O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash

10

Bugungi kunda korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan eng dolzarb muammolardan biridir. U davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Avvalo biz korrupsiya o’zi nima ekanligini anglab olishimiz kerak. Bu haqida “Korrupsiyaga qarshi kurash” qonunida quyidagi ta’rif keladi:

Korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish. (O’zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurash” qonuni 3-moddasidan)

Korrupsiya, avvalo, adolat tamoyillarini buzadi. Mansab yoki pul evaziga ish bitirish holatlari fuqarolarning qonunga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Natijada jamiyatda tenglik yo‘qolib, halol mehnat bilan natijaga erishish qiyinlashadi. Bu esa yoshlarning kelajakka bo‘lgan umidiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababdan korrupsiya davlatni ichidan yemiradi.

O‘zbekistonda korrupsiya ko‘pincha mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora berish va olish, shuningdek tanish-bilishchilik bilan bog‘liq.Korrupsiyaning oqibatlari esa juda jiddiy: adolat va tenglik yo‘qotib yuboradi, iqtisodiyot sekinlashtiradi, davlat mablag‘lari noto‘g‘ri sarflanishiga sabab bo’ladi. Jamiyatdagi ishonch susayadi va yoshlar halollik va mehnatga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.

Korrupsiyani qanday bartaraf etsa bo’ladi?

Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.

Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan.

Xulosa qilib aytganda, Korrupsiya nafaqat jamiyatning adolatliligini buzadi, balki iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga ham to‘sqinlik qiladi. Shu sababli unga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi muhim. Biroq bu faqat davlat organlari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Har bir fuqaro, ayniqsa yoshlar, halollik va adolat tamoyillarini targ‘ib qilishi orqali korrupsiyaga qarshi kurashda faol rol o‘ynashi mumkin. Faqat birgalikda biz adolatli va taraqqiy etgan jamiyatni barpo etishimiz mumkin.

 

Foydalanilgan manbalar:

https://old.anticorruption.uz/;

https://lex.uz/;

O’zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash to’g’risidagi qonun

2-kurs talabasi Atavullayev Ziyovuddin