PORAXO‘RLIK INSONIYAT TANAZZULIGA YO‘L

14

Insoniyat qadim zamonlardan beri duch kelayotgan ijtimoiy illatlardan biri — pora ofatidir. Bu kasalliksimon hodisa ijtimoiy adolatni o‘rnatishga to‘sqinlik qiluvchi omillardan bo‘lib, jamiyatda zaif tabaqalarga hukmronlik qilish vositalaridan biriga aylangan.

Hozirgi kunga kelib yangi ko‘rinishda, zamonaviy texnologiyalarga mos uslublar bilan namoyon bo‘lmoqda. Bu holat davlat bilan bog‘liq muomalalarni tashkil etish va targ‘ib qilish orqali, har xil yo‘llar bilan nohaq mol yeb qo‘yishni o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, davlat xizmatchisi o‘z mehnati uchun maosh olishiga qaramay, xizmat ko‘rsatish jarayonida fuqarolardan, ayniqsa tirikchilikka zo‘rg‘a imkoni yetadigan kambag‘allardan, «sovg‘a» yoki boshqa nomlar ostida noqonuniy ravishda pul olishi va ochiq-oydin nohaq mol yeb qo‘yishdir.

Zaif tabaqalar esa bunday sharoitda faqat qonun himoyasidan umid qiladilar. Ammo pora avj olgan muhitda bu himoya amalga oshmaydi, chunki qonunlar hukmron tabaqalar nazoratiga o‘tib ketadi. Bu esa zaiflarning zulm ko‘rishi, huquq va imkoniyatlarining poymol etilishidan aziyat chekishda davom etadi.

Shu sababli Islom dini pora masalasiga juda qattiq e’tibor qaratgan, uning uchun og‘ir jazolar belgilagan, Alloh taoloning g‘azabi va rahmatidan mahrum bo‘lish bilan ogohlantirgan. Chunki pora jamiyatning parchalanishiga, tabaqalar o‘rtasida adolatsizlik, korrupsiya va fasodning kengayishiga sabab bo‘ladi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo bunday xabar qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, uni tashlab ham qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh uning hojatida bo‘ladi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi Kim musulmondan bir tashvishni aritsa, Alloh undan Qiyomat kunining tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh Qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, dedilar”.

Haqiqiy musulmon kishi nafaqat musulmon birodariga, balki barcha odamlarga rahmdil va mehribon bo‘ladi. Ushbu sifatlarni o‘zida jamlagan mo‘min birodarlariga zulm yoki xiyonat qilishi, ularga zulm etilishiga sababchi bo‘lishi mumkin emas. Balki doimo odamlarning tashvishini aritish va og‘irini yengil qilish harakatida bo‘ladi.

Amaldor poradan saqlash maqsadida Islom hatto qozining bozorga chiqib savdo qilmasligini buyurgan, toki sotuvchilar unga arzon narx taklif qilib, uning adolatiga ta’sir o‘tkazmasin. Bu musulmonlar o‘rtasida haqiqiy adolatni ta’minlash uchundir. Bugungi kunda esa jamiyatimizda har xil fasodlar, jumladan nohaq mol yeb qo‘yishning barcha shakllari keng tarqalgan.

Bu holat inson xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uni axloqiy tanazzulga yetaklaydi va Alloh taolo bandalari uchun belgilab bergan kamol va yuksalish yo‘lidan uzoqlashtiradi.

Musulmon o‘zi zarar ko‘rmaydi va o‘zgaga ham zarar bermaydi, ham dunyosini, ham dinini saqlashi uchun poraxo‘rlik kabi barcha illatlardan saqlanadi.

Xalikov Nurullo, Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi