ota farzandiga ko‘ngil xohlagan barcha ne’matlarni berishi mumkin, ammo agar u bilan birga go‘zal odob bermasa, fitratdan chetga chiqib ketadi. Agar ota farzandini Alloh bilan e’tiqod va xulq jihatidan tanishtirmasa, kim tanishtiradi? Agar unga odamlarning qo‘li va tilidan omon bo‘lish diniy burch ekanini ko‘rsatmasa, kim ko‘rsatadi? Agar ota-ona, qarindoshlar va qo‘shnilarga yaxshilik qilish odobini o‘rgatmasa, kim o‘rgatadi va kim bunga majbur qiladi? Agar unga ne’mat kelganda qanday shukr qilishni o‘rgatilmasa, uni kim shukrga tarbiyalaydi? Agar ketma-ket musibatlar kelib, mol-mulk, jon va hosillar ketib qolsa, u nima qiladi? Og‘riqlar, kasalliklar, muvaffaqiyatsizlik va mag‘lubiyatlar ko‘payganda-chi? Aynan shunday holatlarda odob tarbiyasi o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu ta’sir umrning oxirida yoki faqat yoshlik davrida emas, balki bolalikdan boshlanishi kerak. Chunki, haqiqatlar inson qalbiga singib, unga aralashsa, odatga va kiyimga aylanadi. Shu kiyim bilan u hayot va odamlarning ayb-sifatlarini yopadi hamda hayotning o‘zgarishlariga bardosh beradi. U shodlikda ham, g‘amda ham yordam beradigan odob zaxirasiga ega bo‘ladi. Go‘zal odobning eng oliy namunasi Qur’oni karimda Luqmonning o‘g‘liga qilgan vasiyatlarida ham o‘z ifodasini topgan:

«Ey o‘g‘lim, Allohga shirk keltirma, albatta shirk ulkan zulmdir». Ey o‘g‘lim, namozni to‘kis ado et, yaxshilikka buyur, yomonlikdan qaytar va o‘zingga yetgan musibatlarga sabr qil. Albatta, bu azm etilajak ishlardandir. Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma va yer yuzida kibr-la  yurma. Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoqlarni sevmaydi». (Luqmon, 13–18-oyatlar)

Hadisda kelgan go‘zal odob so‘zi umumiy ma’noda bo‘lib, nafsni, aqlni, tanani va sezgi a’zolarini tarbiyalaydigan, fitrat va didni poklaydigan barcha narsalarni o‘z ichiga oladi. Bu — Qur’on va siyrat, ilm va san’at, hunar, halol kasb va savdo, odamlar bilan muomala va muloqot madaniyati bo‘lishi mumkin. Qaysi shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, u odob bo‘lishi uchun bola bunga singib ketishi, unga odatlanishi, uyda va maktabda shu asosda tarbiya topishi, munosib ustozlar nazorati ostida bo‘lishi, tinimsiz mehnat qilishi va doimiy yo‘naltirib turilishi lozim.[1]

 

Manbalar asosida:

O‘. Maxmudov tayyorladi

[1] “Nahlatul adab ” Doktor Muhammad Alaviy