NAJOT VA RAHMATGA OLIB BORUVCHI OY

9

Rajab hijriy-qamariy taqvimning yettinchisi bo‘lib, “Ashhurul-hurum” deb atalgan to‘rt muqaddas oydan biridir. Bu oyda “Rag‘oyib va Me’roj” номли ikki muborak kecha bor.

Qur’onda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:            “Albatta, osmonlar va yer yaratilgan kundan beri Allohning nazdida oylar soni o‘n ikkidir. Ularning to‘rttasi ulug‘ oydir…” (Tavba surasi, 36-oyat).
Bu to‘rt ulug‘ oy: Zulqa’da, Zulhijja, Muharram va Rajab. Demak, Rajab – Alloh tomonidan hurmatli qilib qo‘yilgan oylardan biridir.
Ushbu muborak oyga bog‘liq bir necha ma’lumotlar bor. Ularning ba’zilari mazkur oyning harom oylardan biri ekanini bayon etadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul-Haromni qasd qilib chiqqanlarni o‘zingizga halol hisoblamanг” (Moida surasi, 2-oyat). Ushbu oyatdagi “harom oy”dan murod Rajab, Zulqa’da, Zulhijja va Muharram oylaridir. Bu oylarda urush qilishni Alloh taolo harom qilgan. Mazkur to‘rt oyda agar urush qilinsa, Allohning hukmini o‘zgartirib, harom narsani halol hisoblash bo‘ladi. Binobarin, bu katta gunohdir. Alloh taolo “Moida” surasining 97-oyatida yana shunday marhamat qiladi: “Alloh Ka’bani–Baytul-Haromni, harom oyni, hadiyni va osiladigan belgilarni odamlar uchun asos qilib qo‘ydi”.

Ulamolarimiz, oyati karimaning ushbu jumlasini dinga va haj ibodatlariga asos qilib qo‘ydi, degan ma’noda ta’vil qiladilar. Haqiqatda ham Islom dini asoslari, haj ibodati Makkai mukarramaga, haramga, Ka’baga chambarchas bog‘liqdir.

Harom oyni asos qilib qo‘yishiga kelsak, buni urush harom qilingan oylar – Zulqa’da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylarini yaxshilik asosi qilib qo‘yilishi deb tushunish kerak. Bu oylarda johiliyat vaqtida ham urushlar taqqa-taq to‘xtagan. Arzimagan narsa uchun o‘n yillab urush qiladigan badjahl arab qabilalari ham bu oylar kirishi bilan o‘zlarini tiya olar edilar. O‘g‘il otasining qotilini ko‘rib qolsa ham, unga bu oylarda bir og‘iz so‘z aytmas edi.

Bir yilda to‘rt oyni urushsiz oy deb e’lon qilish butun dunyo tinchligini ko‘zlab qo‘yilgan ajoyib asos edi. Haramayni sharifayn makon jihatidan tinchlik-omonlik mintaqasi bo‘lsa, urush harom qilingan to‘rt oy zamon jihatidan tinchlik-omonlik davri edi.

Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z hajlarida xutba qilib: “Albatta, zamon Alloh osmonlaru yerni xalq qilgan kunidagi hay’atiga qaytdi. Bir yil o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rti harom oylardir. Uchtasi birin-ketin: Zulqa’da, Zulhijja va Muharram. Va Jumado va Sha’bon orasidagi Muzarning Rajabi”, dedilar”. Uchovlari rivoyat qilgan.

Bu rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajida hayit kuni qilgan xutbalaridan bir parcha keltirilmoqda.

Rajab oyida quyidagi tarixiy voqealar yuz bergan:

– Yer yuzini suv bosgan to‘fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo‘lgan;

– Mashhur qavlga ko‘ra, Isro va Me’roj voqeasi rajab oyida sodir bo‘lgan.

Bu oyning yana bir nomi “Shahrul mutohhar”, ya’ni “poklanish oyi”dir. Rajab oyi tavba qilish va hurmat oyidir. Sha’bon esa muhabbat va hikmat oyi. Ramazon oyi yaqinlik va ne’mat oyidir.

Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Besh  kecha  borki,  unda  duolar  rad  etilmaydi: rajab oyining  avvalgi  kechasi; sha’bon oyining  yarmidagi  kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).

 Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ، قَالَ: «اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ».

“Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona” (Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar. (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Ma’nosi: “Allohim! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin

“Ramazon oyiga yetkazgin”, deb duo qilish Ramazon oyiga mushtoq bo‘lishdir. Ushbu duo Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan sahih sanad bilan sobit bo‘lgandir. Shuning uchun ham rajab oyi kirganda ushbu duoni qilish sunnat hisoblanadi. Mazkur duoning sunnat ekanini bilmagan kishi uchun Rajab oyi kirganida uni o‘qimaganlar rajab oyining qaysi kuni bu amal sunnat ekanini eshitsa, o‘sha kuni o‘qisa bo‘laveradi. Aytish jozki, bundan boshqa xalq orasida rajab oyida qilish kerak, deb tarqalgan amallarning barchasining asli yo‘qdir.

Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

Rajab oyi uchun xos ibodatlar emas, balki umumiy ibodatlarni ko‘paytirish, gunohdan qaytish, sadaqa va zikr bilan mashg‘ul bo‘lish muhimdir. Rajab Allohning oyidir. Bu oyga hurmat ko‘rsatganlar uchun Alloh dunyo va oxiratda hurmat ko‘rsatishidan umidda bo‘lish muhimdir.

Rivoyatlarda keltirilishicha, Rajab – jannatdagi sutdan oq, boldan shirin bo‘lgan bir nahrning nomi ekanligi, qiyomat kuni uning suvidan Rajab oyida ro‘za tutganlar ichishlari haqida xabar berilgan.

Zinnul al-Misriy shunday degan:

“Rajab oyi urug‘ ekish, Sha’bon oyi uni sug‘orish, Ramazon oyi esa hosil olish oyidir. Hamma ekkanini yig‘adi. Urug‘ ekmagan odam hosil davrida qattiq pushaymon bo‘ladi”.

Olimlardan yana biri shunday deydi:

“Sano daraxt kabidir. Rajab oyi daraxtning barglari bo‘lsa, Sha’bon mevasi, Ramazon esa hosilni yig‘ishdir. Rajab oyi Allohning mag‘firati, Sha’bon shafoati, Ramazon esa savoblari cheksiz bo‘lgan oydir”.

Ulamolardan biri esa: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan.

Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!

 

Manbaalar asosida Nilufar BERDIYEVA tayyorladi

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i