XUDKUSHLIK — OG‘IR GUNOH
55

Hayot Alloh taolo tomonidan bandalarga berilgan ulug‘ ne’mat bo‘lib, uning qadr-qimmati Qur’oni karim va hadisi shariflarda yuksak darajada ulug‘langan. Inson hayotini Alloh taolo buyurganday go‘zal tarzda, yaratgan Robbiga isyon qilmasdan o‘tkazmog‘i lozim. Shu bilan birga hayot Alloh taoloning insonga bergan vaqtinchalik omonatidir. Shuning uchun inson omonatga xiyonat qilmasligi lozim. Bugungi kunda bu omonatga xiyonat qilishning zamonamizda keng tarqalgan daxshatli ko‘rinishlaridan biri bu- xudkushlikdir. Eng achinarli jihati bu illatni Islom diniga bog‘lab, din nomidan amalga oshirilishidir. Ilmga ega bo‘lmagan kishilarni aldov yo‘li bilan shahidlik da’vosi asosida xudkushlikka undashmoqda. Vaholangki, aldovga uchgan shahidlik orzusida bo‘lgan kishilar ilm egalari bo‘lgan zotlarga ergashganida va Alloh farz qilgan miqdorda dinidan o‘rganganlarida bunday fitnaga aldanib qolmas edilar. Eng achinarli holat shuki, bunday razil illatga aldanganlar o‘zlariga portlovchi moddalar bog‘lab, masjidlar, madrasa-maktablar va jamoat joylarini portlatib yubormoqdalar. Zero, insonning o‘z hayotiga suiqasd qilishi-xudkushlik harakati- Islom aqidasi va shariatida og‘ir gunoh hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimning Niso surasining 29-oyatida: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang.Albatta Alloh sizlarga rahmlidir” deb marhamat qiladi. Inson o‘z hayotiga suiqasd qilish orqali nafaqat shaxsiy qadr-qimmatiga, balki Allohning irodasiga qarshi chiqadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan sahih hadisda: “Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, qiyomat kunida o‘sha zahari qo‘lida, uni ichgan holda Jahannam olovida abadiy qoladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha temir parchasini qorniga suqqan holida Jahannam o‘tida abadiy qoladi. Kim tog‘ tepasidan tashlab o‘zini -o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O‘zini biror narsaga urib o‘ldirgan kimsa, do‘zaxga o‘zini urib azoblaydi. O‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan kimsa, jahannamda ham o‘zini o‘zi bo‘g‘ib azoblaydi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deb marhamat qiladilar. Ushbu hadis xudkushlikning oqibatlari naqadar og‘ir ekanini ochiq ifodalaydi.
Shunday ekan, Xudkushlik — nafaqat shaxsiy hayotga, balki jamiyatga ham zarar etkazadigan og‘ir gunoh. Islomda inson hayoti muqaddas hisoblanadi va uni saqlash — eng ulug‘ vazifalardan biri. Musulmon inson o‘ziga tushnarsiz bo‘lgan diniy masalalarni o‘z diyoridagi ulamolardan so‘rab o‘rganmog‘i va ularga ergashmog‘i lozim. Shunda jamiyatda tinchlik- barqarorlik va taraqqiyot qaror topadi.
Muzaffar QOSIMOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
